BMT: Liviyada fuqarolar urushi avj olishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Liviyada BMT dastagidagi hukumat kuchlari general Xalifa Xaftar qo'shinlariga qarshi jang qilmoqda. Tripoli, 21-may, 2019-yil.

“Liviya fuqarolar urushi yoqasida turibdi. Nizolar mamlakatning bo’linib ketishiga sabab bo’lishi mumkin”, - deya bayonot berdi BMTning Liviya bo’yicha maxsus elchisi Hasan Salomiy.

Liviyada so’nggi to’qnashuvlar mamlakat sharqida nazorat o’rnatgan general Xalifa Xaftarning 4-aprel kuni poytaxt Tripolini egallash da’vosi bilan boshlangan. BMTning Ramazon oyi munosabati bilan sulh tuzish taklifi amalga oshmadi.

Diplomat Salomiy Liviyaga qarshi joriy qilingan qurollanishni taqiqlovchi xalqaro embargoni har ikki tomon ham poymol etayotganini ta’kidladi.

“Ayrim mamlakatlar ixtiloflarda ishtirok etayotgan tomonlarga qurol yetkazib bermoqda. Yuzlab odamlarning qoni to’kilmoqda”, - dedi Salomiy.

Elchi, shuningdek, qurol-yarog' yetkazib berishga qarshi e’lon qilingan embargo talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Salomiyga ko’ra, liviyaliklar oylab yoki yillab davom etish ehtimoliga ega to’qnashuvlarni boshlash qarorini qabul qilgan. Fuqarolar urushi avj olishi, hatto mamlakat bo'linib ketishi ham mumkin, deydi u.

Salomiy jahon hamjamiyatini o’zaro kelishgan holda Liviya muammosiga zudlik bilan munosabat bildirishga chaqirmoqda. Diplomat BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, qurolli to’qnashuvlarni to’xtatish bo’yicha chora ko’rishni so’ragan. Elchi Liviyada kurashayotgan tomonlardan BMTning maxsus guruhi bilan aloqalarni tiklash, harbiy harakatlarni to’xtatish va xalqaro tashkilot yetakchiligidagi siyosiy jarayonlarga qaytishni so’ramoqda.

Diplomat vaziyat nazoratga olinmasa, mamlakatdagi beqarorlikning oqibatlari og’ir bo’lishidan ogohlantirdi.

Salomiyga ko’ra, mamlakatdagi vaziyat terrorchi guruhlarning kirib kelishi uchun qulay zamin yaratadi. Shuningdek, Muammar Qaddafiy o’limidan keyingi markaziy hokimiyatsiz kechgan sakkiz yil mobaynida beqarorlikni avj oldirgan ayrim shaxslar fursatdan foydalanib qolishga intiladi.

Mamlakat janubida allaqachon “Islomiy davlat”ning qora bayroqlari ko’zga tashlanmoqda, deydi Salomiy. Yaqinda yuz bergan ikki terror xuruji 17 kishining o’limiga sabab bo’lgan.

Liviyadagi so’nggi to’qnashuvlar mamlakatda o’tkaziladigan saylovlar arafasida tomonlar o’rtasida murosa o’rnatish bo’yicha belgilangan muzokaralarni to’xtatib qo’ydi.