Rossiya rahbari Vladimir Putin to’rtinchi va ko’p ehtimol bilan so’nggi prezidentlik muddati tugashi oldidan ayrim prezidentlik vakolatlarini parlamentga o’tkazish niyatida. U xalqqa qilgan murojaatida shu va boshqa bir qator masalalarda konstitutsiyaga o’zgartirish kiritishni taklif qildi. U shuningdek iste’fo bergan hukumat tepasiga yangi bosh vazir nomdozini taqdim etdi. Kuzatuvchilar fikricha, Putinning bu kutilmagan qarori 2024-yildan keyin ham uning qudratda qolish niyati borligini ko’rsatadi.
Prezident bu takliflarining umumxalq referendumiga qo’yilishini bildirdi.
“Rossiya oldida muhim, tarixiy vazifalar turibdi va unda barchaning ishtiroki muhim. Birgalikda biz hayotni yanada yaxshiroq qilamiz. “Birgalikda” degan so’zni ko’p takrorlayman. Chunki Rossiya – bu biz”, - dedi Rossiya prezidenti.
Tahlilchi Pyotr Yelsovga ko’ra, Putinning rejasi faqat bir narsani bildiradi.
“U siyosatining davom etishini kafolatlamoqchi. Buni qila oladimi yo’qmi, bu katta savol”, - deydi u.
Rossiya haqida yaqinda yangi kitob chiqargan Yeltsovning aytishicha, Putin yillar davomida prezident vakolatlarini oshirib bordi va endi kimdir uning o’rniga kelishidan oldin ba’zi huquqlarni yana ortga qaytarmoqchi. Rossiya qurdatli avtokratik rahbarlardan foyda ko’rmadi, deydi u.
“Rossiyaning eng katta zaifliklaridan biri shu, chunki prezident podshoh bilan barobar va Stalin ham shunday bo’lgan. Putindek qudratli odam ketsa, hokimiyatda bo’shliq paydo bo’ladi. Hamma narsa bitta odamga bog’liq bo’lgani uchun keyin nima bo’lishini hech qachon bilmaysiz”, - deydi Yeltsov.
Putin e’loni ortidan Bosh vazir Dmitriy Medvedov boshchiligidagi hukumat iste’fo berdi. Putin Federal soliq xizmati rahbari Mixail Mishustin nomzodini bosh vazirlikka olg’a surdi. Medvedevga esa Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o’rinbosarligini taklif qildi.
Yelsovga ko’ra, Medvedev Putinga joyni saqlab turish uchungina to’rt yil prezident bo’lgan. Endi Putin o’ziga uzoq muddatli voris tayyorlash uchun yangi odamlarni hukumatga olib kelishi mumkin, deydi tahlilchi.
“Putin pragmatik odam. Ular hukumatda qanday ishlashini ko’rmoqchi. Bunga yetarli vaqti bor. Medvedevdan boshqa, ancha yosh odam kelishi ham mumkin”, - deydi ekspert.
Yelsov fikricha, Rossiya hukumatining matbuot ustidan nazorati va kuchli propaganda mashinasi Putin takliflarining referendum orqali qiyinchiliksiz qabul qilinishini ta’minlaydi.