Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin deydiki, tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojarolardan manfaatdor tomonlar bor. Ammo qonli to‘qnashuvlarga olib kelayotgan fitnalar "uchinchi kuch" tomonidan tashkil etilayotganligini rasman tasdiqlay olmasligini ham ta’kidladi.
“Men tojik-qirg‘iz chegarasidagi mojarolarga “uchinchi kuch” aloqadorligini rasman tasdiqlay olmayman. Ammo chegarada vaziyatni beqarorlashtirishdan foyda ko‘radigan guruhlar mavjud. Bugun biz uchun eng muhim narsa davlatlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishidir",– dedi Sirojiddin Muxriddin 2-avgust kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Your browser doesn’t support HTML5
Tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, davlat chegaralarini demarkatsiya qilish juda qiyin masala. Tojikiston va Qirg‘iziston 17 yildan beri ikki mamlakat chegarasidagi munozarali hududlarning taqdirini hal qilish uchun ishlamoqda.
1-avgust kuni Qirg‘iziston bilan bahsli chegaraga ega bo‘lgan Sug‘d viloyatining raisi Rajabboy Ahmadzoda matbuot anjumani paytida jurnalistning tojik-qirg‘iz chegara mojarosi to‘g‘risidagi savoliga javob berar ekan, do‘stligimizni ko‘ra olmaydigan ba’zi guruhlar bor, deya mojarolarga ham shu guruhlar sabab bo‘layotganligini urg‘ulagan edi.
"Albatta, men viloyat raisi sifatida Botkent oblasti raisi Akram Qambaralievich bilan aloqalarimiz juda mustahkam. Allakay sakkiz marotaba muzokara o‘tkazdik. Birinchi uchrashuvimiz Botkent shahrida edi. Ikkinchi bor Xo‘jand shahar markazida uchrashdik. Bizning maqsadimiz, mavjud muammolarni baratarf etish. Ba’zi guruhlar borki, bugun Vorux va Qirg‘izistonning Oq-Soy xalqi orasida munosabatlar yaxshi bo‘lishini istamaydi. Biz o‘z xalqimiz orasida, Botkent o‘z xalqi orasida tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Lekin juda og‘ir. Juda-juda og‘ir. Kecha ikki taraf kelishuvi bilan 20 nafar Isfaraning obro‘li kishilari, Vorux va Chorkuh qishloqlaridan Issiqko‘lga yubordik. Bizning taklif bilan Oq-Soy qishlog‘idan yoshlardan 20 nafar Shohin lageriga keldi. Allaqachon ularning mehru muhabbati, munosabati o‘zgardi. Bizning maqsadimiz do‘stlik paydo qilish. Lekin biz biror qarich erimizni bermaymiz. Biz har bir qarich erimizni Tojikiston qonunlari asosida himoya qilamiz.
Bizning do‘stligimizni ko‘ra olmaydigan ba’zi guruhlar bor. Bugungi mojarolarga ham shu guruhlar sabab bo‘lyapti. Shuning uchun ham biz ishlashimiz kerak. Men jurnalistlar, OAV xodimlaridan ham birgalikda ishlashni so‘rayman. Bizning maqsadimiz do‘stlik qilish. Lekin agar chegarani buzishsa, agar davlatga nisbatan noto‘g‘ri ishlarni qilsa, albatta, biz ham javobini beramiz. Lekin bizning maqsadimiz do‘stlik o‘rnatish. Bugungi mavjud muammolar hal etiladi. O‘zbekiston Respublikasi bilan o‘rnatilganidek, Qirg‘iziston Respublikasi bilan ham yaqin kunlarda do‘stlik paydo bo‘ladi", – dedi Rajabboy Ahmadzoda.
Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Sug‘d viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Nazarzoda Qudratullo Boboning 7-avgust kuni matbuot anjumani paytida shunday deydi:
"Bugun Voruxda 34 ming odam yashaydi. Oq-soyning aholisi 3 ming. O‘sha uch ming ham, borib ko‘rsang, bolalar, ayollar va keksa yoshdagilar. Lekin biror mojaro boshlansa, guruhlar paydo bo‘ladi. U tarafdan yoshlarni olib keladi, "toshbo‘ron qilinglar", "unday qilinglar", "bunday qilinglar", deydi. Ig‘vogaru mojaro chiqaruvchi guruhlar paydo bo‘lgan".
Qirg‘izistonning Botkent oblasti sobiq gubernatori Mamat Aybalaevning fikrlari tojik generalining so‘zlariga hamohang. Uning aytishicha, Oq-Soy qishlog‘ida istiqomat qiladigan ko‘plab yoshlar Rossiyaga borib, u erda qolib ketmoqda.
"Tojik fuqarolari Rosiyaga borib, ishlab, fuqarolikni olmasdan Voruxga qaytib kelib, Vorux, Macho, Chorkuhda otasining hovlisiga uy solmoqda, shu erda yashamoqda. Bizning Botkentdagi azamatlar (yigitlar) esa, Rosiyada fuqarolikni olib, u erda qolib ketmoqda...",– deydi Mamat Aybalaev.
Tojikiston rahbarlari chegaradagi mojarolarning kelib chiqishida uchinchi kuchga ishora qilayotgan bo‘lsa ham, hech bir mas’ul mazkur "uchinchi tomon" kim ekanligini ochiqlamayapti.
Siyosiy sharhlovchi Ilhom Yusupovning fikricha, Markaziy Osiyo mintaqasida Rossiya katta ta’sir kuchiga ega bo‘lib kelgan va mintaqa davlatlari o‘z suverenitetini e’lon qilganiga o‘ttiz yil bo‘lyapti, ammo "katta og‘alar"ning ta’sir kuchi saqlanib qolmoqda.
"Bunday kuchlarni kim ekanligini aniqlash bizning vazifamiz emas. Bu maxsus komissiyalar, xalqaro tashkilotlarning ishi. Lekin biz ham o‘z fikr, nuqtai nazarimizdan qaraydigan bo‘lsak, boshqa davlatlarga ta’siri, ichki ishlariga aralashuvida men ko‘proq Rossiyani e’tiborga olaman. Sababi, misol, Sovetlar tuzimi paytida, 1989-yil Farg‘ona vodiysida mesxet turklari bilan mojaro bo‘lgani va ularning Rossiyaga ko‘chib ketishi ham tashkillashtirilgan edi, deb o‘ylayman. Bundan tashqari Markaziy Osiyoning har bir davlat rahbari muhim masalalarni Moskvaga borib, hal qilib keladi. Misol uchun Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Atambayevning mojarosidan keyin Putinga uchrashib, murojaat qilgani yoki Akayevning Rossiyada yurgani, bularni ekstraditsiya qilmaganligi va hokazolar, xullas, qaramog‘i olganligini Rossiyaning bizning mintaqalarga aralashuvi deb bilaman va shuni asos ham qilib olaman. Balki Rossiyaning ta’siri emasdir, boshqa davlatlarning ham ta’siri bordir. Lekin qat’iy nazar men bir narsani ayta olaman, har qanday mojarolarning chiqishida katta bir akaxoni bo‘lmasa xalq chiqmaydi, to‘g‘ri gap. Chunki albatta xalqni rag‘batlantiradigan, undaydigan, yo‘llanma ko‘rsatadigan kuchlar bo‘ladi",– deydi siyosiy sharhlovchi Ilhom Yusupov.
Tojik-qirg‘iz chegarasidagi noaniq holat saqlanib qolmoqda. Ayni paytda u yoki bu mintaqada tojikistonlik va qirg‘izistonliklar orasida yangi-yangi mojarolar uchqunlari ham chaqnab turibdi. Jumladan, 5-avgust kuni Bobojon G‘afurov tumanining Ovchi-Qalacha qishlog‘ida bahsli hudud hisoblangan sport maydonida ikki tomondan yuzlab odamlar yig‘ildi.
Ular orasida og‘zaki aytishuvlar bir-necha soat davom etgach, tomonlar ohista-ohista tarqab ketdi. Ikki davlat prezidenti va hukumat mas’ullari 26-28-iyul kunlari demarkatsiya va delimitatsiya ishlarini tezlashtirish lozimligini urg‘ulagan bo‘lsa ham bu ishlar qachon yakunlanishi noma’lum.