“Human Rights Watch” chiqargan yangi hisobotga ko’ra, Xitoy iqtisodiy va diplomatik bosim o’tkazish orqali mamlakatda inson huquqlari buzilishi haqida gapirayotgan tanqidchilarning ovozini o’chirishga harakat qilmoqda. 100 dan ortiq davlatdagi holatni o’rgangan tashkilot hisobotida Pekin nafaqat o’z fuqarolarini, balki xorijdagilarni ham nishonga olayotgani aniqlangan.
Angliya premyer ligasi o’yinchisi Mesut O’zil Xitoyning uyg’urlarga qarshi siyosatini tanqid qilgani uchun Pekin uning jamoasi translyatsiyalarini bekor qildi.
Dunyo bo’ylab so’z erkinligini bo’g’ish yo’lida Xitoy qo’llayotgan iqtisodiy jazo choralaridan biri bu, deyiladi “Human Rights Watch” hisobotida.
“Xitoy inson huquqlari borasidagi ahvolni tanqid qilayotgan har qanday ovozni yoki harakatni o’chirishga urinmoqda. Dunyo bo’ylab turli davlatlarda Xitoy hukumatini tanqid qiluvchi gap-so’zlar iqtisodiy va diplomatik choralar orqali senzuraga uchramoqda”, - deydi Xitoy bo’yicha “Human Rights Watch” tashkiloti tadqiqotchisi Yaku Van.
Tashkilotning 2020-yilgi hisobotiga ko’ra, Xitoy hukumati Prezident Si Zinpin boshchiligida internet, huquq faollari va diniy guruhlar kabi tahdid sifatida ko’rilgan sohalarda nazoratni kuchaytirgan.
“Xitoy madaniy inqilobi yoki shunga o’xshash davrdan beri o’tgan bir necha o’n yillikda biz ko’rayotgan eng qattiq tazyiq bu. Bir million yoki undan ortiq uyg’urlar va turkiy musulmonlar hibslarda saqlanmoqda. Islomdan, madaniy an’analaridan, hatto o’z tillaridan voz kechishga majburlanmoqda”, - deydi “Human Rights Watch” ijrochi direktori Kennet Ros.
Kennet Ros bu yilgi hisobotni taqdim etish uchun Gonkongga borganda mamlakatga kiritilmadi. Xitoy hukumati buni Gonkongdagi namoyishchilarni tashkilot qo’llab-quvvatlagani uchun jazo deb atadi.
“Bu guruhlar odamlarni o’ta zo’ravon jinoyatlar sodir qilishga, “Gonkong mustaqilligi” va ayirmachilik harakatlarini targ’ib qilishga urindi. Gonkongdagi hozirgi beqarorlik uchun shunday tashkilotlar aybdor va ular buning uchun jazolanishi va badal to’lashi lozim”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zovchisi Jen Shuan.
Ko’plab mamlakatlar inson huquqlari poymol qilingani uchun Xitoyni tanqid qildi, ammo Pekinga qarshi aniq choralar ko’rmadi. G’arb ham Breksit kabi mahalliy muammolar bilan o’ralashib qoldi.
“Inson huquqlarining kuchli himoyachisi bo’lgan davlatlar Xitoydagi vaziyat haqida yetarli darajada gapirmadi, chunki Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni buzmaslik uchun Shinjondagi zulm va Xitoydagi boshqa inson huquqlari buzilishi haqida sukut saqlashni lozim topdi”, - deydi Yaku Van.
AQSh Xitoydagi tazyiqlarga aloqador ba’zi kompaniya va rasmiylarga sanksiya qo’llagan bo’lsa ham, hisobotga ko’ra, Prezident Donald Trampning Xitoy rahbari Si Zinpin bilan iliq munosabat o’rnatgani va Meksika chegarasida bolalarning ota-onasidan ajratib olingani AQShning inson huquqlari borasidagi obro’siga putur yetkazgan.
"Human Rights Watch" hisobotida Markaziy Osiyoda ba'zi siyosiy yetakchilarning o'zgargani siyosiy islohotlar bo'yicha umidlarni oshirgani, ammo so'z erkinligining cheklanishi, huquq faollarining hibsga olinishi kabi holatlar mintaqaning barcha besh davlatida hanuz xavotirli masala sifatida qolayotgani qayd etiladi.
O'zbekistonda "Jasliq' qamoqxonasining yopilishi va shu paytgacha blokda bo'lgan bir qator xorijiy saytlarga mamlakat ichidan kirish imkoniyatining berilgani olqishlangan. Ammo siyosiy sabablarga ko'ra hanuz minglab odam hibsxonalarda qolayotgani, dekabrda o'tgan parlament saylovida haqiqiy raqobat va rang-baranglik ko'zga tashlanmagani tanqid qilingan.