Kun.uz va Ortiqxo'jayev mojarosi: hokim g'olib chiqdimi?

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jayev

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevning jurnalistlarga tahdidlari yozilgan audio mahalliy OAV va ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solishi ketidan “Kun.uz” saytida tahdidlar yangragan audioning nisbatan to’liq shakli e’lon qilindi. Lekin undan hokimning jurnalistlarga o’lim bilan tahdid qilishi olib tashlangan.

Hokim bilan murosaga borganini e’lon qilgan nashr buning sabablari yuzasidan izoh bermagan.

Jahongir Ortiqxo’jayev Kun.uz jurnalistlarini geyga aylantirish, yo’q qilib yuborish bilan tahdid qilgan audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqashi jamoatchilikda jiddiy norozilik to’lqinini yuzaga chiqargan edi.

Audioyozuvlar 16-noyabr kuni paydo bo’ldi, ijtimoiy tarmoqlarda, bir qator internet nashrlarda shiddat bilan tarqagan bu yozuvlarda Toshkent shahar hokimi Kun.uz jurnalistlariga tahdid, bosim qilayotgani aks etgan.

Audioda Ortiqxo’jayev jurnalistlarni besoqolboz sifatida ko'rsatib sharmanda qilish, mahalla, hatto ota-onasi yuz o’giradigan darajaga tushirish holatlarini tashkillashtirish qudratiga ega ekani haqida gapiradi.

Jurnalistlar izsiz yo’qolishi mumkinligiga shama qilgan hokim buning uchun ularning uydan sababsiz chiqishlari kifoya ekani haqida ogohlantiradi.

Hokimning jurnalistlarga ko’rsatgan bu tahdidlari jamoatchilikda kuchli norozilik uyg’otishi ortidan Bosh prokuratura yozuvlar o’rganilayotgani haqida bayonot qildi.

O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, hatto siyosiy partiyalar ham vaziyatga o’z munosabatlarini bildirib chiqishdi.

Mojaro jiddiy munozara qo’zg’ashda davom etar ekan, 17-noyabr kuni Toshkent shahar hokimiyatida Ortiqxo’jayev va Kun.uz tahririyati jamoasi o’rtasida yana uchrashuv bo’lib o’tdi.

Bu uchrashuv ortidan “Kun.uz” tahririyati hokim Ortiqxo'jayev bilan o’zaro murosaga borilgani, jamoatchilikdan bu mojaroga aralashmaslik so’ralganiga oid ziddiyatli bayonot bilan chiqdi.

19-noyabrga kelib Kun.uz Ortiqxo’jayev bilan shu yilning avgust oyida o’tgani taxmin qilinayotgan suhbatning nisbatan to’liq shaklini e’lon qildi.

Ortiqxo’jayevning jurnalistlarga izsiz yo’qolishi haqida tahdid qilgan qismlari olib tashlangan audioyozuvning bu shaklda e’lon qilinishi hokimiyat bilan murosaga erishgan nashrga nisbatan e’tirozlarni kuchaytirdi.

Kun.uz hokim bilan kelishuvga borishi ortidan nashrning ikki jurnalisti - Bahodir Ahmedov va Zafarbek Solijonov tark etgani inobatga olinsa, Ortiqxo’jayev bilan murosa tahririyat uchun ziddiyatli kechgani ko’rinadi.

Ta’kidlash joiz, “Kun.uz” sayti va Toshkent shahar hokimi o'rtasidagi o’zaro tushunmovchilikka barham berilgani, murosaga borilgani haqidagi bayonot nafaqat nashr muxbirlarida, balki jurnalistlar himoyasiga chiqqan aksariyat jamoatchilikda ham norozilik uyg'otgan.

Bu voqea soyasida jurnalistlar Bahodir Ahmedov va Zafarbek Solijonovning “Kun.uz”ni tark etishga qaror qilgani olqishlar bilan kutib olingan.

Har ikki jurnalist o’z qarorlarini izohlar ekan, Toshkent shahar hokimi Ortiqxo’jayevga o’z murojaatini yo'lladi.

“Jahongir aka Ortiqxo‘jayevga esa o‘sha gapni yana qaytaraman. Men itning bolasi emasman va "poslednyaya tvar" ham emasman. Men jurnalistlik bilan shug‘ullangan yuristman. Shunchaki, bu davlatda qonun ishlashini xohlagandim, xolos. G‘ururim esa otamdan meros. U hammasidan ustun. Uni toptashga haqqingiz yo‘q. Lekin bir narsani tushuning. Bu jangda hech kim yutmadi. Ayniqsa siz", - deb yozdi Zafarbek Solijonov "Telegram"dagi o'z sahifasida.

Bahodir Ahmedov esa bu mojarodan jurnalistika, matbuot yutqazayotganini eslatdi:

"Bugun biz yutqazmadik. Bugun endi uyg‘onayotgan so‘z erkinligi, matbuot yutqazdi. Jahongir aka (Ortiqxo’jayev), sizga aytaman, o‘shanda ham qarshi borganman - men itning bolasimasman, "posledniy tvar" ham emasman. Siz yutganingizni emas, davlat imijiga putur yetkazganingizni o‘ylang".

Ikki jurnalistning nashrni tark etish qarori jamoatchilikda olqishlar bilan kutib olingani, hokim bilan murosaga borgan “Kun.uz” jurnalistlar qadri, jamoatchilik ishonchini suiiste’mol qilayotgani haqidagi munozaralar ko’payganiga qaramasdan, tahririyat hozirgacha bu vaziyat yuzasidan biror izoh bermadi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda “Kun.uz”ning hokimiyat bilan murosasi taassuf uyg’otayotgan bo’lsa, ayrim blogerlar nashrni o’quvchilar ishonchiga xiyonat qilishda aybladi.

Toshkent shahar hokimiyati o’tgan uchrashuv ortidan hokimiyat va tahririyat jamoasi o’rtasidagi o’zaro tushunmovchilikka barham berilgani haqida xabar bergan “Kun.uz” ikki tarafga tegishli bu nizoni ortiqcha muhokama qilmaslik tavsiyasini ham bildirgan.

Jamoatchilikda bu tavsiya norozilik bilan kutib olindi, mojaro hokimiyat va “Kun.uz” o’rtasida emas, balki matbuot va hokimiyat o’rtasidagi ziddiyat ekanligi eslatildi.

Jahongir Ortiqxo’jayevning jurnalistlarga nisbatan tahdidi xalqaro jamoatchilik, mamlakatdagi diplomatik korpus vakillarini ham befarq qoldirmadi.

19-noyabr kuni AQShning Toshkentdagi elchixonasi "Twitter" orqali "Kun.uz" sayti qo'ygan xabarni ulashib, “Amerika Qo’shma Shtatlari so’z va ifoda erkinligini to’liq qo’llab-quvvatlaydi va erkin jamiyatda bu qadriyatlar katta ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Biz jurnalist va blogerlarga qilinayotgan zo'ravonlik va tahdidlarni qoralaymiz”, degan bayonot bilan chiqdi.

Avvalroq Britaniyaning O’zbekistondagi elchisi Timoti Torlot va YXHTning matbuot erkinligi bo’yicha vakili Arlam Dezir ham hokim Ortiqxo’jayevning jurnalistlarga tahdidi qoralangan bayonot bilan chiqgan edi.