Qozog'iston o'zbeklariga shimolga ko'chish taklif qilindi

Almati, Qozog'iston

Qozog‘istonning janubiy tumanlarida yashayotgan mahalliy o‘zbeklarga mamlakat shimoliga ko‘chib o‘tish taklif qilinmoqda. Bu haqda Nur.kz internet portali Nur Otan partiyasining Turkiston viloyati bo‘limidan olingan ma’lumotlarga tayangan holda xabar berdi.

Partiyaning Turkiston viloyati bo‘limi raisining birinchi o‘rinbosari Beysen Tojibaev boshchiligidagi targ‘ibot guruhi Qorabuloq qishlog‘i aholisi bilan uchrashib, o‘zbeklarni 2017-2021-yillarga mo'ljallangan «Enbek» davlat dasturining afzalliklaridan foydalangan holda, unda faol ishtirok etishga chaqirgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog'iston o'zbeklari shimolga ko'chadimi?

«Qorabuloq – mamlakatdagi aholi eng zich joylashgan qishloq. Ovulda 60 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ammo bu yil faqat bir oila bu yerdan shimolga ko‘chib o‘tdi. Loyihada ko‘chib o‘tganlarga ekinlar yetishtirish, chorvachilik uchun yer ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bizning mintaqada 400 mingdan ortiq mehnatsevar o‘zbeklar istiqomat qiladi. Agar ular davlat dasturida faol ishtirok etsa, aholi ish va uy-joy bilan ta’minlanadi. Shimoliy mintaqalar gullab-yashnaydi. Ko‘p muammolarni hal qilish mumkin bo‘ladi», – deya ta’kidlagan Beysen Tojibaev.

Ma’lum bo‘lishicha, janubiy Qozog‘istondagi o‘zbeklar orasida ilk bor shunday targ‘ibot ishlari o‘tkazilmoqda. Nur Otan partiyasining Turkiston viloyati bo‘limi rahbarlari "mas’ul shaxslarga aholisi 210 ming nafarni tashkil etadigan Sayram tumanining har bir ovulida keng targ‘ibot ishlari olib borishni buyurdi", deyiladi matbuot xabarlarida.

Bu yangilik O‘zbekiston internet resurslari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan o‘zbeklar orasida turli fikrlarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, diniy faol Abu Muslim o‘zining Feysbuk sahifasida shunday izohlaydi:

"Qozog‘iston janubida o‘zbeklar ko‘p... shuni kamaytirish ekanda, maqsadlari... Bo‘lmasa, Erondan va boshqa yoqdan ko‘chib keltirilgan qozoqlarning ko‘p qismi Turkiston viloyatiga joylashtirilgan..."

Baxtiyor Karim nomli yana bir foydanaluvchi Qozog‘istondagi o‘zbeklarga nisbatan "o‘zbek diasporasi" iborasining qo‘llanilishiga e’tiroz bildiradi.

"Diaspora so‘zi bu o‘rinda noto‘g‘ri ishlatildi. O‘zbek xalqi bu yerga qayoqlardandir ko‘chib kelmagan, ular qadimdan shu joyda yashab kelgan yerli aholidir. Diaspora emas", – deydi Baxtiyor Karim.

Shu o‘rinda biz bevosita Qozog‘iston janubida yashayotgan o‘zbeklar bilan bog‘lanib, u yerdagi holat va shu masalada ularning fikrini so‘radik.

"Qozog‘iston janubidan kim xohlasa, millatidan qat’i nazar, xoh qozoq bo‘lsin, o‘zbek yo rus bo‘lsin, kim xohishi bo‘lsa, mamlakat shimoliga ko‘chiryapti. U yerdan ko‘plab ruslar ketib qolgan. Ko‘p qishloqlar bo‘sh qolib ketgan. Ruslar uylarini tashlab Rossiyaga ketib qolgan. Yer ko‘p, mol qarash kerak, ekin ekish kerak. Shunga maxsus programma bilan kim xohlasa, shu yoqqa olib ketmoqda. Borganlarga uy beradi, ish beradi, past foiz bilan kredit pul beradi, yer beradi. Ketganlar bor, anchagina. Borib, ob-havosiga o‘rganolmay qaytib kelganlar bor. Unaqa aynan o‘zbeklar ko‘chirilyapti, degani bema’ni gap. Ko‘proq O‘zbekiston bilan chegarada yashayotgan qozoqlar ketyapti. Yana O‘zbekistondan kelgan qozoqlar ketyapti. U yoqqa faqat qozoqlar ketyapti, o‘zbeklar ketmayapti", – deydi suhbatdoshimiz Shokirbek Umarov.

Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligining sobiq xodimi Assol Akisheva-Mirmanovaning aytishicha, "Enbek" ishlab chiqarish va ommaviy tadbirkorlikni rivojlantirishning 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi bo‘lib, bu odamlarga yaxshi imkoniyat beradi.

"O‘zbek diasporasiga janubdan shimol hududlariga ko‘chib borish taklifi birdaniga bir necha muammoni hal qiladi. Qozog‘iston shimolidagi mavjud bo‘lgan muammolarni hal qiladi. Men faqat Qozog‘iston shimoliy viloyati emas, sharqiy viloyatlarni ham nazarda tutyapman. Bu Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan hududlar. Masala shundaki, Qozog‘istonning shimoliy viloyatlarida ancha yillardan beri aholi soni siyraklashib bormoqda. Buning sababi, shimoliy hududlarda aksariyatni tashkil etgan etnik ruslarga Rossiya o‘qish va ishlash uchun qulay imkoniyatlar yaratib bermoqda. Shuningdek, Rossiyadagi vatandoshlar programmasi ham ko‘plab ruslar Qozog'istondan ketib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning ortidan shimolda odamlar soni kam, yer zaxirasi esa katta. Qozog‘iston hukumati shu muammolarni hal qilish uchun bir necha programmalarni ishlab chiqdi. Jumladan, "Enbek" programmasi. Bu programmada mamlakat janubidagi ishsizlik va yer tanqisligini hal etish barobarida shimoldagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni ham qamrab oladi", – deydi Assol Akisheva-Mirmanova.

Kelib chiqishi Sayram mintaqasidan bo‘lgan, ayni paytda poytaxt Nursultonda yashab, ishlayotgan tahlilchi Abdumalik Sarmanovning aytishicha, Qozog‘iston o‘zbeklarini hech kim bir mintaqadan boshqasiga ko‘chib o‘tishga majbur qilayotgani yo‘q.

"Qozog‘istonda taxminan 600 ming o‘zbeklar istiqomat qiladi. Ularning taqriban uchdan ikki qismi dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. 2000-yillargacha o‘zbeklarning 95 foizi Janubiy Qozog‘iston va Jambil viloyatlarida yashardi. Bugungi kunda ta’lim olish, ishlash maqsadida Qozog‘istonning shimoliy va g‘arbiy viloyatlariga ketayotgan o‘zbeklar (asosan, yoshlar) soni ortib borayapti. Bu tendensiya Qozog‘istondagi barcha etnoslarga xos. Masalan, 1995-yilga nisbatan hozirda mamlakat poytaxti aholisi taxminan 2,5 – 3 marta ortgan. Ammo etnoslar bo‘yicha hisoblasak, ko‘chib o‘tgan o‘zbeklar soni 10 martadan ko‘proq ortgan. Qozog‘iston janubidan shimoliga ko‘chirish dasturi doirasida ko‘chib borish istagini bildirgan janubliklarga yengillatilgan kreditlar, arzon ijara haqi bilan yer ajratish, soliqlardan chegirmalar ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda qaysidir etnosga imtiyoz ajratish rejalanmagan. Kim bo‘lsa ham ko‘ngildagidek ishlab ketsa bas. Ushbu siyosat doirasida janubda o‘zbeklar zich yashaydigan aholi manzillarida ham targ‘ibot ishlari yuritilayapti. Imkoniyatdan foydalanayotgan o‘zbeklar ham kam emas. Chunki, masalan, Turkiston viloyatidagi Qorabuloq qishlog‘idagi dehqon xo‘jaliklaridan mutlaqo ko‘pchiligida atigi 2-10 gektar yer bor. Vaholanki, ularning har biri bir necha oilani birlashtiradi. Shimolda esa oilalarga cheklanmagan darajada yer va’da qilishayapti. Ixtiyoriylik masalasiga kelsak: birorta oila majburiy ko‘chirilayotgani yo‘q va bunday ish tutilmaydi ham", – deydi Abdumalik Sarmanov.