Zokirjon Ibrohimov asli andijonlik. O'zbekistonda jurnalistika sohasida ishlagan. 2000-yillar boshidan beri Shvetsiyada yashaydi. Yaqinda u farzandi bilan AQShda bo'ldi. Sayohat taassurotlarini “Amerika ovozi” bilan bo'lishdi.
“Shu yerda men Amerikaga xos bo'lgan so'z erkinligini ko'rdim, demokratiyani ko'rdim. Kecha ko'chalarni aylanib yurganimizda shu narsaga duch keldikki, bir guruh odamlar baqir-chaqir qilib Amerika prezidentiga qarshi namoyish qilib yurishibti. Nimaga bunday qilishayotganini yaxshi tushunmadim. Menimcha, immigratsiya muammosi bois bo'lsa kerak. Tramp haqida nimalardir deb yurishipti. Lekin na politsiya, na boshqasi kelib ularga xalaqit bergani yo'q. Bu ham so'z erkinligining bir misoli. Shundan kelib chiqib gapiradigan bo'lsak so'z erkinligi eng birinchi planda, ayniqsa jurnalistlar uchun. Xohlardimki, bizning yurtda ham mana shunaqa haqiqiy ma'nodagi so'z erkinligi bo'lsa.
Qariyb 13 yildan buyon oilam bilan Shvetsiyada yashayman. Shvetsiyada ham o'zbekistonliklar anchagina. Amerikadagidek ko'p emas, lekin ancha bor. Lekin farqi shuki, Shvetsiyada soliqlar juda baland, juda ham ko'p o'zbekistonliklar u yerda tadbirkorlik faoliyatini olib borishga harakat qilishgan. Ko'pchiligi buni uddasidan chiqishgan. Lekin, misol uchun, restoran biznesi kabi boshqa bizneslarni yurita olmagan. Chunki inqirozga yuz tutgan. Farqi shu ekanki Amerikada kichik biznesga katta yo'l ochilgan ekan. Har qadamda kimdir kabob pishirib sotsa, kimdir buterbrod sotmoqda. Xullas Amerikada xalq uchun barcha sharoitlar yaratilgan ekan. Ayniqsa kichik biznes bilan shug'ullanadigan insonlar uchun. Shu tomondan farqi bor ekan. Yevropada bunchalik emas. Keyin shu narsani sezdimki, Amerikadagi odamlar yevropadagilarga qaraganda erkinroq, samimiyroq ko'rindi nazarimda.
Amerika kontrastlar mamlakati ekan. Bu yerda butun dunyodan kelgan turli-tuman insonlarni uchratish mumkin. Turli rang, turli ko'rinish, turli xarakterli odamlarni. Xilma-xil odamlarni uchratgan bo'lsakda hech qanday noqulaylik sezmadik. Amerika o'zi immigrantlar mamlakati ekan. Hamma odamlar tashqaridan, boshqa joydan kelgan. To'g'risini aytsam men o'zimni Yevropadagiga qaraganda bu yerda ko'proq erkinroq sezdim. Nimaga desam, atrofimga qarasam hamma o'zimga o'xshagan, turli joylardan kelgan insonlar ekan. Lekin hammasi yordam berishga harakat qildi, o'zimni noqulay sezmadim ham.
Bu yerga kichik qizim bilan birga kelganman. Amerikaga, xususan Nyu-Yorkni tomosha qilib hordiq chiqarish niyatida kelganmiz. Taassurotlar juda ham katta.
Biz Amerika safaridan qoniqdik. Biz asosan Nyu-Yorkning diqqatga sazovor joylarini borib ko'rishga ulgurdik. Bugun “Ozodlik” ma'budasini borib ko'rdik. U yerda odamlar gavjum. Butun dunyodan kelishgan. Hamma muzeyini tomosha qilib, ma'budani fonida rasmga tushib ketyapti.
Hamma joyning o'ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bo'ladi. Lekin, yoqmagan tomonlarini men ko'rmadim. Yoqqan tomoni shu bo'ldiki, Amerikani oldin men boshqacha tasavvur qilardim. Amerikaliklarni qandaydir qo'pol, muomilasi yaxshi bo'lmagan insonlar deb tasavvur qilardim. Lekin buning aksi ekan. Ular juda ham xushmuomila, juda ham sertakalluf insonlar ekan. Kimdan nimani so'ramaylik ular bizga bajonidil ko'rsatib, ba'zilari o'zi hamrohlik qilib bizga kerakli joylarni ko'rsatyapti. Biz bundan juda ham xursand bo'ldik.
Amerikada o'zbekistonliklar juda ham ko'p ekan. Nyu-Yorkning bir nechta rayonlari bor ekanki, u yerda o'zbekistonliklar yashab faoliyat olib borishar ekan. Ko'plari tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirib har xil mashina tuzatish ustaxonasidan tortib oshxona-restoranlargacha, xalqqa xizmat qiladigan turli korxonalarni ochishgan. Ularni ko'rib biz juda ham xursand bo'ldik. Hamkasb vatandoshlar va do'stlar bilan hatto o'zbek restoraniga kirib o'zbek palovini, samarqand palovini tatib ko'rish bizga nasib qildi.
Meni quvontirgan narsa shu bo'ldiki bizning vatandoshlar, o'zbekistonliklar mana shu olis, begona yurtga kelib tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirib, shu yerda til o'rganib Amerika xalqiga xizmat ko'rsatishib, umuman o'zlarini o'zi ta'minlab faoliyatlarini davom ettirishi menda juda katta taasurot qoldirdi.
Men bu yerda amerikaliklarning erkinlik kayfiyatini ko'rdim. Ularda biror narsadan qo'rqish, cho'chish hissiyoti yo'q. Hamma erkin, tinch. O'zini ishini, xizmatini qilib, o'qib yuribti.
Men O'zbekistonda so'nggi paytda mustaqil jurnalist sifatida faoliyat olib borganman. Bir qancha tashkilotlar bilan hamkorlik qilganman. O'zingiz bilasiz “Internews” da birgalikda faoliyat olib borganmiz. O'sha davrda sharoit boshqacharoq, qiyinroq edi. Chunki faoliyatimiz davomida tazyiqlar, qo'rqitishlar bo'lgan. So'z erkinligiga bo'lgan tazyiqlar, bosimlar bois juda ko'p hamkasblar vatanni tark etishga majbur bo'lgan. Eshityapmiz, kuzatib boryapmiz. So'z erkinligi borasida ham hozir O'zbekistonda ancha o'zgarishlar bo'lyapti. Hamkasblar yozishyapti. Ularning yozganlarini o'qib turamiz. Men bundan juda ham mamnunman. Endi yangi davr keldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Ko'plab jurnalistlar, ayniqsa yangi-yangi, yosh jurnalistlar, qalamkashlarga ularning o'z so'zlarini, o'z fikrlarini baralla bayon qilishiga imkoniyat tug'ildi. Shunga harakat qilishyapti. Men o'ylaymanki, yaqin kelajakda O'zbekistonimizda so'z erkinligi darajasi bundan ham yuqoriga chiqadi. U qog'ozda yoki quruq gaplarda emas amalda bo'ladi. Shunga ishonib qolamiz.
Endi Amerikaga keladigan bo'lsak. Bu yer Amerika va har qadamda odamlarning namoyish qilayotganini ko'rish mumkin. Turli partiyalariga va o'zining rahbariga ham noroziliklarini bayon qilib turganini ko'rish mumkin. Bunday narsalar bu yerda odatiy hol. Chunki Amerika tom ma'nodagi demokratiya mamlakati. Ozodlik bu yerda eng birinchi ma'noda. Erkinlik bu yerda birinchi planda turadi”.