Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) etnik ozchilik masalalari bo‘yicha Oliy komissari Lamberto Zanner Tojikistonda Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashdi. Shuningdek, mamlakatdagi o‘zbeklar jamoatchilik tashkilotlari rahbarlari bilan ham muloqotda bo‘ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Oliy komissar bilan suhbatlashar ekan, O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari o’rtasidagi munosabatlarning yaxshilangani mahalliy o‘zbeklarga bo’lgan munosabatni ham kuchaytirdi, deydi Tojikiston O‘zbeklar jamiyati raisi Muharram Mirzoaliyeva.
"Biz juda og‘ir ahvolda edik. O‘zbek-tojik bir bo‘ldik. O‘ttiz yildan beri ochilmagan yo‘llar ochildi. Bir milliondan ko‘p o‘zbek Tojikistonda yashaydi. Ular ikki prezidentni Nobel mukofotiga loyiq deb biladi. Shunday taklif bilan chiqqan bular, deb aytdim", - deydi jamiyat raisi.
Suhbatdoshning aytishicha, ko‘plab o‘zbek maktablari tashabbus bilan chiqib, tojik tilida ta’lim olmoqda.
"O’shanda o‘zimizning o‘zbeklar juda katta xato qilgan. O‘z xohishlari bilan tojikchaga o‘tib ketgan. Shahrituz tomonlarda uch yil ilgari boshlangan bu tashabbus. Bunga qarshi chiqish ham og‘irroq. 4800 ta maktabdan 347 tasida ta’lim o’zbek tilida. Qaysinisi o‘tayotgan paytda bizga aytgan bo‘lsa, yugurib borganmiz, shundayicha o‘zbek tilida qolib ketgan.
Bir kuni "Iskra" kolxoziga ketayotsak, "Biz juda yaxshi ish qildik, hammasini tojik tiliga o‘tkazib yubordik", dedi maktabning o’quv ishlari bo’yicha mudiri. Shu yuragim to‘xtab qolay dedi", - deydi Muharram Mirzoaliyeva.
Tojikiston Maorif va ilm vazirligi birinchi o‘rinbosari Rahmatullo Mirboboyev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda 77 ta sof o‘zbek tilida va 426 ta tojik-o‘zbek tilida ta’lim beriladigan umumta'lim maktablari mavjud. Mamlakat bo‘yicha o‘zbek tilida ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni 130 000 nafarga yetadi.
Oliy komissar Zanner So’g‘d viloyatidagi "O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi" jamoatchilik tashkilotiga ham tashrif buyurib, markaz rahbarlari bilan uchrashdi, tashkilot maqsadi hamda faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Markaz raisi, pedagog olim Ilhom Yusupov YXHT tashrif va muzokaralar haqida shunday deydi:
"Lamberto Zannerning mamlakatimizga qilgan safari chog‘ida bizning markazga ham kelishi va bizning muammolarimiz bilan qiziqishi, albatta, quvonarli hol bo‘ldi. Kamchiliklarni ko‘rsatib, yutuqlarni e’tirof etadigan mana shunday tashkilotlarning borligi ayni muddao.
Bizning faoliyatga keladigan bo‘lsak, milliy masalada ham kamchiliklar yo‘q deb bo‘lmaydi. Chunki davlatni, davlatchilikni qurish paytida ba’zi bir nuqsonlarga yo‘l qo‘yilishi, kam sonli millatlarga e’tibor sust bo‘lishi tabiiy hol. Buni butun Markaziy Osiyo davlatlarida ham kuzatish mumkin. Boshqa millatli fuqarolar sonini kam ko‘rsatish bizda ham, O‘zbekiston, Qizog‘iston yoki Qirg‘izistonda ham bo’lgan.
Lamberto Zanner bilan suhbatimizda biz ko‘p quvonchli holatlarni aytdik. Markazimiz, o‘z faollari, gazeta, jurnal, adabiyoti bilan bugungi kunda dunyodagi eng katta illatlardan biri bo‘lgan odam savdosi, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashayotganini bildirdik”.
Zanner "So’g‘d haqiqati" viloyat ijroiya organi gazetasi bosh muharriri Farhod Abduvalizoda bilan ham uchrashdi. Ammo uchrashuv tafsilotlari ma’lum emas.
Mahalliy ekspertlarning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarida etnik ozchilik muammolarining hal etilishida xalqaro tashkilotlarning o‘rni sezilarli darajada emas. Xususan, Tojikistonda o‘zbeklarga munosabatning qanday bo‘lishi O‘zbekistonda tojiklarga qilinadigan munosabatga bog‘liq.