"General Motors" zavodining 50 mingga yaqin ishchisi so'nggi 50 yildagi eng katta ish tashlashda qatnashmoqda. Voqea iqtisodiy o'sish sekinlashayotgan va avto sanoat o'zgarishlarga yuz tutayotgan bir paytda ro'y berdi.
"GM" avto korxonasi 2009-yil bankrotligini e'lon qilganda ishchilar maoshi va imtiyozlari qirqilgan edi.
Kompaniya bugun yana milliardlab dollar foydaga kirdi. Ishchilar esa bundan yetarli naf ko'rmaganini aytmoqda.
"Ular boyishda davom etmoqda. Hozir o'sha payt biz ularga yordam berish uchun voz kechgan narsalarimizni ham berishmayapti", - deydi ishchilardan biri.
Frank Li ischilar kasaba uyushmasining 15-sentabr kuni ish tashlashga chiqqan 50 ming a'zosidan biri.
U uch yildan beri "GM"da vaqtinchalik xodim sifatida ishlaydi. Doimiy ishchilar bilan bir xil ish qilaman, lekin maoshim ularnikidek emas, deydi u.
"Biz bilan ishlaydigan boshqa yigit-qizlar kabi maosh olishni xohlayman. Ularga bonus ham beriladi, foydani baham ko'rishadi", - deydi Li.
Global iqtisodiyot sustlashar ekan, "GM" savdosi ham kamaymoqda.
Uzoq muddatda esa butun sanoat o'zgarishi mumkin. Elektrda yuradigan va avtonom boshqariladigan mashinalar paydo bo'lmoqda. Bu esa savdolar yanada kamayadi, degani.
"GM" rahbari Meri Barra ishchilarga bir xushxabarni ulashdi.
"General Motors" yangi elektromobil ishlab chiqarish uchun 300 million dollar investitsiya qiladi va 400 ta yangi ish o'rni yaratadi", - dedi u.
Boshqa tomondan esa, kompaniya xarajatlarni kamaytirish uchun AQShdagi to'rtta zavodini yopmoqda, deydi ishchilar uyushmasi rahbari Terri Dittes.
"Xushxabarni buzmoqchi emasman, lekin to'rtta joyimizda qiyinchilik bor. Biz bu qarorni ma'qullamaymiz", - dedi u.
Zavodlarning yopilishi va Meksikada ishlab chiqarishning kengaytirilishi ish tashlashga sabab bo'ldi.
Aksiyada qatnashganlarga kasaba uyushma har hafta 250 dollar to'layapti, bu odatdagi maoshdan ancha kam.
Bu orada "GM" ish tashlashlardan bir milliard dollar zarar ko'rdi.
Ishchilar namoyishi esa davom etmoqda.
"Vaziyat har ikki tomon uchun halokatli bo'lgan yadro ziddiyatiga o'xshaydi. Gap qaysi tomon birinchi portlashida. "GM" milliardlab dollar pul ustida o'tiribdi. Hech narsa ishlab chiqarmasdan ham bir necha hafta bemalol yashashi mumkin. Kasaba uyushmasining aksiya fondida esa bir necha million dollar bor xolos va uzoq vaqt turib berishlari qiyin", - deydi Kornel universiteti tadqiqotchisi Art Viton.
Muzokaralar davom etmoqda, ammo natija yo'q.