Dunyoda 650 million qiz 18 yoshga kirmay nikohlangan. UNICEFga ko’ra, ayollarning 17 foizi mana shunday erta turmush qurgan. Aksariyat hollarda, ular o’qimaydi, kasb-hunarsiz va nosog’lom.
Bobogay ko’chada o’tin va qog’oz sotib yurar edi. Onasi qarzidan qutulish uchun uni bir erkakka sotdi.
11 yoshli afg’on qizi er nima ekanini bilmay, qo’rquvdan rosa yig’ladi. Lekin dardini hech kim eshitmadi.
Har yili dunyoda 12 million qizning taqdiri shu. Go’dak holida erli bo’ladi. Xo’jayinga topshiriladi.
Nigeriyalik Hadicha hayz nima ekanini bilmas edi. Hozir 13 yoshda.
Hayot shu, deyishadi ularga. Bola ekani uchun turmushda qiynaladi. Lekin yordam beradiganlar oz. Imkoniyatlari cheklangan.
Albaniyalik Orkida Driza 12 yoshli qizini uzatgan, chunki yashashga joyi yo’q edi. “Uyim bo’lganida qizimni o’zim boqar edim”, - deyi ona. “O’qitar edim balki”. 11, 12, 13 yoshli qizlar, boshpana bo’lmasa, erga tegishga majbur. Chunki ko’chada yashash yanada xavfli. Och-nahor yurishi mumkin.
Qizlarni erta erga berish faqat qashshoq davlatlarga xos holat emas. Amerikada ham 18 ga kirmay nikohlanadiganlar bor. Diniy dargohlar bunga ruxsat beradi. Kimdir ularga shikoyat qilsa, jazolanishi mumkin. Lekin ko’p hollarda e’tibor yo’q.
“Erimni 13-14 yoshimda uchratdim. Keyin birga bo’ldik”, - deydi 16 yoshli Ketlin. ‘”Homilali bo’ldim. Nikohlanib oldik, aks holda balki uni meni zo’rlaganlikda ayblab qamashardi”.
Bu insonlarning birortasi maktabni bitirmagan. Hammasi zo’ravon erkaklar bilan yashaydi. Tayinli ishi yo’q. Eriga qaram. Ko’zlarida yosh, yuragi to’la dard.
“Bolaligim qani? Maktabim qolib ketdi, xuddi tushdagidek. Yo’q, deyishdi tamom”, - deydi afg’on qiz Sumayya.
BMT hukumatlarni bu muammoni bartaraf etishga undaydi lekin amaliy harakat sust. Lekin ijobiy qadamlar kuzatiladi.
“To’yimdan bir kun oldin mahalliy rasmiy uyimizga keldi. Erga tegishni xohlaysanmi, deb so’radi. Yo’q, dedim. To’y bo’lmadi”, - deydi Tanzaniyadan 14 yoshli Mvonahamisi.
Turkiyalik Sulton esa erta turmush qursa-da, hayotidan mamnun.
“Erimni to’yimgacha ko’rmagan edim. Bilmas edim. Lekin bir-birimizga yoqdik. Xudoga shukur, baxtliman”.
Biroq baxtini topganlar yosh oila qurganlar orasida juda oz. Ajrashganlar, eri tashlab ketganlar, ishsizlar, ilmsizlar ko’p. BMT har yili shunday hisobot beradi.
Bangladeshdan 11 yoshli Mohi hayotdan umidini uzgan. O’qimagani, azoblangani, yolg’izlanib qolgani, mehr ko’rmagani uchun anduhda.
Bola edi, xotin bo’ldi, keyin esa ona. Farzandlarini katta qilar ekan, ular o’z hayotini ularga ravo ko’rmaydi.
Indoneziyadan 13 yoshli Rasmina bolasi aslo unga o’xshamasligini xohlaydi. “Aslo yo’l qo’ymayman”, deydi u.
BMT 2030-yilgacha bu muammoni yengmoqchi, lekin bu ayollar kurash samara berishiga ishonmaydi.