Fransiyaning Biarritsa kurort-shahri "Katta Yettilik" davlatlarining yillik anjumaniga mezbonlik qilmoqda. Sammitda dunyoning nafaqat muhim iqtisodiy muammolari muhokama qilinadi, balki anti-globalist qarashlari bilan tanilgan AQSh Prezidenti Donald Trampning ko'nglini ovlashga ham uriniladi.
Parijda joylashgan Siyosiy tadqiqotlar instituti professori Karolin Postel-Vinayning aytishicha, Fransiya rasmiylarida xavotir bor va Prezident Emmanuel Makron hamda uning jamoasi Prezident Donald Tramp tashrifi paytida yuz berishi mumkin bo'lgan kutilmagan holatlarni nazorat qilishga tayyorgarlik ko'rmoqda.
Uning qo'shimcha qilishicha, Makron Tramp bilan to'qnashuvlarning oldini olish uchun bu safargi "Katta Yettilik" dasturiga o'zgartirishlar kiritgan. O'tgan yili Kanadada o'tgan anjumanda Tramp mezbon Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoni "bo'sh va yumshoq"likda ayblagan edi.
AQShga qarshi javob tariqasida e'lon qilingan savdo tariflarini yoqlagan Kanadadan norozi Tramp 2018-yilgi "Katta yettilik"ning yakuniy bayonotiga qo'shilmagan edi.
Makronning aytishicha, bu galgi sammit so'ngida yakuniy bayonot e'lon qilinmaydi. Iqlim o'zgarishi va Eron masalasida Tramp va boshqa yetakchilar o'rtasidagi farqli qarashlar Makronni shunday chora ko'rishga majbur qilgan.
Bu yakuniy bayonot e'lon qilinmagan ilk "Katta Yettilik" anjumani bo'ladi.
Trampning xalqaro anjumanlarda bahsli chiqishlar qilishi ko'pchilik uchun allaqachon tabiiy holatga aylangan, lekin xalqaro hamjamiyatda hanuz xavotir yuqori, deydi Obama ma'muriyati davrida Oq uyda ishlagan Metyu Gudmen.
"AQSh yetakchilik qilmasa yoki bunga qiziqmasa, boshqalarning biror narsaga erishishi juda qiyin. Oxirgi "Katta Yettilik" va "Katta Yigirmalik" yig'inlarida shu narsa kuzatildi", - deydi u.
Tramp 2020-yil qayta saylanishga hozirlik ko'rar ekan, tashqi siyosatda "Amerika birinchi" doktrinasini olg'a surishi unga siyosiy jihatdan qo'l kelishi mumkin. U "yevropaliklar Amerikadan o'z manfaatlari yo'lida foydalanyapti", degan da'voni tez-tez takrorlab turadi.
Rossiyaning ishtiroki
Tramp shu hafta Rossiyani shartlarsiz yirik davlatlar guruhiga qaytarish masalasini yana ko'tardi.
"Bu yig'ilishlarda biz Rossiya haqida ko'p gaplashamiz. Ular esa bu yerda yo'q. Rossiya ham qatnashsa yaxshi bo'lardi, chunki ularga to'g'ridan-to'g'ri gapira olamiz", - dedi u.
Tramp Rossiyaning guruhdan chiqarilishida siyosiy motivlarni ko'radi; chunki, deydi u, "Prezident Putin Prezident Trampdan aqlli chiqdi".
2014-yil Rossiya Qrimni egallab olgandan so'ng "Katta Sakkizlik" guruhidan chiqarib yuborilgan edi.
Makronga ko'ra, Ukraina inqirozini hal qilmasdan Rossiya anjumanga qaytarilsa, bu guruhning zaifligini ko'rsatadi.
"Bu biz uchun strategik xato bo'ladi", - deydi u.
Bu orada Rossiya guruhga qayta qo'shilishga uncha qiziqish bildirgani yo'q. 19-avgust kuni Fransiya janubida Prezident Emmanuel Makron bilan ko'rishgan Rossiya rahbari Vladimir Putin, "Mavjud bo'lmagan tashkilotga qanday qo'shilishim mumkin? U bugun "Katta Yettilik" deb ataladi", - degan edi.
AQShning roli
"Katta Yettilik" sammiti o'z ishini boshlar ekan, AQShning xalqaro hamjamiyatdagi ishtiroki va global iqtisodiyotning o'sishdan to'xtayotgani haqida xavotirlar kuchaygan.
Postel-Vinayga ko'ra, yevropaliklar "biz bilgan va o'rgangan Amerikani sog'ingan".
"Ikkinchi Jahon urushi tugagandan beri biz erkin dunyoning o'zimizga yaqin yetakchisiga o'rgangan edik. Uni ortiq ko'rmayapmiz", - deydi tadqiqotchi.
"Katta Yettilik"ning bu anjumani AQShning kelajakdagi roli muhokama qilinadigan joy bo'lishi mumkin", - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi eksperti Jon Altermen.
"Ular prezident bilan qanday muloqot qilish yo'lini topdi. Endi dunyo sahnasida AQShning o'zgargan ishtiroki bilan uzoq muddatda qanday ishlash haqida o'ynalishyapti", - deya qo'shimcha qiladi u.
"Katta Yettilik"ning bu yilgi anjumani Fransiyaning Biarritsa shahrida 24-26-avgust kunlari bo'lib o'tadi.