Afg'oniston xavfsizlik xizmati ikki faolni hibsda saqlamoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Davlat Xavfsizlik Boshqarmasi ayni damda ikki faolni ushlab turibdi. Ular mamlakat sharqidagi Logar viloyatida bolalar azoblangani haqida ma'lumot targatgan. Bu ishni qilganlar esa, deydi huquq himoyachilari, viloyat mulozimlari va muallimlar.

Musa Mahmudiy va Ehsonulla Hamidiy 21-noyabrda g'oyib bo'lgan. Ular to'plagan axborotga ko'ra, kamida 546 o'quvchi olti maktabda o'qituvchilari va mahalliy mutasaddilar tomonidan xo'rlangan, xususan, jinsiy tajovuzga uchragan.

Logar Yoshlar, ijtimoiy va fuqaro instituti deb nomlangan nohukumat tashkilot iddaoni isbotlovchi yuzlab videolarni qo'lga kiritgan.

Voqea yuzasidan norozilik kuchli. Muxolifat, sobiq rahbarlar va huquq muassasalari hukumatdan chora ko'rishni talab qilmoqda.

Afg'oniston Mustaqil Inson Huquqlari Komissiyasi faollar hibsda ekanini qoralab, adolatsizliklarni amalga oshirayotganlar emas, ular haqida jamiyatni ogoh qilayotganlar tazyiqqa uchrayotganini qabihlik deya baholamoqda.

Afg'oniston Davlat Xavfsizlik Boshqarmasiga ko'ra, faollar hibsda emas, aksincha, xavfsizligini ta'minlash uchun maxfiy bir joyda saqlanmoqda. Lekin, deya qo'shadi bu idora, faollar soxta ma'lumot ham tarqatgan bo'lishi mumkin, "shov-shuv ko'tarish va balki chet eldan boshpana so'rash uchun."

Hukumat hozir mana shu iddaoni olg'a surmoqda. Xalqaro tashkilotlar Kobulni vijdonan ish tutishga undamoqda.