Afg’onistondagi 40 yillik urush millionlab qochqinlarni qo’shni yurtlardan, xususan, Pokiston va Erondan boshpana topishga majbur qildi. Ular hayoti mintaqaning 40 yillik siyosati kabi beqaror. Aksariyati hanuz muqim yashash joyiga ega emas. “Amerika Ovozi” yaqinda Pokistonning Karachi shahridagi qochqinlar mahallasida bo’ldi.
Bolalar bu gavjum mahallani o’zining vatani deb biladi. Hayotdagi beqarorlik va mavhumlikdan bu murg’ak yoshlar bexabar.
Ularning ota-onalari Afg’onistondan kelgan, Pokistonda bir necha o’n yillardan beri yashaydi. Ba’zilari shu yerda tug’ilgan, boshqalari bolaligida kelgan.
Barchasiga urush aybdor. 80-yillar Sovet-afg’on urushi boshlanganda, dastlab, qochqinlar iliq kutib olingan. So’ng vaziyat o’zgardi.
Doim ham aloqalari do’stona bo’lmagan ikki qo’shni davlat o’rtasida oddiy xalq sarson. Hukumatlar yangilanishi bilan Kobul-Islomobod aloqalari ham o’zgarishga yuz tutadi.
Aloqalar taranglashsa, xuddi besh yil avvalgidek, qochqinlar hayoti azobga aylanadi.
“Politsiya tinmay ortimizdan yurardi. Kechasi uylarimizni tintuv qilardi. 2014-15-yillar sakkiz yuz mingga yaqin odam Afg’onistonga qaytib ketdi. Ba’zilari bizneslarini arzon-garovga sotib yubordi, mol-mulkini tashlab ketdi”, - deydi qochoqlar vakili Abdulloh Shoh Buxoriy.
2017-yil ahvol yaxshilangach, tintuv va tazyiqlar ham to’xtadi. Kun kechirish osonlashdi.
Bunday yashash hech kimga yoqmaydi, lekin ularda boshqa tanlov yo’q.
“Afg’oniston yaxshi, ammo urush davom etayapti. Tolibon bor, ish yo’q. Hamma uyda o’tiradi. Yegani hech vaqo yo’q. Bu juda yomon”, - deydi Raqiba ismli ayol.
Afg’onistonga borib, yana ortiga qaytganlar ham bor.
“Otishma ko’p. Rosa qo’rqdim. Bunaqa narsani hech ko’rmaganman. Tolibon uyimizgacha kirdi. Xolamni va bobom bilan buvimni olib, Pokistonga keldik”, - deydi Pokistonda tug’ilgan Samira Vohidiy.
Rasmiy munosabatlar beqaror bo’lishiga qaramay, qochoqlarning aytishicha, Pokiston xalqi afg’onlarni har doim iliq qabul qilgan.