Demokrat qonunchilar Prezident Donald Trampni rasman qonunlarni buzganlikda ayblamoqda. Ularga ko’ra, prezident 2020-yilgi saylovda xorijiy mamlakatlar aralashuvi bilan g’alabaga erishishni ko’zlagan.
“Prezident Tramp Ukrainaga o’z siyosiy raqibi Jo Baydenga qarshi tergov e’lon qilish xususida bosim o’tkazgan. Shuningdek, 2016-yilgi saylovlarga Rossiya emas, Ukraina aralashgan degan uydirmaga zamin hozirlashga uringan. AQSh rahbari 2020-yilgi saylov kampaniyasining muvaffaqiyatini ana shu yo’l bilan ta’minlashni ko’zlagan”, - deyiladi Vakillar palatasining Razvedka, Nazorat va Tashqi aloqalar qo’mitalari raislarining hisobotida.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Tramp Ukrainaga harbiy ko’mak o’z sharti ijrosi evaziga berilishini aytgan.
Shuningdek, demokrat qonunchilar respublikachi prezidentni o’z noqonuniy ishlarining oshkor qilinishiga to’sqinlik qilganlikda ayblaydi.
Vakillar palatasining Razvedka qo’mitasi raisi Adam Shiffga ko’ra, agar Kongress saylovga tashqi aralashuv uchun Trampni hozir jazolamasa, “bunday hol yana takrorlanaveradi”.
Oq uy matbuot kotibi Stefani Grisham bayonot xulosalarini inkor etdi.
“Bir tomonlama amalga oshirilgan jarayon so’ngida janob Shiff va boshqa demokratlar Prezident Tramp aybini isbotlaydigan biror dalil ko’rsata olmadi. Hisobot ularning jazavalaridan boshqa narsa emas. Rais Shiffning bayonoti hech qanday asossiz nimanidir isbotlashga urinayotgan alamzada blogger safsatalariday o’qiladi”, - dedi u.
Kongressning respublikachi a’zolariga ko’ra, demokratlar impichmentga asos bo’ladigan arzirli argumentga ega emas.
Vakillar palatasidagi respublikachilar yetakchisi Kevin Makkartiga ko’ra, butun diqqat-e’tiborini Trampni impich qilishga qaratgan Shiff AQSh milliy xavfsizligini himoya qilishni unutib qo’ygan.
Razvedka qo’mitasi impichment hisobotini qabul qilish va Vakillar palatasining Adliya qo’mitasiga taqdim etishni ovozga qo’ydi. 13 vakil buni yoqlagan bo’lsa, to’qqiz vakil qarshi ovoz berdi. Adliya qo’mitasi impichment loyihasini tayyorlash yoki undan voz kechish masalasini ko’rib chiqadi.
Poytaxt Vashingtonda ana shunday qizg’in jarayonlar davom etar ekan, Prezident Tramp Londonda NATO sammitida ishtirok etmoqda.
“Bu sharmandalik. Demokratlar o’zlaridan uyalishi kerak. Respublikachilar har qachongidan ham qudratliroq va jipslashgan”, - dedi Tramp 3-dekabr kuni Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bilan uchrashuvda impichment mavzusiga to’xtalib.
“Demokratlar ayni damda ehtiyot bo’lishlari kerak. Kunlar kelib, umid qilamanki, uzoq kelajakda, demokrat prezident rahbar bo’lsa, Vakillar palatasi respublikachilarga o’tsa, ular ham aynan shu yo’l bilan impichment boshlashi mumkin. Davlatimiz bu yo’sinda boshqarilmasligi kerak”, - dedi Tramp.
Prezident Tramp Adam Shiff shaxsiga to’xtalib, uni beqaror inson deb atadi.
“Shiff ko’plab sabablarga ko’ra, komplekslar bilan ulg’aygan. U nosog’lom, yolg’onchi”, - dedi prezident.
Agar Vakillar palatasi impichment qilish bo’yicha yakuniy qarorga kelsa, mazkur masala navbatdagi bosqichda respublikachilar yetakchilik qilayotgan Senatda ko’rib chiqiladi.
3-dekabr kuni Londonda bayonot berar ekan, Tramp o’z ma’muriyati vakillariga Senatda ko’rsatma berishga ruxsat etishini ta’kidladi. Prezident nazarida, Vakillar palatasidagi soxta jarayonlarga ularni aralashtirish xato bo’lgan bo’lar edi.
“Agar sud adolatli bo’lsa, aminmanki, u Senatdagina adolatli o’tadi, unda Davlat kotibi Mayk Pompeo, Oq uyning ijrochi shtab boshlig’i Mik Mulvani, sobiq Energetika vaziri Rik Perri va boshqalarning ko’rsatma berishini istagan bo’lar edim. Biroq men ularning qalbaki jarayonlarda javob berishini istamayman”, - dedi Tramp.
Bugunga qadar AQShning ikki prezidenti Endryu Jonson va Bill Klintonlar Vakillar palatasi tomonidan rasman impichment qilinib, Senat so’rovlarida oqlangan.