“Nutqimni xushxabar bilan boshlasam: O’zbekiston so’nggi 13 yil ichida ilk bor “alohida xavotirga molik davlatlar” ro’yxatida emas”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
AQSh Davlat departamenti 21-iyun kuni diniy erkinlik bo’yicha xalqaro yillik hisobotni taqdim etdi. 2018-yil sarhisobi.
“O’zbekiston hukumati diniy erkinlikni ta’minlash bo’yicha yo’l xaritasini ishlab chiqdi. 1500 ga yaqin diniy mahbuslar ozod etildi. Qora ro’yxatda bo’lgan 16 ming nafar sobiq diniy mahbusga erkin sayohat qilishga ruxsat berildi”, - dedi Pompeo.
Lekin mamlakat hamon kuzatuvda. Davlat kotibi O’zbekistonda mazkur sohada amalga oshirilishi kerak bo’lgan qator ishlar borligini ta’kidladi. Diniy erkinlikni ta’minlashga doir huquqiy islohotlar davom etishi lozimligini aytdi. Xususan, Vashington yanada ko’proq guruhlarning diniy erkinligiga zamin yaratilishi va bolalarning masjidlarga erkin kiritilishiga ruxsat berilishidan umidvor.
Hisobotda Shimoliy Koreya, Eron, Rossiya, Myanma, va Xitoy diniy erkinlikka jiddiy tahdid solayotgan hukumatlar sifatida qoralanadi.
Bunday hisobot 1998-yildan beri chiqadi. Hujjat Kongressga taqdim etiladi.