AQSh hukumatining Markaziy Osiyoga nisbatan e'lon qilgan yangi strategiyasi, kuzatuvchilar fikricha, mintaqada geosiyosiy kurashlar faollashgan bir paytga to’g’ri kelmoqda.
Siyosatshunoslar AQSh strategiyasi doirasidagi hamkorlik Rossiya va Xitoy qurshovidagi Markaziy Osiyoga muqobillik, rivojlanishning yangi yo’nalishini taklif etayotganini ta’kidlashyapti.
Davlat kotibi Mayk Pompeoning Markaziy Osiyoga safari, mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan o’tkazilgan yig’ilish ortidan e’lon qilingan hamkorlik strategiyasidagi asosiy nuqta Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetini qo’llab-quvvatlash.
AQSh va Markaziy Osiyo hamkorligining muhim yo’nalishlari ifoda etilgan strategiyada xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, iqtisodiy sheriklikka, shuningdek, mintaqaning Afg’oniston bilan aloqalariga diqqat qaratilgan.
Pompeoning mazkur strategiya yangilanishi arafasida mintaqaga, xususan, O’zbekistonga qilgan safari Xitoy vaRossiya tomonida norozilik uyg’otgani kuzatilmoqda.
Xitoyning Toshentdagi elchixonasi AQShning diniy erkinlikka doir tanqidlarga nisbatan rasmiy bayonot bilan chiqqan bo’lsa, Rossiya nashrlarida Toshkentdagi yig’inda mintaqa davlatlari AQSh bilan hamkorlikda harbiy ittifoq tuzish masalasini muhokama qilishganiga doir taxminlar ilgari surildi.
AQSh elchisi davlat kotibining O’zbekistonga tashrifi yakunlari bo’yicha o’tkazgan matbuot anjumanida Rossiya matbuotidagi bu farazlarni inkor etgan, Xitoyda musulmonlarga nisbatan mavjud cheklovlar esa jiddiy xavotir uyg’otayotganini eslatib o’tgan.
AQShning yangi strategiyasi Markaziy Osiyoga, jumladan, O’zbekistonga nima berishi mumkin?
Bu savolga toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipov shunday javob beradi:
“AQSh Markaziy Osiyodagi yosh mustaqil davlatlar suverenitetini saqlab qolishni, ularning mustaqil, erkin rivojlanishini muhim deb hisoblaydi; qudratli davlatlar bosimiga tushib qolishini istamaydi. Avval ham xavfsizlik bo’yicha hamkorlik muhim ko’rilgan, ammo yangilangan strategiyada terrorizm, ekstremizmga qarshi kurashish alohida diqqat bilan kuzatiladi. Nazarimda, bu strategiyaning asosiy mohiyati AQSh mintaqa davlatlarini o’ziga do’st, yaqin hamkor ekanligini e’lon qilishi, bildirishidir. Yana bir ahamiyatli tomoni, bu strategiya mintaqaning texnologik rivojlanishi uchun yordamni maqsad qiladi. Bunda sarmoyalar kiritilishi, zamonaviy, yuqori texnologik vositalar bilan ko’mak ko’rsatish nazarda tutilmoqda. Tabiiyki, strategiyada AQSh uchun doimiy bo’lgan qadriyatlar inson huquqlari, demokratik tamoyillar rivojlanishida mintaqa davlatlari bilan yaqindan hamkorlik ham oz ifodasini topgan”, - deydi Tolipov.
Siyosatshunos AQSh strategiyasining yangilanishi, Davlat kotibi Mayk Pompeoning Markaziy Osiyoga safari mintaqadagi geosiyosiy vaziyat jiddiy faollashgan, turli siljishlar ehtimoli kuchaygan bir paytga to’g’ri kelayotganiga diqqat qaratadi.
“Pompeo tashrif nafaqat mintaqaviy aloqalar muhokamasi, "C5+1" yig’ilishi bilan, balki Prezident Mirziyoyev bilan ikki tomonlama munosabatlar muzokara qilingani bilan ham muhim. Bu AQSh O’zbekiston bilan aloqalarga alohida diqqat qaratayotganiga ham bir ishora. Bu tashrif geosiyosiy ko’rsatkichga egaligi, AQSh mintaqa davlatlarini raqobatdoshlari ta’siridan xolos qilib, o’zi tomon o'girishga harakat qilayotgani haqida aytildi. Qaysidir ma’noda bu qarashlar to’g’ri. Davlat kotibining safari AQSh mintaqadagi geosiyosiy jarayonlarga befarq qolmasligidan darak. Markaziy Osiyoda esa geosiyosiy siljishlar boshlangan. Bir tomonda Xitoy “Bir kamar, bir yo’l” dasturi bilan kirib kelyapti. Boshqa tomondan Rossiya Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini kengaytirish harakatida, O’zbekistonni unga undayapti. Mintaqa bu qudratlar o’rtasida siqilib qolgandek. Shunday bir sharoitda uchinchi bir qudrat - AQSh ham bu jarayondan chetda turmasligini bildirmoqda. Mintaqa davlatlari, jumladan, O’zbekiston ham Rossiya, Xitoy bosimiga tushib qolmasligi uchun, geosiyosiy muvozanatni tiklash va mintaqani rivojlantirishning muqobil yo’llarini taklif qilmoqda. AQShning yangilangan strategiyasi ham, davlat kotibining tashrifi ham Vashingtonning geosiyosiy raqobatga kirishish, mintaqaga muqobil imkoniyatlar taqdim etish qaroridan darak”, - deydi Farhod Tolipov.
Pompeo 1-3-fevral kunlari Markaziy Osiyoda bo’ldi. Davlat kotibi mintaqa safarini yakunlashi ortidan Vashingtonda AQShning Markaziy Osiyoga doir yangilangan strategiyasi taqdim qilindi.
Bu strategiya doirasidagi hamkorlik mintaqa bilan ikki tomonlama aloqalar, shuningdek, Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlaridan tashkil topgan "C5+1" guruhi doirasida yuritilishi kutilmoqda.