Eron chorshanba tongida Iroqdagi ikki AQSh harbiy bazasiga 20 dan ortiq raketa yog’dirdi. Bu general Qosim Sulaymoniy o’limi uchun qasos ekani aytilmoqda.
Poytaxt Bag’doddan 60 kilometr g’arbda joylashgan Al-Asad bazasi hamda yarim-avtonom Kurdiston hududidagi yana bir baza nishonga olingan.
Amaliyot AQSh hujumida o’ldirilgan Eronning Quds kuchlari qo’mondoni Qosim Sulaymoniy dafn etilishidan bir necha soat o’tib amalga oshirildi.
AQSh va Iroq rasmiylarining aytishicha, raketa hujumida halok bo’lganlar yo’q. Vashingtondagi Atlantika kengashi tadqiqotchisi Tomas Vorikka ko’ra, hujum ataylab qurbonlarsiz amalga oshirilgan bo’lishi mumkin.
“Eronliklar mo’ljalni aniq nishonga olish uchun quruqlikdan raketa otgan. Ular javob berishni istadi, lekin buni proksi guruh orqali emas, o’z nazoratlarida amalga oshirishdi. Inqilobiy gvardiya kuchlari va Eron oliy rahnamosi Ali Xamanaiy qo’li bilan boshqarildi. Ya’ni, ular hujumni nazorat ostida amalga oshirishni xohladi”, - deydi ekspert.
Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif “Twitter” orqali Iroqdagi ikki bazaga hujum “mudofaa maqsadida mutanosib darajada” amalga oshirilganini yozdi va Tehron “urush yoki ziddiyatning kuchayishini istamasligini, lekin o’zini har qanday agressiyaga qarshi himoya qilishini” bildirdi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp oradan bir necha soat o’tib, “Twitter”da “hammasi yaxshi” ekanini yozdi. U, shuningdek, qurbonlar va zarar miqyosi o’rganilayotganini bildirdi.
Shuningdek, bugun Eron poytaxti Tehrondan ko’tarilgan yo’lovchi samolyoti parvozdan ko’p o’tmay qulashi oqibatida yo’lovchilar va ekipaj a’zolari halok bo’lgan.
Ukraina bosh vazirining aytishicha, samolyotda 167 yo’lovchi va to’qqiz ekipaj a’zosi bo’lgan.
Halokat sabablari o’rganilmoqda. Eron davlat matbuoti xabariga ko’ra, Boing 737-800 havo laynerida texnik muammo yuz bergan bo’lishi mumkin.
Samolyot Ukaina Xalqaro havo yo’llariga qarashli bo’lgan. Ayni paytda kompaniyaning barcha reyslari noma’lum muddatga to’xtatilgan.
“Boing” kompaniyasi halokat bo’yicha qo’shimcha ma’lumot yig’ilayotganini bildirdi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Vadim Pristaykoning aytishicha, halok bo’lganlarning 82 tasi Eron, 63 tasi Kanada, 11 tasi Ukraina, 10 tasi Shvetsiya, to’rttasi Afg’oniston, uchtasi Germaniya va yana uchtasi Britaniya fuqarosi bo’lgan.
Samolyot halokati Eron Iroqdagi AQSh bazalariga raketa uchirishidan bir necha soat o’tib yuz bergan.