Amerikada Shukronalik kuni bayram qilinar ekan, Prezident Donald Tramp oldindan ma'lum qilmagan holda Afg'onistonga bordi. Tramp bu davlat rahbari Ashraf G'ani bilan uchrashgan, shuningdek, Bagrom harbiy bazasida AQSh askarlari bilan muloqot qilgan.
Bayram kunlarida Amerika prezidenti kutilmaganda xavfli hududlarga borib, harbiylar bilan ko'rishib, ularga rahmat aytishi birinchi bor emas. Tramp o'tgan yili bu ayyomda Iroqqa safar qilgan edi. Undan oldingi rahbarlar ham odatda Shukronalik kunini xorijda o'tkazgan.
Tramp Afg'onistondagi qo'shin sonini kamaytirish qarorida qat'iy ekanini eslatgan. Hozirgi 12-13 mingdan 8,6 mingga, deydi rasmiylar.
Prezident askarlarga xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirar ekan, AQSh Afg'onistonda uzoq muddatli rejaga ega, tinchlik o'rnatish va bu xalqqa yordam berish - asosiy maqsadlar, deb aytgan.
Prezident G'ani bilan uchrashuvda Tramp Tolibon murosa qilishga majbur, deya qayd etgan. Bu harakat bilan tinchlik muzokaralari to'xtagan. Bunda Oq uy toliblarni ayblaydi. Harakat a'zolari esa Vashingtonni so'zida qat'iy emas, deya qoralaydi. Shuningdek, Tolibon Kobuldagi hukumatni tan olmaydi. Muzokara faqat AQSh bilan va asosiy talab bu davlat qo'shinlarining chiqib ketishi, deydi qurolli muxolifat a'zolari.
Vashington bunga rozi emas va Trampning aytishicha, Tolibon ishonchli taraf ekanini isbotlay olmas ekan, u bilan gaplashilmaydi. Aksincha, deydi AQSh rahbari, qo'shinlar bu harakatga zarba berishda davom etadi.
"Biz Afg'onistonning terror va ekstremizm o'chog'i bo'lishiga aslo yo'l qo'ymaymiz", - deydi Tramp.
Tolibon hozirda Afg'onistonning salmoqli qismini nazorat qiladi. Lekin Amerika qo'mondonlari va rasmiylariga ko'ra, bu harakat biror hududning hokimiyatini o'z qo'liga olmagan. Afg'onistonni ma'muriy idora etayotgan tomon bu Kobuldagi markaziy hukumat va har bir viloyat rahbariyati, deya ta'kidlaydi ular.