Qirg’iziston koronavirusga qarshi qanday choralar ko’rmoqda?

Your browser doesn’t support HTML5

Koronavirus tarqayotgan Xitoy bilan qo‘shni bo‘lgan Qirg‘izistonda kasallikning oldini olish uchun turli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatning Sog‘liqni saqlash vazirligi bildirishicha, Qirg‘izistonda koronavirusni yuqtirganlar qayd etilmagan.

Qirg‘iziston bosh vaziri 27-yanvarda mamlakatga kirish yo‘llari va Xitoydan olib kelinayotgan barcha mahsulotlar jiddiy nazoratdan o‘tayotganini bildirdi.

“23-yanvardan boshlab Xitoyga qatnov to‘xtadi. «To‘rig‘art» va «Erkeshtom» punktlari Xitoydagi yangi yil sababli yopildi. Ammo biz cheklovni kuchaytirdik. U yerda odamlarning kirib-chiqishi ham, mahsulot olib kelishi ham to‘xtatildi”, - deya bayonot berdi Bosh vazir Muhammadqaliy Abilg‘aziyev.

Qirg‘izistondagi eng yirik ulgurji bozorlardan biri bo‘lgan Qorasuv bozori O‘sh viloyatida joylashgan. Bu yerga mahsulotlar asosan Xitoydan olib kelinadi. Vodiy aholisini turli mahsulotlar bilan ta’minlab kelayotgan bu bozorda chegaralarning yopilishi ortidan vaziyat qanday bo‘lishi mumkin? Narx-navoning qimmatlab ketishi kuzatilmaydimi? Bu boradagi fikrlarini o‘rganish maqsadida savdogarlar va xaridorlar bilan suhbatlashdik. Ularning aksariyati Xitoy yangi yil bayrami sababli har yili shu vaqtda chegarani yopib kelgani uchun, hozircha hech qanday muammoni sezishmayotganini, mahsulot olib kirish esa tez orada yana o‘z iziga tushib ketadi degan fikrda ekanliklarini aytishdi.

“Agar chegara ochilmasa, muammo. Lekin bu vaqtinchalik. Har yili shu vaqtda Yangi yilga yopishadi. Yanvar, fevralda yangi yil bayrami bo‘ladi Xitoyda.Virusning chiqqani ortiqcha bo‘ldi. Lekin ochiladi chegara, xudo xohlasa. Virus bo‘yicha biror tushuncham yo‘q. Lekin u kasal chiqqan joy Xitoyning uzoq viloyatida, ancha olisda ”, deydi o‘zini Ramiz deya tanishtirgan savdogar.

Qorasuv bozoriga kelgan o‘shlik Erkin Ro‘ziyev esa hozirgi vaqtda oddiy aholi uchun ochiq va ishonarli ma’lumotlar yetishmayotganini aytadi.

“Internetda chiqayotganlar biz uchun yetarli darajada aniq emas. Odatda, rasmiylar ko‘p narsani yashiradi. Bunday vaziyat Xitoyning tarixida avval ham bo‘lgan. O’nlab insonlar kasallikdan vafot etgan. Shuning uchun biz hozir bu mavzuga jiddiyroq qarashimiz kerak”, - deydi u.

O‘shlik tadbirkor Akmal Ortiqovning aytishicha, agar chegaraning ochilishi kechiksa, narx-navoning o‘sishi kuzatilishi mumkin.

“Xitoylik hamkorlar bilan gaplashsam, yangi yil bayrami virus tufayli 3-fevralga qoldirilibdi. 8-fevraldan ish boshlanar ekan. Agar 8-fevraldan keyin ham chegara yopiq qolsa, demak bunga virus sabab bo‘lgan deyish mumkin. Bu vaziyatda esa menga o‘xshagan Xitoydan mahsulot oladigan tadbirkorlarga tovar yetib kelishi qiyinlashadi, sotilayotgan mahsulotning kamayadi. Narx qimmatlashi mumkin”, - deydi tadbirkor.

Qirg‘izistonda Xitoyda chiqqan virusga bog‘liq vaziyatni nazorat qilish uchun tezkor shtab tuzilgan. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari mamlakatda inson tanasidagi haroratni o‘lchovchi 13 teplovizor, zahirada 3,5 millionga yaqin yuz niqoblari mavjudligini va boshqa zaruriy choralar ko‘rilayotganini aytgan. Shu bilan birga, u “Birinchi radio”ga bergan jonli efirdagi suhbatida Xitoyda tahsil olayotgan ayrim qirg‘izistonlik talabalar vataniga qaytib kelganini, hozir ular izolyatorda tibbiy ko‘rikdan o‘tishayotganini aytdi. Vazir o‘rinbosari talabalarning sog‘lig‘i yaxshi ekanini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozirda Uxan shahrida 15 nafar Qirg‘iziston fuqarosi bor. Qirg‘iziston hukumati ayni paytda Xitoydagi fuqarolarini olib chiqib ketish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Butun dunyoni xavotirga solayotgan koronavirus tezlik bilan yoyilib, Xitoydan 14 mamlakatga turli darajada tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusdan 106 kishi vafot etgan, 4500 dan ortiq odam shu virus bilan kasallangan.

Epidemiya sababli Xitoydagi 15 ta shahar to‘liq yoki qisman yopilgan.