Namoyishchilar: Yolg'onchi Eron hukumati iste'fo bersin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Eron poytaxti Tehronda va mamlakatning boshqa shaharlarida hukumatga qarshi namoyishlar bo’lib o’tmoqda. Aholi Ukraina yo’lovchi samolyotini urib tushirgan hukumatning yolg’onchiligidan g’azabda. Dastlab, samolyotning Eron tomonidan urib tushirilganini G’arb propagandasi deb atagan hukumat biroz o’tib aybi o’z bo’yniga olgan edi.

Tehronning Ozodiy maydonida politsiya yuzlab odamni tarqatish uchun ko’zdan yosh oqizuvchi gaz qo’lladi. Guvohlar odamlarning otilgani, qon to’kilgani haqida xabar bermoqda. Hozircha bu ma’lumotni tasdiqlashning imkoni yo’q, ammo zo’ravovlik yuz bergani haqida dalillar mavjud.

Shanba kuni halok bo’lganlarni xotirlash uchun yig’ilgan aholi g’azabini Eron rasmiylariga qaratdi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Iste’fo ber”, “Yolg’onchilarga o’lim” chaqiriqlari yangrashi ortidan ertasiga ham namoyishlar davom etdi. Politsiya yig’ilganlarni tarqatishga urindi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarga ko’ra, namoyishlar Isfahon va Rasht shaharlariga ham yoyilgan. Odamlar hukumatning urib tushirilgan samolyot haqida xalqni aldaganidan g’azabda.

“O’tgan uch kun ichida haqiqatni inkor etish va yopishga urinish oilalarning azob-uqubatini yanada og’irlashtirdi”, - deydi tehronlik Zahro Razogi.

“Matbuotimiz, siyosiy sabab va manfaatlarga ko’ra, aybni texnik muammoga to’nkashga urindi. Keyinroq vaziyat o’zgarib, haqiqatni aytishga majbur bo’lishdi”, - deydi Said ismi yana bir tehronlik.

Britaniya elchisi shanba bir muddat hibsga olingan. U qurbonlar xotirasiga bag’ishlangan marosimda qatnashib, namoyishlar boshlanishi bilan uni tark etganini aytgan. Hukumat tarafdorlari esa Britaniya elchixonasi oldida to’planib, elchining mamlakatdan chiqib ketishini talab qildi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp “Twitter” orqali hukumatga qarshi namoyishlarni qo’llab, Tehronni “tinch aholiga qarshi navbatdagi qatliom”ni amalga oshirmaslik haqida ogohlantirdi.

Eronning “Fors” axborot agentligiga ko’ra, namoyishchilar AQSh hujumida o’ldirilgan general Qosim Sulaymoniyning rasmlarini yirtib tashlagan.

Eron 8-yanvar kuni general o’limiga javoban Iroqdagi ikki AQSh harbiy bazasiga raketa yog’dirgan edi.

Shu kuni Tehrondan Kiyevga qarab yo’lga chiqqan Ukraina yo’lovchi samolyoti aeroport yaqinida qulab tushdi. Bir necha odam hodisani telefon orqali tasvirga olgan.

Tehron uch kun davomida samolyot urib tushirilganini inkor etdi. Xalqaro hamjamiyat bosimi va dalillar o’rtaga chiqishi ortidan hujumat o’z qarashini o’zgartirishga majbur bo’ldi. Eron Inqilobiy gvardiya kuchlari bosh qo’mondoni yakshanba kuni parlamentga hisobot berdi.

“AQSh bilan urush holatida edik va hanuz shundaymiz. Biz shu xalq askarlarimiz. Xudo haqqi, bu fojiaga guvoh bo’lgandan ko’ra, o’sha samolyotning ichida bo’lib, o’sha yerda yonib, halokatga uchraganim yaxshiroq edi”, - dedi general Husayn Salamiy.

Eron hukumatining boshi fojialardan chiqmay qoldi: dastlab yetakchi generali AQSh tomonidan o’ldirilgan bo’lsa, endi yo’lovchi samolyotini urib tushirgani uchun xalqaro hamjamiyat malomatiga uchradi. Bugun esa o’z xalqi bilan to’qnashmoqda.

Bu orada Amerikada yashovchi eronliklar Vashington va Los-Anjelesda yig’ilib, yo’lovchi samolyotida halok bo’lganlarni hamda tinch namoyishlarda xavfsizlik kuchlari qo’lida jon bergan eronliklarni xotirladi.

Eronlik amerikaliklar Vashingtondagi Ozodlik maydonida to’planib, so’nggi haftalar Eronda halok bo’lgan begunoh insonlar xotirasiga sham yoqdi. Samolyot halokatida 176 kishi, benzin narxi oshishiga qarshi boshlangan namoyishlarda esa 1000 dan ortiq odam halok bo’lgan. Tehronning samolyot urib tushirilganini tan olishi aholini yanada g’azablantirdi.

“Odamlar Eron hukumatini xohlamaydi. Qosim Sulaymoniy terrorchi”, - deydi Lili ismli eronlik amerikalik.

“Ko’chaga chiqsangiz, hibsga olinasiz, hatto o’lishingiz mumkin. Bu odamlar juda jasur”, - deydi Munir ismli yana bir namoyishchi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp “Twitter” orqali ingliz va fors tillarida eronlik namoyishchilarni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

“Umid bor. Buni eshityapman. Dunyodagi eng demokratik davlat bo’lgan Amerika prezidenti biz bilan, shu bois ularda umid katta”, - deydi Shikufa ismli ayol.

“Uning fors va ingliz tilida yozishi yaxshi, lekin biz urush xohlamaymiz”, - deydi Faramarz Zafi.

Los-Anjelesda ham Erondagi qurbonlar xotirlandi. Yig’ilganlar AQShning harbiy agressiyasini qoraladi. AQShda o’quvchi eronlik bir talabaning aytishicha, oilasi Tehron hukumatiga qarshi namoyishga chiqmoqchi.

“Eronda odamlar nima xohlashini biladi. Ular o’z ozodligi uchun kurashmoqda va bizga xaloskor kerak emas. AQSh biz haqimizda qayg’urmasin”, - deydi u.

Ayni paytda Eron poytaxti va boshqa shaharlarda hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda.