Karimova mulklari O'zbekistonga qaytishi mumkin, faqat to'liq qiymatda emas

Marhum prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova

O’zbekiston hukumati Gulnora Karimovaga tegishli mulklarning yarim qiymatda bo'lsa ham mamlakatga qaytishiga qarshi emas. Karimova mulklariga doir Fransiya va O’zbekiston o’rtasidagi kelishuv shundan darak bermoqda. Dunyoning turli davlatlarida Gulnoraga tegishli bo’lgan ko‘chmas mulklar asosan yopiq mahkama, kelishuvlar orqali yarim bahosiga sotilishi mumkinligi, O’zbekiston musodaradagi mulklarni to’liq qaytarish bo'yicha ochiq xalqaro mahkamalardan cho’chiyotgani aytilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Fransiyadagi Gulnora Karimova mol-mulklari

Fransiya sudi Gulnora Karimovaga tegishli poradan topilgan mablag’ evaziga olingan ko’chmas mulklarni sotib, tushgan mablag’ni O’zbekistonga qaytarish haqida qaror chiqardi.

Bu boradagi xabarda ta’kidlanishicha, tomonlar uzoq davom etgan muzokaralar ortidan shunday kelishuvga erishgan; O’zbekiston tomoni qo’shimcha mahkama o’tkazilishini istamagan.

Karimovaga tegishli Fransiyadagi uchta ko’chmas mulkdan biri, 31 million yevroga olingan Parijdagi hashamatli kvartira yarim bahosiga, 14 million yevroga sotilgan. Fransiya bu mablag’dan 2 millionini xarajatlar uchun ushlab qoladi.

Karimovaga tegishli qolgan ikki mulk qiymati ikki yarim million yevroga yaqin villa, 28 million yevroga baholanayotgan Fransiyadagi qasr qanchaga sotilishi hozircha noma’lum.

O’zbekiston-Fransiya o’rtasidagi kelishuv Karimovadan musodara qilingan mablag’ qiymatining yarmidan kamrog’i O’zbekistonga qaytishi mumkinligini ko’rsatmoqda.

Gulnora Karimova ishi yuzasidan mustaqil surishtiruv o’tkazib kelayotgan faol Safar Bekjon Fransiyadagi bu mulklarni borib ko’rgan.

Uning aytishicha, bu mulklar umumiy qiymatining faqat 30 foizdan oshig’i O’zbekistonga qaytishi mumkin.

“Men bu mulklarning hammasini borib ko’rganman, hisoblab chiqqanman, 100 milliondan oshiq. Hozir shu qiymatning 20-30 millioni O’zbekistonga qaytishi mumkin. Bundan ham xarajatlar O’zbekiston hisobidan ushlab qolinadi, mana Parijdagi kvartiraning o’zidan 2 million ushlab qolingan. Masalan, Fransiyadagi qasr, 28 millionga belgilangan, eski qasr, ta’mirlash majburiyati bilan olingan, ta’mirlash uchun 50 million kerak bo’lgan, juda katta qasr, me’moriy obida bo’lganligi uchun sotib olishdan avval uni ta’miri bilan shug’ullanuvchi maxsus shirkat hisobiga 48 million yevro o’tkazilgan. Bu qasrga umumiy hisobda 110 million yevro xarajat qilingan, men buni aniqlaganman joyiga borib. Hozirgi bahosiga ko’ra esa bu 28 million belgilangan, bu “suv tekin”. Ta’mirchi bilan bo’lgan shartnomaga davlat aralashmaydi, chunki bu xususiy shirkat bilan qilingan shartnoma”, - deydi Safar Bekjon.

Gulnora Karimova mulklariga doir kelishuv yuzasidan faqat Fransiya tomoni axborot tarqatgan. O’zbekiston tomoni, xususan Karimovaga tegishli xorijdagi mol-mulklar qiymati va ro’yxatini tuzib chiqqan bosh prokuratura ham bu borada biror izoh bergani yo’q. O’zbekistonda Bosh prokuror o’zgarishi ortidan prokuratura matbuot uchun yana yopiq tizimga aylangani kuzatiladi.

Safar Bekjonga ko’ra, O’zbekiston tomoni Gulnora Karimovaga tegishli mulklar ochiq savdosini o’tkazish va o’marilgan mablag’ qiymatini qaytarishga doir oshkora mahkamalardan cho’chimoqda; bu ishni imkon qadar turli kelishuvlarga borish orqali bitkazish harakatida.

“Bizdagi ma’lumotga ko’ra, turli davlatlarda Karimovaga tegishli 50 dan ortiq shunday mulklar bor. Hukumat Dubaydagi, Shanxaydagi mulklarni shunday bosti-bosti usuli bilan qaytarishga uringan. Tabiiyki, bunday holatda mulkning arzimagan miqdori qaytariladi. O’zbekiston tomoni rejimga, Karimovaga doir bo’lib o’tgan ishlarda ishtirok etgan hamma tizimlar, rahbarlarni, banklarni jazolaymiz, bu borada Fransiya, Shveysariya yoki boshqa bir davlat bilan hamkorlikda ochiq tergov o’tkazishga tayyormiz, desa bu pullarning, hech bo’lmaganda, 70 foizini qaytarish imkoniyati mavjud edi. Hozirgi holatda esa aksincha bo’lyapti. O’zbekiston hukumati o’zlashtirilgan mablag’ning 70 foiz qiymati boshqa davlatlarda qolishiga rozi. Chunki hukumat xalqaro tergov o’tkazilgan taqdirda amaldagi rahbarlarga tegishli boshqa jinoyatlar ham ochilishi, jumladan, ularga tegishli xorijdagi mulklar ma’lum bo’lishidan hadikda”, - deydi Safar Bekjon.

Gulnora Karimovga tegishli Fransiyadagi mol-mulk unga nisbatan xalqaro miqyosda boshlangan tergov harakatlari ortidan muzlatilgan edi.

Bu orada O’zbekistonda ham Gulnora Karimovaga qarshi jinoyat ishi ochildi, u uyushgan jinoiy guruhga yetakchilik qilish, davlatga yirik miqdorda zarar keltirish, pul yuvish kabi jinoyatlarda ayblanib 10 yilik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Keyinroq Gulnora Karimova xorijdagi mablag’larini qaytarishda hukumat bilan hamkorlikka tayyorligi sharti bilan bu jazo 5 yilga kamaytirildi.

Ayni paytda Gulnora Karimova Zangiotadagi ayollar koloniyasida qamoq jazosini o’tamoqda.