Eron: Samolyot qora qutisi "Boing"ga berilmaydi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina rasmiylari Tehronda yuz bergan aviahalokat ortidan Eronga uchayotgan va Erondan kelayotgan barcha reyslarni vaqtincha to’xtatdi. Kecha yuz bergan falokatda samolyotdagi barcha 176 odam halok bo’lgan. Eron mutasaddilari qora qutilar topilgani va ayni paytda fojia sabablari o’rganilayotganini bildirdi.

Ukraina havo yo’llariga tegishli samolyot Tehron aeroportidan 2500 metr tepaga ko’tarilgandan so’ng yerga quladi. Eron rasmiylarining aytishicha, ekipaj ovozlari va uchish ma’lumotlari yozilgan moslama topilgan, ammo u samolyotni ishlab chiqargan Amerika kompaniyasiga berilmaydi.

Ukraina to’liq va ishonchli tekshiruv o’tkazilishini talab qilmoqda.

“Albatta, biz bu tekshiruvning imkon qadar shaffof o’tishini talab qilamiz. Bu tekshiruvga ishonchni oshiruvchi barcha xalqaro yoki jamoat tashkilotlari jalb qilinishi kerak”, - dedi Ukraina Bosh vaziri Aleksey Goncharuk.

Ukraina tergov tugaguncha Erondan va Eronga hech bir havo qatnovi bo’lmasligini e’lon qildi.

Samolyotdagi barcha 176 odam halok bo’lgan. Yo’lovchilarning aksariyati Eron va Kanada fuqarolari. Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo tekshiruvda Kanada ekspertlari ham qatnashishidan umid qildi.

“Biz bu masalaga juda jiddiy qaraymiz. Bu kabi falokatlarni o’rganishda Kanada katta malakaga ega sanoqli davlatlardan biri va shu bois biz ham hissamizni qo’shishimiz kerak. To’g’ridan to’g’ri va hamkorlarimiz orqali bu tekshiruvga salmoqli hissa qo’sha olishimizga ishonchim komil”, - dedi Tryudo.

Qurbonlarning ko’pi Kanadaning Edmonton shahridan. Ular orasida yaqinda turmush qurgan yosh oila ham bor edi.

“Tilimiz ojiz. Ulkan falokat bu. Bu samolyotda jamoamizning bir foizini yo’qotdik. O’zim shaxsan juda yaxshi bilgan odamlar bor edi. Bu samolyotning qulashi jamoamizning har bir a’zosiga qaysidir tomondan, albatta, ta’sir qildi”, - deydi Edmonton Eronliklar jamiyati vakili Payman Parseyan.

Falokat Eron Iroqdagi AQSh bazalariga raketa hujumini amalga oshirishidan ko’p o’tmay yuz berdi. U ayni paytda Amerikaning “Boing” kompaniyasi uchun yangi zarba bo’ldi. 2019-yil ikki marta yuz bergan aviahalokat ortidan “Boing”ning “737 Max” rusumli samolyoti parvozdan olingan edi. Besh oy ichida yuz bergan bu ikki fojiada 346 odam halok bo’lgan.