Moskva milliy to’lov tizimini xalqaro miqyosda joriy etishga urinmoqda.
Rossiyaning “Mir” nomini olgan to’lov tizimi bundan besh yil avval G’arb sanksiyalari ortidan amal qilishni boshlagan. O’shanda “Visa” va “Mastercard” Rossiyaning yetakchi banklariga xizmat ko’rsatishni to’xtatib qo'ygan edi.
“Mir” tizimi 27-noyabrda Londonda Gollandiyaning “PayXpert” kompaniyasi bilan hamkorlikda Yevropada faoliyat ko'rsatishni boshladi.
Rossiya ekspertlari “Mir” kartalari qisqa fursatda xalqaro bozorni egallaydi deb kutgan edi. Biroq Rossiya hududidan tashqarida u kutilgan natijani bermadi.
To’lov kartalari miliy tizimi rahbari Vladimir Komlyovga ko’ra, yangi loyiha Rossiya kartalarining xorijdagi istiqboliga zamin yaratadi.
Tahlilchilarga ko’ra, Rossiyaning bu urinishi mamlakat iqtisodiyotini dollarga qaramlikdan xalos etishga qaratilgan harakatining bir qismi. Shunigdek, G’arb sanksiyalarining ta’sirini zaiflashtirish yo’lidagi bir qadam. Rossiya Moliya vazirligi oktabr oyida milliy fond doirasida valyuta aktivlari diversifikatsiyasini yo’lga qo’yish bilan dollar ulushini qisqartirishini ma’lum qilgan edi.
AQSh sanksiyalari natijasida ko’plab Rossiya kompaniyalari ayni damda hisob-kitoblar uchun dollardan foydalana olmayapti. Dollarga aloqador bo’lmagan to’lov tizimlarini joriy qilish bilan Kreml sanksiyalar tahdidini ozaytirishga harakat qilmoqda.
“Kelgusi uch yil ichida “Mir” kartalari rossiyaliklar sayohat qiladigan mamlakatlarda amal qilishiga erishmoqchimiz. Yil yakuniga qadar Rossiya to’lov kartalari kamida 10 ta mamlakatda ishlaydi”, - dedi Vladimir Komlyov “Reyter” bilan suhbatda.
2019-yilda Turkiya banklari “Mir” kartalari bilan operatsiyalarni amalga oshirishni boshlagan.
O’tgan yilda Rossiyaning 64 banki umumiy hisobda 70 milliondan ziyod “Mir” kartalarini mijozlarga topshirgan.