Amerika Qo‘shma Shtatlari Tojikistonda moddiy madaniyat obidalari, noyob inshootlarni saqlash va qayta tiklashga yordam bermoqda. Shu maqsadda AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha elchilar Jamg‘armasi (AFCP) tomonidan grantlar ajratilgan.
AQSh elchixonasidan berilgan bayonotga ko‘ra, 2001-yildan beri Tojikistonda mazkur Jamg‘arma dasturi doirasida 17 ta loyiha uchun 600 ming dollardan ziyod mablag‘ ajratilgan.
Yaqinda navbatdagi loyiha amalga oshirildi: Tojikistondagi ilk ayollar madrasasi AQSh yordami bilan qayta tiklanib, foydalanishga topshirildi.
"Boy madaniy merosga ega tojik xalqi bu merosni kelajak avlod mulkiga aylantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. 27 yillik hamkorlik davomida Qo‘shma Shtatlar jami 17 hududdagi 18 ta madaniy meros obyektini tiklashda Tojikistonga ko‘maklashdi. Men o‘ziga xos me’morchiligi bilan ajralib turadigan shunday obyektlardan bir nechtasini ziyorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Oyim madrasasining yangilanishi Tojikiston xalqining madaniy merosini tiklash yo‘lidagi kichik yordamimiz va bu so‘nggi emas",- dedi AQShning Tojikistondagi elchisi Jon Mark Pommersheim 25-iyun kuni Konibodom shahridagi mazkur madrasaning qayta foydalanishga topshirilishi marosimida.
Shimoliy Tojikistonning Konibodom tumanida joylashgan Oyim madrasasini qayta tiklash uchun Madaniy meroslarni asrab-avaylash bo‘yicha elchilar Jamg‘armasi dasturi doirasida "G‘ayrati imdod" mahalliy jamiyat tashkilotiga 2017-yilda 77 159 dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan edi.
"G‘ayrati imdod" jamiyat tashkiloti mahalliy ma’muriyat bilan hamkorlikda "Oyim" madrasasini qayta tiklash va ta’mirlash ishlarini amalga oshirdi. Madrasa Madaniyat vazirligi tasarrufidagi muzey sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Mazkur madrasa 1824-1825-yillarda mahalliy ustalar mehnati bilan qurilgan bo‘lib, unda milliy memorchilik an’analari va diniy bezaklarni kuzatish mumkin. Oyim madrasasi noyob tarixiy inshoot hisoblanib, Tojikiston hukumati ushbu madaniy yodgorlikni o‘zining tarixiy va me’moriy obyektlari ro‘yxatiga kiritgan.
"Bu yerda ilgari Oyim madrasasi bor edi. Shuni biz qayta tikladik. Endi u Madaniyat vazirligi tasarrufiga topshirildi. O‘n to‘qqizinchi asr tarixiy yodgorligi. Hamma yeri vayronaga aylangan, buzilib borayotgan edi. Bu yerda atlas va adras to‘qishni va boshqa xalq hunarlarini tashkil etishdi. Bizning loyihamiz shu yerni qayta tiklash edi... Mana O‘zbekiston bilan yo‘llar ochildi. Shu yerda xalq hunarmandchiligini tashkil etishsa, sayyohlar keladi, maktab o‘quvchilari ham kelib ko‘radi. Konibodomning o‘zida ham 53 ta maktab bor, bolalarni muzeylarga olib borishadi-ku, shunday, bu erga ham olib kelishadi. Bu loyihani AQSh elchixonasiga yozgan edik. Ularning moliyaviy ko‘magi bilan biz madrasani qayta ta’mirladik. Hukumat, Madaniyat, Sayyohlikni rivojlantirish qo‘mitasi foydalanadi endi. Biz madrasaning tomlarini, 25 ta xonalarini, hovli yuzini ta’mirladik. Qubbalari qulayotgan edi, ularni qayta tikladik", - deydi «Imdodi G‘ayrat» jamiyat tashkiloti rahbari Mavluda Bohirova.
"1820-yillarda o‘zining ilg‘or qarashlari ortidan Qo‘qon xonining ta’qibiga uchragan Mulla Mir Olim 10 yoshli qizi Bibi Oyim bilan Konibodomdan boshpana topadi. Mir Olim odamlarni ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan ruhlantiradi. Hashar yo‘li bilan masjid barpo etib, u yerda faqat ibodat qilibgina qolmasdan, yoshlarga ma’naviy va diniy ta’lim ham berdi. Binoning bir qanoti qizlarning ta’lim olishi uchun ajratilgan", - deydi mahalliy o‘lkashunoslik muzeyi direktori Abdurahmon Ismoilov.
Suhbatdoshimizning aytishicha, bu muassasa qizlar uchun Markaziy Osiyodagi mavjud ikki diniy ta’lim maskanidan biri bo‘lgan. Bunday muassasa mintaqadagi eng yirik ilm-fan markazi bo‘lgan Buxoro shahrida bo‘lgan, xolos.
"Mullo Mir Olimning vafotidan so‘ng, madrasani uning qizi Bibi Oyim boshqargan va o‘z hayotini ilm-fanga baxshida qilgan. U kishi 85 yil umr ko‘rdi", - deydi suhbatdoshimiz.
Bibi Oyimning vafotidan so‘ng, madrasa uning sharafiga Oyim madrasasi deb nomlangan.
"Oyim madrasasi turli davrlarda mahalliy jamiyat hayotida yuz bergan ayrim ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni o‘zida aks ettiradi. Madrasa ma’rifat va an’anaviy islom madaniyati gullab-yashnagan davrlarga guvoh bo‘lgan. Qizlar uchun mo‘ljallangan ta’lim muassasasi faoliyati bunga misol. Shuningdek, bolsheviklar hukmronligi va ateizm davrlarini ham bosib o‘tdi, u vaqtda madrasa bolalar koloniyasiga aylantirildi. Uni tiklash uchun mablag‘ kerak bo‘lgan vaqtda esa bir muddat bekor turdi. Amerikalik do‘stlarimiz ushbu madaniy meros obyektini ta’mirlash va qayta tiklash uchun grant ajratib, shunday xayrli ishga qo‘l urdilar. Bugungi avlod ulardan boxabar bo‘lishi lozim", - deydi mahalliy tarixchi Muyassara Ibrohimova.
Madaniyatshunos olim, falsafa fanlari nomzodi, Xo‘jand Davlat universiteti dotsenti Ravshan Usanov bu madaniy inshootlarni qayta tiklash va asrash xususda shunday deydi:
"Moddiy yodgorliklarni tiklash, ularning eski ko‘rinishdagi holatini tiklab, yangicha sharh berish, birinchidan, bu o‘zlikni anglash, o‘zlikni bilish. Bizning millatimiz, bizning xalqimiz madaniyati qayerdan boshlangan, avlodlarimiz o‘zidan nima qoldirgan, ular ham madaniyatli bo‘lganmi yo‘qmi? Madaniyatli bo‘lgan bo‘lsa, ular o‘zidan nima qoldirgan, degan masalalarni yoshlar tushunishi kerak-ku! Bugun biz ular darajasida madaniyatlimizmi, biz ularga munosibmizmi? Yoshlar shu savollarni o‘ylab ko‘rishlari kerak. Shu asosda hayotni yo‘lga qo‘yish kerak. Ular bizga asos hisoblanadi. Asos qanchalar chuqur, mustahkam bo‘lsa, uning ustiga qurilgan imorat, biz bugungi kunda qilayotgan ishlar ham shunchalar mustahkam bo‘ladi, xalqqa, millatga xizmat qiladi. O‘zlikni anglash, o‘zlikni his qilish masalasida bular katta yordam beradi".
Bilasizmi, jamiyatimizda shu tarixiy inshootlarni qayta tiklash uchun sarflanadigan mablag‘lar yangi korxonalar, zavod-fabrikalar qurishga sarflansa yaxshiroq bo‘lar edi, degan fikrlar ham mavjud. Shu masalada sizning fikringiz qanday?
"Endi u zavod-fabrikalar o‘z yo‘liga, madaniy yodgorliklarni tiklash o‘z yo‘liga-da. Hayot faqat iqtisodiyotdan iborat emas-da, madaniyatning ham o‘rni bor! Shuning uchun iqtisodiyot ham o‘z yo‘li bilan ketishi, madaniyat ham o‘z yo‘li bilan ketishi kerak. Avval iqtisod, keyin boshqa masalalar, deganda xato qilishadi. Agar buni qo‘ldan bersak, keyin ishlab chiqarish bilan qayta tiklab bo‘lmaydi. Million-million pul bilan qayta tiklab bo‘lmaydi", - deydi madaniyatshunos olim Ravshan Usanov.
Madaniy meroslarni asrab-avaylash bo‘yicha elchilar Jamg‘armasi (AFCP) dasturi doirasida Tojikistonda amalga oshirilgan avvalgi loyihalar IX asrga oid Xo‘ja Mashhad madrasasini saqlab qolish va muhofazalash, Shahrituz tumanidagi maqbara, qadimgi Panjakentdagi Quyi saroyning devoriy chizgilari, Hisordagi XVI asrga mansub Eski madrasa, Qadimgi yodgorliklar davlat muzeyining jamlanmalarini tiklash va muhofaza qilish, XVI asrga oid Mirrajab Dodxoh madrasasining noyob me’moriy yaxlitligini saqlash va himoyalash, an’anaviy tojik musiqasini saqlab qolish, Pomirda yasalgan yong‘in hunarmandchiligi an’analarini saqlab qolish, Sarazm arxeologiyasi muzeyining kellektsiyalarini himoya qilish kabilarni o‘z ichiga olgan edi.