Yevropa istamayotgan IShIDchilardan Turkiya ham xalos bo'lmoqchi

Turkiya Ichki ishlar vazirligi 29-noyabr kungi bayonotida chet ellik terrorchilarni vatanlariga deportatsiya qilish ishlari davom etayotgani va allaqachon ikki nafar belgiyalik terrorchi mamlakatiga yuborilganini ma’lum qildi. Ushbu jarayon joriy yilning 11-noyabrida boshlangan, ammo ba’zi Yevropa davlatlari Anqaraning bu boradagi qaroridan mamnun emas.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiya IShiD jangarilarini deportatsiya qilmoqda

“ISHIDchilarning mehmonxonası emasmiz”

Aslida Turkiya bir necha yildan beri chet ellik terrorchilarni vataniga deportatsiya qilib keladi, biroq avvallari bu operatsiyalar haqida deyarli ma’lumot berilmas edi.

2019-yilning 9-oktabrida turk armiyasi Suriyaning shimolida boshlagan “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi doirasida 287 nafar ISHIDchi qo‘lga olindi, ular orasida 19 davlatning fuqarolari bor. AQSh prezidenti Donald Tramp o‘sha kezlari “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi hududidagi ISHIDchilarga aynan Turkiya ko‘z-quloq bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi.

Jangarilar Turkiyaning o‘zida ham ushlangan. Noyabr boshida e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya qamoqxonalarida 1200 nafar ISHIDchi bo‘lib, ularning 737 nafari xorij davlatlarining fuqarolaridir. Turkiya ularning aksar qismini joriy yil oxirigacha deportatsiya qilishni rejalashtirgan.

Biroq Yevropa mamlakatlari IShID jangarilari qayerda qo‘lga tushgan bo‘lsa, o‘sha yerda sudlanishi kerakligini aytib, Turkiyaning bu harakatini ma’qullayotgani yo‘q. Deportatsiya jarayoni boshlanishidan oldin Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu ba’zi Yevropa davlatlarining bu qarashini qoraladi.

“Xorijiy davlatlar IShID a’zolarini fuqarolikdan mahrum qilib, mamlakatlariga qabul qilishni istamayapti. Bu faqatgina Niderlandiya boshlagan jarayon emas, Britaniya ham shunday qilyapti. Oson yo‘lini topishibdi. ISHIDchilarni fuqarolikdan chiqarib, fuqaroligi yo‘q kishilarga aylantirishyapti. Bizning qo‘limizda nafaqat niderlandiyalik va britaniyalik, balki boshqa davlatlarning fuqarosi bo‘lgan, lekin ular qabul qilmagan yoki fuqarolikdan chiqargan jangarilar bor. Bu mas’uliyatsizlikdir. Sizning terrorchilaringizni biz nima qilamiz, qayerda saqlaymiz? Biz birovlarning IShIDchisi uchun mehmonxona emasmiz. Aytaylik, terrorchini qamoqxonada saqladik. Keyin u ozodlikka chiqdi. Sizning terrorchingizga biz fuqarolik berishimiz kerakmi?” – degan edi Turkiya Ichki ishlar vaziri Anqaradagi matbuot anjumanida.

Belgiyadagi Egmont tadqiqot instituti ma’lumotiga ko‘ra, 2011-yildan beri taxminan 5300 yevropalik IShIDga qo‘shilish uchun Iroq va Suriyaga borgan. Endi esa ba’zi Yevropa davlatlari ularni qaytarib olishni istamayapti. Istalmayotganlar nafaqat terrorchilarning o‘zi, balki ularning oilalari hamdir.

Ular nega IShIDga qo‘shildi?

Turk matbuotida e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, Turkiya deportatsiya qilmoqchi bo‘lgan xorijlik IShIDchilar orasida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari, xususan, 82 o‘zbekistonlik va 10 nafar qozog‘istonlik ham bor.

Qozog‘iston joriy yil boshidan beri 300 dan ziyod fuqarolarini Suriyadan olib keldi. O‘zbekiston ham may oyida 156 nafar fuqarosini – asosan, ayollar va bolalarni Suriyadan qaytardi. Mamlakat Tashqi ishlar vazini Abdulaziz Komilov sentabr oyida BMT Xavfsizlik Kengashidagi nutqida Iroq va Suriyadan yana 235 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelinishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonliklar IShID singari terrorchi tashkilotlarga qanday qilib aralashib qolgan? Xorijdagi diniy ta’lim dargohlaridan birida tahsil olayotgan va ismi oshkor etilishini istamagan o‘zbekistonlik “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu holatni asosan insonlarning diniy bilimga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmagani bilan bog‘ladi:

“Bunga johillik, dinning to‘g‘ri o‘rgatilmagani sabab bo‘ldi. Islomga bo‘lgan talpinish bizga ota-bobolarimizdan o‘tgan. Agar ana shu talpinish qondirilmasa, odamlar har xil no‘to‘g‘ri yo‘llarga kirib ketadi-da. Odamlarimizning ISHIDga qo‘shilib ketishiga to‘g‘ri diniy ta’lim beradigan dargohlarning juda ozligi, ommaning ehtiyoji esa qondirilmagani, ma’naviy bo‘shliq sabab bo‘ldi. Islomni, Qur’onni qanday anglash kerak? Shariatni, fiqhni, islom huquqshunosligini qanday tushunish kerak? Ana shu narsalar to‘g‘ri o‘rgatilmadi odamlarga. Oqibatda ular internetga kira boshladi, har kim dinni o‘zicha tushunadigan bo‘ldi. Ekstremist, radikal kayfiyatdagi, o‘zi dinni bilmaydigan kishilar odamlarimizga ta’lim bera boshladi. Ayniqsa, yoshlarimiz oyatni, hadisni ko‘rgach, to‘g‘ri yo‘l shu ekan-da deb o‘ylashdi. Dinni o‘rganmoqchi bo‘lganlarga masjid yoki madrasalarda ta’lim olish kafotlanganida edi, bu darajaga kelinmasdi”.

“Kofirlar bilan gaplashmayman”

Qozog‘istondagi Ahmad Yassaviy xalqora universiteti gumanitar fanlar fakulteti teologiya kafedrasi o‘qituvchisi Didar Shauyenov Suriyadan qaytarib kelinganlar, ayniqsa, bolalarning reabilitatsiyasi oson kechmayotganini aytdi.

“Sakkiz-o‘n yashar bolalar psixolog bilan gaplashishni istamayapti. Sizlar kofirsizlar, kofirlar bilan gaplashmaymiz deyapti. Bu turishda, ochig‘i, kelgusida ularning jamiyat uchun xavfli shaxslarga aylanmasligiga ishonchimiz komil emas. Kattalar sudlanyapti, aybdor deb topilganlar ozodlikdan mahrum etilyapti. Oralarida o‘n-o‘n besh martalab turmushga chiqqan ayollar bor. Aytaylik, eri o‘lgan, keyin boshqasiga turmushga chiqqan, U ham o‘lgach, yana boshqasiga tekkan”, – deydi u.

Teolog Shauyenov terrorchi-radikal guruhlarga qo‘shilganlar “islomni an’anaviy qozoqcha anglash”dan uzoq ekaniga e’tibor qaratdi. Shuningdek, u hozirgi holatning ildizi sovet davriga – odamlarga majburan ateizm singdirilgan, qozoq ulamolari va ziyolilari qatag‘on qilingan paytlarga borib taqalishini ta’kidladi.

“Oqibatda Qozog‘iston mustaqillikka erishgandan keyin ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘ldi”, – deydi Didar Shauyenov.