O'tgan 2019-yil O'zbekistonda jurnalistika va so'z erkinligi uchun qanday yil bo'ldi? Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi (CPJ) hisobotida O'zbekistondagi vaziyatga ijobiy baho berilgan, ammo mamlakat hanuz jurnalistlarni hibsda saqlovchi davlatlar qatoridan chiqmagani qayd etilgan.
Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi vakili Gulnoza Said bilan shu haqda suhbatlashdik. Undan so'z va matbuot erkinligi bo'yicha jahondagi va Markaziy Osiyodagi vaziyatni sharhlab berishni so'radik.
Gulnoza Said: Bizning dunyo bo'ylab qamalgan jurnalistlarga bag'ishlangan yillik hisobotimizga ko'ra, dunyo mamlakatlarida hammasi bo'lib 250 nafar jurnalist qamoqda. Bu mamlakatlardan birinchilik Xitoyga tegishli. Bu o'tgan yilga qaraganda o'zgarish. Chunki o'tgan va oldingi uch yil davomida Turkiya birinchi o'rinda turgan edi. Bu yil esa Turkiya ikkinchi o'ringa tushdi. Chunki 2019-yil davomida Turkiyada bir necha jurnalistlar ozod etildi. Lekin Xitoyda buning teskarisi kuzatildi. Xususan, uyg'urlarga qarshi ta'qiblar jurnalistlar taqdiriga ham ta'sir qildi. Ya'ni qamalgan jurnalistlar Shinjon-Uyg'uristonda ham bor.
Afsuski, yangi hisobotga O'zbekiston ham kirdi, chunki o'tgan yili O'zbekiston qamalgan jurnalistlar hisobotiga kirmagan edi. Ya'ni o'tgan yili O'zbekistonda qamalgan jurnalistlar yo'q edi. Lekin bu yil bloger Nafosat Olloshukurova hozirgi kungacha ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburan davolanayotgani sababli aynan uning ish faoliyati qamalishiga sabab bo'lgan. Shuning uchun ham O'zbekiston yana “yomonlar” reytingiga qaytdi.
Amerika Ovozi: Hisobotda Markaziy Osiyodagi vaziyat ham aks etgan. Mintaqada qamoqda o'tirgan jurnalistlar bor. Ular kimlar?
Gulnoza Said: Markaziy Osiyoni oladigan bo'lsak, Qirg'iziston o'sha-o'sha, u yerda sizga yaxshi tanish bitta jurnalist Azimjon Asqarov qamoqda qolmoqda. Men bu yil yozda uni qamoqqa borib ziyorat qildim, gaplashdim. Biz uning ozod etilishiga qaratilgan ishimizni, kampaniyamizni davom ettiryapmiz.
Haqiqatdan biz ilgari ham Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi nomidan, xususan shaxsan o'zim Qirg'iziston hukumatiga maktub yo'llab, ulardan Azimjon Asqarovni ziyorat qilishni so'raganimda, yo'q degan javobni berishgan edi. Shuning uchun men bu yil shaxsiy tashrif orqali, ya'ni tashkilot nomidan emas, o'zim bordim. Asqarovning oila a'zolariga qo'shilib birgalikda, mashinada borganda Bishkekdan bir soatlik masofada joylashgan, umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan kishilar saqlanadigan qamoqxonaga bordim. Ko'rishdik. Hammasi bo'lib 2,5-3 soatcha gaplashdik. Men uchun uchrashuv qiyin kechdi. Jurnalistning o'zi uchun ham bu suhbat qiyin kechgani aniq. Uning qanday ahvoldaligini ko'rdim. Juda ham ozib ketgan, qarib qolgan. Yoshi 68 da bo'lsa-da, lekin ancha keksaroq ko'rinadi. Lekin ruhan juda tetik. Baralla ovozda Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasiga minnatdorchilik bildirishdan so'zini boshladi. O'zining, boshqa mahbuslarning huquqlari poymol etilayotganini ko'p gapirdi. O'zi tetik, ovozi baland, lekin jismoniy qiyofasi juda ham o'zgargan. Uni qamashganidan so'ng 9 yildan oshdi.
Qamoqxona qo'riqchilarining unga bo'lgan munosabatidan ham u odamning ahvoli naqadar og'ir ekanligini tushunish mumkin bo'ldi. Men Qirg'izistondan chiqib ketganimdan keyin Azimjon Asqarovning kasalxonaga tushib qolgani to'g'risidagi xabar keldi. U davolanib chiqdi. Unga juda jiddiy tashxislar qo'yilgan.
Shaxsan o'zim BMT bosh kotibi [Antonio] Guterrishga maktub yo'lladim. Azimjon Asqarov ishi yuzasidan BMT Bosh kotibi muovini bilan uchrashdim. Ya'ni biz ishni davom ettiryapmiz, lekin hozirga qadar Qirg'iziston hukumati xalqaro tashkilotlar da'vatlariga befarq bo'lib qolyapti.
Bilasizmi, Azimjon Asqarov bilan gaplashganingizda uning hamma narsadan xabardorligidan hayratga tushasiz. Chunki uning gaplaridan 9,5 yildan beri qamoqda o'tirgan odamga o'xshamaydi. Hamma narsadan xabardor. Keyin gapirganidan uning inson huquqlari faoli ekanligini yaxshi tushunasiz, chunki barcha huquqlarini A dan Yagacha yaxshi biladi. Hammasini yaxshi tushunadi, hammasini yaxshi tushuntira oladi. Keyin qamoqxonaning o'zida qariyb 120 odam, hammasi erkaklar, hammalari umrbod qamoq jazosiga mahkum etilganlar. Aytishlaricha, mahkumlarning har beshinchisi o'zbeklar. Ko'pchiligi 2010-yildagi etnik mojarodan keyin qamalgan. Ularning hatto yoshlari ham kelib, Azimjon Asqarovdan maslahat so'rasharkan, o'z haq-huquqlarini bilib olisharkan. Keyin Azimjon Asqarov ularga turli arizalar, maktublar, rasmiy hujjatlarni yozishga yordamlasharkan, chunki u shu qadar bilimdon odam. Hammasidan xabardor. Hatto Qirg'iziston Jinoat kodeksiga bu yil yanvardan boshlab kuchga kirgan o'zgarishlardan shu qadar yaxshi xabardorki, o'z huquqlarini himoya qilib o'zining ishini qayta ko'rib chiqilishini talab qilib chiqqan. 30-iyulda uning ishi qayta ko'rib chiqilib, o'sha ahvolda qoldi, keyinroq yana apellyatsiyaga berilib, hozir ayblovlarga o'zgarish kiritildi. Lekin umrbod qamoq jazosi o'zgarmay qoldi. Aytmoqchi bo'lganim, Azimjon Asqarov o'zining eng katta huquqiy himoyachisi. U o'zining ishini yaxshi biladigan odam. Buni ko'rganingizda hayratga tushmasdan ilojingiz yo'q.
Noumid shayton deyishadi. Umid albatta bor. Aynan shu sababdan men ham, hamkasblarim ham, hatto mendan oldin bu tashkilotda ishlagan odamlar ham 9 yildan oshibdiki, bu kampaniyani davom ettiryapti. Albatta, biz Azimjon Asqarov ozod etilishi kunigacha uni himoya qilish va uning ozodligi uchun kurashishni davom ettiramiz. Men Azimjon aka bilan gaplashganimda u kishi “Mening Prado muzeyini borib ko'rish orzuim bor”, deb qoldi. Shunda men Azimjon akaga xudo xohlasa, nasib qilsa, albatta Ispaniyaning Madrid shahriga birga borib, Prado muzeyini ziyorat qilamiz, u yerda namoyish etiladigan eng zo'r rassomlar asarlarini ko'ramiz, deb aytdim. Bunga albatta umid bor.
Menimcha, hukumatda Azimjon Asqarovni ozod etish istagi yo'q. Hatto ayrim rasmiylar undan qo'rqadi, chunki bu odam qamalishidan oldin huquq-tartibot hamda hukumatning boshqa organlaridagi bo'lgan korrupsiya va boshqa mavzularni ko'p yillar davomida yoritib kelgan. Ya'ni uning qamoqda qolishidan juda ko'plari manfaatdor bo'lgan. Bundan tashqari 9 yildan ko'proq vaqt o'tgandan keyin ko'plar bu ishni yana ko'targisi kelmaydi. Bishkekda bo'lganimda men hatto jurnalistlar bilan gaplashsam, ular mustaqil jurnalist, xolis, o'z fikri bilan hurmat qozongan va hokazo, lekin hatto ular ham “ha endi bu eski ish, nima qilamiz eski ishni yana ko'tarib,” degan ma'noda gapirishdi. Mana shu yondashuv juda ham noto'g'ri, chunki jurnalistlar orasida birdamlik bo'lishi kerak. Lekin menimcha bu ishda aynan millatchilik omili ham bor, chunki Azimjon Asqarovning aynan o'zbekligi uning qamalishiga turtki bo'lgan sabablardan biri. Bundan tashqari hatto Qirg'iziston janubidagi o'zbeklar ham uning himoyasiga uncha chiqishni xohlamayapti. Chunki bu ish bo'ldi, tugadi, eski ish degan ma'noda, ya'ni yana qandaydir katta bir nizoni olib chiqishdan qo'rqadi ular. Hozir nisbiy bo'lsa-da, o'zbeklar va qirg'izlar o'rtasida Qirg'iziston janubida yana muvozanat yuzaga kelgan va bu muvozanatni hech kim bo'lgisi kelmaydi. Men doim ta'kidlab kelyapman: Azimjon Asqarov ham o'zbeklar, ham qirg'izlar, ham jurnalistlar tomonidan esidan chiqarilgan odam. Nima deydi? Aslida u hech kimning esidan chiqmasligi kerak, degan ma'noda mana shu kampaniyani biz davom ettiryapmiz.
Agarda mintaqaga nazar solsak, Qozog'istonda ham yana bir jurnalist qamoqda, hozirda uning sud ishi davom etyapti. Bu yil Qozog'iston ham “yomonlar” reytingiga qaytdi. Amangeldi Batirbekov – u Qozog'iston janubida faoliyat yuritayotgan juda ham taniqli jurnalist. Chop qilgan qator maqolalari sabab unga nisbatan jinoiy ish qo'zg'ashgan va qamoqqa mahkum etishgan. U sud qarori ustidan da'vo kiritgan, hozirda sudi davom etyapti.
Amerika Ovozi: Markaziy Osiyo respublikalarida jurnalistika, so'z va matbuot erkinligi bo'yicha yutuq va kamchiliklar nimalarda ko'rinmoqda?
Gulnoza Said: Nazarimda, jurnalistika eng rivojlangan mamlakat bu hamon Qirg'iziston. Ya'ni Qirg'izistonda eng erkin ommaviy axborot vositalari ko'p va men doim aytib o'tadiganim, aynan jiddiy taftishlar o'tkazadigan OAV bu yerda mavjud. Boshqa mamlakatlarda jiddiy masalalarni OAV shu paytgacha ko'tarib chiqarmadi. Misol uchun, yaqinda Qirg'izistondan millionlab dollarlik mablag'lar noqonuniy yo'llar bilan mamlakatdan olib chiqib ketilishi va bu haqda ma'lumot bergan odamning Turkiyada otib o'ldirib ketilishi voqeasi. Mana shu (holatning yoritilishi) jurnalistika aslida qanday bo'lishining misoli. Juda ham yaxshi misoli. Ya'ni bir nechta OAV, jumladan “KLOOP”, “Azattiq” radiosi, “KG24” va “OCCRP” degan jurnalistik taftishlarni boshqaradigan bir jamoa hammasi bir bo'lib, mana shu ishni o'rganib chiqdi va juda katta ahamiyatga ega bir taftishning xulosalarini keyinchalik jamoatchilikka taqdim etdi. Mana shu jurnalistika qayerda bo'lishi kerakligiga bir misol.
Agar shu bobda boshqa mamlakatlarni qiyoslasak, bunday jurnalistika hozircha erkinlik bo'yicha misol uchun Qirg'izistondan keyingi o'rinda turadigan Qozog'istonda ham yo'q. Qozog'istonda 2019-yilni olsak, prezident o'zgarganidan keyin u yerda deyarli har oy namoyishlar bo'lib turibdi va mana shu namoyishlarni yoritayotgan jurnalistlarni ko'pincha hibsga olishadi va keyinchalik qo'yib yuborishadi. Kuni-kecha ham qator jurnalistlarni hibsga olishdi. Hatto ayrimlarini uyidan olib ketishgan, namoyishlarni yoritmasin deb. Mana shu holni biz kuzatdik. 2019-yilni Qozogiston uchun, Qozog'iston jurnalistikasi uchun bu hibsga olishlar va namoyishlar yili deb atash mumkin.
O'zbekiston uchun bu yil menimcha blogerlar yili bo'ldi, chunki blogerlar eng ko'p tilga olinadigan toifaga aylandi bu yil. Buning ijobiy taraflari albatta bor. Chunki blogerlik - bu so'z erkinligi va matbuot erkinligi bilan chambarchas bog'liq. Lekin ayni vaqtda blogerlik nimaligini noto'g'ri tushunishlar holini ham ko'rdik. Ayrim rasmiylar, xususan, Toshkent shahri hokimining jurnalistlar bilan uchrashganida ularni haqorat qilishi holatini ko'rdik va hatto o'sha informatsiya bo'yicha davlat agentligi ba'zida blogerlarni himoya qilib, ba'zida himoya qilishdan o'zini tiyganga o'xshash hollarni ham ko'rdik. Lekin umuman olganda, ayniqsa Prezident Shavkat Mirziyoyevning oxirgi nutqida tuhmat va haqoratning jinoiy ish bo'lmasligi haqida Jinoyat kodeksiga o'zgartirish kiritishi bu juda katta tashabbus. Chunki bizning tashkilotning rasmiy pozitsiyasi ham aynan shunday. Ya'ni haqorat yoki tuhmat bu Jinoyat kodeksidagi jazo bo'lmasligi kerak.
Bu kabi nizolar fuqarolik sudida ikki odam orasida ko'rib chiqilishi kerak. Yoki o'zini haqoratlangan hisoblagan odam va OAV o'rtasida o'zaro kelishiladigan va fuqaroviy sudda ko'riladigan ish bo'lishi kerak. Bu albatta to'g'ri tashabbus. Lekin oldin aytganimdek, hozirgi kunda O'zbekistonda bloger Nafosat Olloshukurovaning majburan ruhiy kasalliklar kasalxonasida saqlanayotgani, oydan-oyga vrachlar uni ko'rib kasalxonada qoldirish kerak deyishi va keyin sudyaning ham uni ozod etmagani - bu albatta haliyam matbuot erkinligiga qarata ketayotgan mamlakat yo'li silliq emasligidan dalolat beradi.
Amerika Ovozi: Qo'mita jurnalistlarni qachon va qaysi mezonlarga asosan himoya qiladi? O'zbekistonda qamoqda saqlanayotgan jurnalist Said Abdulaziz Yusupov, avtohalokat qurboniga aylangan Davlatnazar Ro'zmetov bo'yicha qo'mita nima deydi?
Gulnoza Said: Haqiqatdan ham boshqa tashkilotlar kabi bizning ham metodologiyamiz bor va u metodologiya barcha mamlakatlardagi barcha holatlarga nisbatan qo'llaniladi. U hech ham farq qilmaydi. Har bir ish obdon tekshiriladi. Bizning birlamchi vazifamiz, misol uchun jurnalist qamalsa, shunda uning qamalishi bilan jurnalistik faoliyati o'rtasidagi aloqani aniqlash. Agar bunday aloqa bo'lmasa, hatto u odam jurnalist bo'lsa ham biz uning himoyasiga chiqmaymiz. Bu bizning mezonlarimizdan biri. Yoki ikkinchi mezon bu jurnalistning o'zi bizning bayonot chiqarishimizni va biz uni himoya qilishimizni xohlamasligi mumkin. Misol uchun, siz aytayotgan jurnalist Said-Abdulaziz Yusupovning oila a'zolari biz bilan muloqot vaqtida aynan shuni so'radi. Ya'ni men singlisi bilan gaplashganimda, akam Prezident Mirziyoyevdan umidvor, faqat Prezident Mirziyoyev uning taqdirini hal qilishi kerak, hech qanday tashkilot aralashmasin, deb menga xat yubordi. Avval gaplashdik, undan keyin elektron pochta orqali xat yubordi. Shundan keyin biz misol uchun hech qaysi jurnalistga “yo'q biz sizni baribir himoya qilamiz”, deb chiqmaymiz. Chunki bayonot chiqarishdan oldin biz jurnalistning roziligini olamiz.
Shu tariqa, Nafosat Olloshukurovaning oila a'zolari bilan, akasi, ota-onasi va advokati bilan gaplashdim, ishni obdon o'rgangandan keyin biz avval uning qamalishi, undan keyin kasalxonaga majburan yotqizilishi aynan blogerlik faoliyati bilan bog'liqligini aniqlaganimizdan keyin bayonot chiqardik. Hozir biz uning himoyasiga qaratilgan kampaniya ham olib boryapmiz. Nafosat Olloshukurova Urganchdan Toshkentga qarab tashkil etilgan yurishni, marshni yoritgani uchun qamaldi. Lekin deyarli ayni vaqtda qamalgan jurnalist Mahmud Rajabov o'sha yurishning tashkilotchisi bo'lgan, demak o'sha tadbirda u jurnalist sifatida emas, balki bir siyosiy faol sifatida qatnashgan. Shuning uchun ham biz u kishining ishini bizga taalluqli deb hisoblamadik va uni himoya qilmadik. U jurnalist, lekin qamalishiga uning jurnalistik faoliyati sabab bo'lmagan, balki siyosiy faoliyati sabab bo'lgan. Bizning mezonlarimiz juda aniq. Misol uchun aytaman. Ko'plab mamlakatlarda jurnalistlar namoyishlarda ham qatnashadi. Ya'ni jurnalist sifatida yoritish bilan birga namoyishda qatnashib siyosiy rol ham o'ynaydi. Mana shunday rol o'ynayotganda jurnalist hibsga olinsa, biz uni himoya qilmaymiz. Ya'ni o'sha namoyishda qaysi rolda chiqayapti u odam? Jurnalist rolidami yoki namoyishchi sifatidami? Shunga o'xshab, ko'plab boshqa savollar beramiz, obdon o'rganamiz.
Jurnalist bevaqt halok bo'lsa, biz doim bu ishni o'rganamiz. Hamma mamlakatda va doim. Ba'zida haftalab vaqt ketadi. Ba'zida oylab vaqt talab qilishi mumkin. Lekin biz uni obdon o'rganib chiqamiz. Ya'ni jurnalist avtohalokat qurboni bo'ldimi yoki uning hayotiga kimdir qasd qildimi? Mana shu savolni ham men aynan Davlat Nazar taxallusi bilan faoliyat yuritgan jurnalist ishini o'rganayotganda berdim. Aytganimdek, do'stlari hamda boshqalar bilan gaplashdim va shunday xulosaga keldikki, u afsuski baxtsiz hodisa bo'lgan. Lekin uning jurnalistik faoliyati bilan bog'liq joyi bo'lmagan, o'sha katta yuk mashinasi tomonidan urib ketilishi va halok bo'lishi. Shuning uchun biz uni ham halok bo'lgan jurnalistlar sirasiga bu yil kiritmadik. Bizning shunaqa mezonlarimiz bor.
Amerika Ovozi: O'zbekistonlik va o'zbekzabon jurnalistlar qo'mita tomonidan mukofotlanayotgan nomzodlar orasida ko'rinmay qolgan…
Gulnoza Said: Jurnalistlarni mukofotlash. Bu men sizga aytganimdek chig'iriqdan o'tkazishning yanada qattiqroq jarayoni. Ya'ni bu jurnalist haqiqatdan ham tanilgan bo'lishi kerak. Tashkilot uni yaxshi tanishi kerak. Biz ham har yili noyabr oyida dunyo bo'ylab eng zo'r jurnalistlarga o'zimizning mukofotimizni beramiz. O'zbekistondan ham o'z vaqtida jurnalistni mukofotlaganmiz. Lekin bunga ham ancha yil bo'lgan. Hozirgi vaqtda biz O'zbekistondagi vaziyatni kuzatib boryapmiz. Agarda yaxshi, kuchli jurnalist chiqsa, albatta men o'zbek sifatida o'zbekistonlik jurnalistning taqdirlanishidan juda ham xursand bo'lardim. Lekin men yagona qaror qabul qiladigan odam emasman, albatta. Bu masalani tashkilotimizdagi qator odamlar, ya'ni direktorlar kengashi ko'rib chiqadi. Ular ham bu jarayonda ishtirok etadi. Har bir nomzod muhokama qilinadi.
Lekin bu yil yoki o'tgan yil hatto nomzodlar orasida o'zbeklar, o'zbekistonlik jurnalistlar bo'lmadi. Chunki katta-katta ishlar qilgan, jurnalist sifatida katta yutuqlarga erishgan, ya'ni nozik masalalarni yoritgan, yoki aytaylik katta korrupsion mexanizmlarni fosh etgan va shunga o'xshash katta reportajlari bilan tanilgan jurnalistlar hozircha yo'q. Bundan tashqari rus tilida faoliyat yuritadigan jurnalistlar ko'pincha ayrim tashkilotlar tomonidan yaxshiroq tanish bo'ladi. Men bunga guvoh bo'lganim, shu yil Bishkekda yozda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) media forumi bo'lib o'tdi. Unda ham O'zbekiston nomidan qatnashgan ikki jurnalist, o'sha yerda nutq so'zlagan har ikki jurnalist ham rusiyzabon jurnalist edi. Nima sababdan o'zbeklar yo'q? Qolaversa, o'zbeklar O'zbekistonda aholining aksariyati, to'g'rimi? Misol uchun qo'shni Qirg'izistondan farqli ravishda O'zbekistonda aynan o'zbek tilida matbuot jadal rivojlanib kelyapti, demak asosiy makon o'zbek tilida, OAV va blogerlar. Mening nazarimda mana shu savollarni ko'tarish to'g'ri. Lekin matbuot erkinligi kuchayar ekan, O'zbekistondan ham shunaqa kuchli jurnalistlar chiqib turli xalqaro mukofotlarga sazovor bo'lishlariga men ishonaman.