"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti chiqargan bayonotga ko'ra, Turkiyada Suriyaga qo'shin kiritish siyosatini tanqid qilgan yuzlab faollar hibsga olingan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlari uchun hukumat bosimiga uchragani aytilmoqda.
Huquq tashkilotining yozishicha, o'nlab oddiy fuqarolar, xususan, jurnalistlar so'z erkinligi huquqidan foydalangani uchun jinoiy javobgarlik bilan yuzlashmoqda.
Anqara "Tinchlik bulog'i" deb nomlangan amaliyot Turkiya chegarasini terrorchilardan tozalash maqsadida o'tkazilayotganini aytadi. Hujum boshlangandan beri o'nlab tinch aholi vakillari halok bo'lgan, yuz minglab odam uyini tashlab ketgan.
Turkiyaning, asosan, kurdlar yashovchi Diyorbakir shahrida politsiya namoyishlarni to'xtatgan va unda ishtirok etganlarni hibsga olgan.
"Odamlarga zulm o'tkazish, shafqatsizlik shu darajaga yetdiki, eng demokratik tarzda munosabat bildirish uchun ko'chaga chiqishning o'zi qattiq choralar ko'rilishiga sabab bo'lmoqda", - dedi kurdlarning Xalq demokratik partiyasidan saylangan qonunchi Musa Farisogullari.
"Askarlar ruhini ko'tarish" kampaniyasi
Taqiqlangan narsa faqat namoyishlar emas. Turkiya teleradio aloqalarini nazorat qilish idorasining ogohlantirishicha, askarlarning ishtiyoqi va ruhiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan har qanday narsaning efirga uzatilishiga yo'l qo'yilmaydi.
"Xalqaro Amnistiya" tadqiqotchisi Milena Buyumning aytishicha, hukumat ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlarni yaqindan kuzatmoqda.
"Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, jurnalistlar, asosan, kurdlarniki bo'lgan Xalq demokratik partiyasi a'zolari alohida nishonga olingan, chunki ular shimoliy Suriyadagi harbiy amaliyotni tanqid qilgan yoki savol ostiga olgan", - deydi u.
Tashkilotning aniqlashicha, ijtimoiy tarmoqlardagi 839 ta sahifa ustidan tekshiruv boshlangan. Ularda jinoiy javobgarlikka asos bo'luvchi ma'lumotlar tarqatilgani da'vo qilingan. Bu ishga aloqador 186 kishi hibsga olingan.
Hibslar va safar taqiqlari
"Boshqa matbuot manbalari tarqatgan ma'lumotlarni ulashgan ba'zi jurnalistlar ham hibsga olingan, - deydi Buyum. - Ozodlikka qo'yib yuborilganlarga esa chetga chiqish taqiqlangan".
"Xalqaro Amnistiya" da'vosiga ko'ra, Suriyadagi harbiy amaliyot hukumat uchun muxolifat ovozini o'chirish vositasiga aylangan.
"Ayniqsa, oxirgi yillarda, 2015-yilgi davlat to'ntarishiga urinish ketidan bu holat yanada kuchaydi", - deydi Buyum.
Turkiya hukumatiga ko'ra, bu choralar terrorchilar propagandasi yoyilishining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.