AQShda kichik partiyalar mahalliy saylovlarda o'z kuchini ko'rsatdi

  • Amerika Ovozi

Sietl ko'chalarida kichik partiyalarni targ'ib qilayotgan amerikaliklar

Amerika siyosiy maydonida demokratlar va respublikachilar asosiy o'yinchilar bo'lsa-da, keyingi yillarda boshqa partiyalar ham ko'zga ko'rina boshladi. Shtatma-shtat, tumanma-tuman ularning ta'sirini sezish mumkin, ayniqsa bu yilgi mahalliy saylovlar natijasiga qarab.

AQShda hamisha o'nlab partiyalar bo'lgan, ko'plari uzoq tarixga ega. Yillar davomida ular nomini o'zgartirgan, platformalarini yangilagan.

2016-yilgi saylovlarda Libertarianlar partiyasi salmoqli ovoz olgan edi. Prezidentlikka intilgan nomzodi Geri Jonsonga o'shanda 2,5 million amerikalik ishonch bildirgan. Bu 2012-yilda Jonsonga berilgan ovozlardan deyarli ucha karra ko'p.

Yashillar partiyasining prezidentlikka nomzodi Jill Stayn 2016-yilda 1,5 million ovoz olgan. Demokratlar Staynni Hillari Klintonga berilishi mumkin bo'lgan ovozlarni o'ziga og'dirganlikda ayblagan edi. Bu ovozlar bilan Klinton saylanishi va hozirda "Donald Trampdek noma'qul odam" Oq uyda o'tirmagan bo'lar edi, deydi bu liberallar. Stayn bu xulosani qoralab, demokratlar aybni o'zidan qidirsin, degan.

Indiana saylov markazlarida

Respublikachilar libertarianlarni ularga berilishi mumkin bo'lgan ovozlarni olib ketganlikda ayblab turadi, chunki bu partiyalar mafkuraviy jihatdan o'xshash. Lekin libertarianlar shaxsiy huquqlar bobida konservativ emas, xususan ular abortga va bir jinsdagi odamlarning oila qurishiga qarshi emas.

2020-yildagi prezident saylovlarida ham kichik partiyalardan nomzodlar bo'ladi. O'tgan yili "Gallup" tashkiloti o'tkazgan so'rovlarda amerikaliklarning 57 foizi demokrat va respublikachilardan charchagani, ulardan qoniqmayotganini bildirgan.

Bu yilgi mahalliy saylovlarda 21 libertarian g'alaba qozongan. Ular bugun tuman, shahar va shtatlarda yuqori lavozimlarda.

Yashillar partiyasi vakillari mamlakat bo'ylab 100 dan ortiq siyosiy o'rinni egallab turibdi.

Michigan shtatida mahalliy qonunchi Katrin Bruner Jeyms yashillardan va o'z hududida ekologiya va ijtimoiy adolat uchun kurashmoqda.

Indiana shtatida libertarian Neyt Kring mahalliy qonunchi sifatida oshkoralikni ta'minlash uchun va iqtisodiy taraqqiyot yo'lida ter to'kmoqchi. Kring aslida respublikachi edi, lekin 2016-yildan keyin partiyasini o'zgartirdi. Respublikachilar Donald Trampni prezidentlikka munosib ko'rishi, bu siyosatchi nazarida, tarixiy xato.

Kring singari sobiq respublikachilar fikricha, Tramp xalq dardidan yiroq, mamlakat manfaatlari uchun kuyinmaydigan, korrupsion uslublarga asoslanib ish tutadigan odam.

Indiana shtatida 1992-yildan beri 28 libertarian boshqaruv va kengashlarga saylandi.

Kelasi yilgi saylovlarga tayyorgarlik avj olar ekan, maydonda kichik partiyalarning namoyandalari ko'payishi kutilmoqda.