Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan muloqot qilish uchun 10-dekabr kuni Vashingtonga kelmoqda. U Prezident Donald Tramp bilan ham uchrashishi mumkin.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida bu tashrif "muhim masalalar" muhokamasiga bag'ishlanishi aytilgan bo'lsa, Oq uy rasmiylariga ko'ra, uchrashuvda qurol nazorati asosiy mavzu bo'lishi kutilmoqda. Suriya va Ukrainadagi vaziyat ham muhokama qilinadi.
Bu uchrashuvga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning avvalroq aytgan gapi turtki bergan bo'lishi mumkin. U o'tgan hafta Moskva qurol nazorati bo'yicha yangi shartnomani "hech qanday shartlarsiz" yil oxirigacha tayyorlashga qiziqish bildirishini aytgan edi.
"Rossiya qurol poygasini boshlashdan va hozir mavjud bo'lmagan joylarga raketalar o'rnatishdan manfaatdor emas", - dedi Putin Moskvada o'tgan anjumanda.
Vashington ham bunga xayrixoh ko'rinadi.
Londonda o'tgan NATO sammitida Prezident Donald Tramp Kremlning qurol nazorati bo'yicha yangi kelishuvga erishish niyatidan xabardor ekanini aytdi, lekin yangi muzokaralarga nafaqat AQSh va Rossiya, balki Xitoyni ham jalb etish lozimligini ta'kidladi. Yadro quroliga ega Xitoy Sovuq urush davrida imzolangan kelishuvda ishtirok etmagan.
Oq uy rasmiylari Vashingtonda Prezident Donald Tramp Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashishi mumkinligini tasdiqladi. Moskvada Davlat kotibi Mayk Pompeoni ham Prezident Putin qabul qilgan edi.
"Pompeo Rossiyaga borganda Putin bilan ko'rishgan. Xitoy, rossiyaliklar va boshqalar bilan gaplashganimizda har ikki tomondan bir xil e'tibor talab qilamiz. Putin Pompeo bilan uchrashgani uchun, biz ham shuni hisobga olyapmiz va boshqa masalalarni ham ko'rib chiqamiz", - dedi Oq uyning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Robert Obrayn.
Impichment davridagi tashrif
Lavrov Prezident Trampga qarshi impichment jarayoni ketayotgan bir paytda Vashingtonga kelmoqda.
Vakillar palatasida davom etayotgan tergovga Ukraina ham aralashgan. Tramp Ukrainaga ajratilgan harbiy yordamni vaqtida bermagani uchun o'z vakolatini suiiste'mol qilganlikda ayblanmoqda. Ukraina ayni paytda mamlakat sharqidagi urush tufayli Rossiya bilan keskin ziddiyatga tortilgan.
Demokratlarga ko'ra, Tramp va uning yonini olayotgan respublikachilar Ukraina AQShdagi saylovlarga aralashgani haqida Rossiya tarqatgan propagandaga ishonmoqda.
Ba'zi demokratlar impichment doirasida e'lon qilinadigan ayblovlarga maxsus tergovchi Robert Myuller saylov bo'yicha o'tkazgan tergov xulosalarini ham qo'shishni taklif qilmoqda. Unda Tramp saylov kampaniyasi vakillari tomonidan noqonuniy ishlar sodir etilgani da'vo qilingan edi.
Myuller hisoboti 2016-yilgi AQSh prezidentlik sayloviga Rossiya ta'sir o'tkazishga uringanini tasdiqlagan, lekin Prezident Tramp bevosita qonunni buzgan-buzmagani haqida xulosa qilish masalasini Kongress ixtiyoriga havola qilgan edi.