Qozog’iston va Eron tashqi ishlar vazirlari o’rtasida telefon muloqoti bo’lib o’tgani inobatga olinmasa, Markaziy Osiyo davlatlarining AQSh-Eron ziddiyati yuzasidan hozircha sukut saqlayotgani kuzatiladi.
Qozog’iston tomoni xabariga ko’ra, mamlakat tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi va Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif o’rtasidagi suhbat Eron tomoni tashabbusiga ko’ra tashkil qilingan
Suhbatda Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilingan. Muxtor Tilovberdi mintaqadagi tarang vaziyat yuzasidan tashvish bildirgan. Tomonlarni zo’ravonlikdan tiyilishga, ziddiyatni diplomatik yo’llar bilan hal etishga chaqirgan.
Qozog’iston tomoni Eron tashqi ishlar vaziri bilan o’tgan suhbatdan tashqari Yaqin Sharqdagi ziddiyatga doir biror rasmiy bayonot bilan chiqmagan.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham hozircha AQSh-Eron o’rtasidagi keskinlik yuzasidan biror rasmiy munosabat mavjud emas.
Ayni paytda AQSh davlat kotibi yordamchisi o’rinbosari Elis Uelles Tojikistonda.
7-yanvar kuni u Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan muzokara o’tkazgan.
Tojikiston tomoni uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar rivoji, shuningdek, Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha hamkorlik muhokama qilingani haqida xabar beradi. Uchrashuvda AQSh-Eron o’rtasidagi ziddiyat, Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilingani yuzasidan ma’lumot yo’q. Tojikiston hukumatining AQSh-Eron ziddiyatiga doir biror bayonoti ham mavjud emas.
Mintaqaning boshqa davlatlari O’zbekiston, Qirg’iziston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari ham Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan hozircha biror munosabat bildirmagan. Ammo mintaqa matbuotida ikki o’rtadagi keskinlik keng muhokama qilinayotgani kuzatiladi. Ayrim tahlilchilar mintaqa davlatlaridagi bu sukutni betaraflikka ham qiyoslashmoqda.
O’zbekiston matbuotidagi sharhlar asosan voqealar tadriji, xalqaro matbuotdan ko’chirima va iqtiboslar bilan cheklanmoqda. Tojikiston matbuotidagi chiqishlarda mamlakatdagi ayrim siyosatshunoslar Sulaymon Qosimiyni yo’q qilishga buyruq bergan AQSh prezidenti ma’muriyatini keskin tanqid qilmoqda.
Qozog’iston matbuotida ham AQSh-Eron ziddiyati, bu ziddiyatning Qozog’istonga qanchalik ta’sir ko’rsatishi yuzasidan mushohadalar ketayotgani kuzatiladi. Mamlakatdagi taniqli ekspert Do’sim Satpayevning matbuotdagi intervyusiga ko’ra, Qozog’istonning Eron bilan aloqalari AQSh sanksiyalariga nisbatan biror e’tiroz bildirish darajasida emas.
O’zbekiston va Eron o’rtasidagi aloqalar ham hamisha o’ta ehtiyotkorona bo’lib kelgan. Mirziyoyev davriga kelib, aloqalarda o’zgarishlar qilishga urinishlar bo’ldi. Ammo jiddiy natijalar qayd etilganicha yo’q.
AQSh-Eron o’rtasidagi ziddiyat AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida tashqi ishlar vazirlari darajasida kutilayotgan uchrashuvga ham o’z ta’sirini o’tkazdi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pomeoning mintaqaga, jumladan, O’zbekistonda kutilgan safari bekor qilindi.
Toshkentda AQSh va mintaqa davlatlaridan iborat C5+1 muloqotining navbatdagi majlisi o’tishi kerak edi. AQSh davlat kotibi so’nggi paytga kelib, Iroqda AQSh elchixonasiga qilingan hujum ortidan uchrashuv boshqa muddatga qoldirilganini bildirdi.
Tomonlar o’rtasidagi ziddiyat 3-yanvarda Eron generali Sulaymon Qosimiyning Iroqda AQSh havo kuchlari tomonidan o’ldirilishi ortidan keskin nuqtaga chiqdi. Ayni paytda Yaqin Sharqda yangi urush boshlanishi ehtimolidan xavotirlar kuchaygan.
Eron generalini yo’q qilishga buyruq bergan AQSh Prezidenti Donald Tramp uni millionlab insonlar, shu jumladan, amerikaliklar umriga zomin bo’lgan dunyodagi birinchi raqamli terrorchi deb atadi.
Eron rahbariyati general Qosim Sulaymoniy o’limi uchun AQShdan qasos olinishi muqarrarligi haqida bayonot bilan chiqqan. Ayrim manbalarda Eron AQShdan qasos olishning turli usullari, yo’llarini ishlab chiqqani ham xabar qilinadi.
AQSh prezidenti Eron tomonidan AQShga yoki amerikaliklarga hujum kuzatilgan taqdirda javob shafqatsiz bo’lishidan, buning uchun o’ta zamonaviy qurollar ishlatilishidan ogohlantirmoqda.
Yaqin Sharqdagi vaziyatning kutilmaganda bu qadar keskinlashishi dunyo bo’ylab turli munozaralarga sabab bo’lmoqda. AQSh-Eron o’rtasidagi urush butun mintaqaga yoyilishi ehtimoli muhokama qilinayotgan bu bahslar Markaziy Osiyodagi jamoatchilikni ham chetlab o’tmagan. Ammo jamoatchilikdagi mushohadalardan farqli, rasmiy hukumatlar vaziyat yuzasidan munosabat bildirishni hozircha lozim topmagan.
Dunyoning aksariyat davlatlari yetakchilari Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan xavotirda ekanini bildirmoqda, tomonlar o’zaro bosiqlikka chaqirilmoqda.
Urush ehtimoliga doir xavotirlar kuchayar ekan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham dunyo davlatlari rahbarlaridan mintaqada yangi urush avj olishiga yo’l qo’ymaslik so’ralgan chaqiriq bilan chiqdi.