O'zbekiston Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov AQShda Tijorat vazirligi, Moliya vazirligi, qimmatbaho qog'ozlar bozori rahbarlari hamda ularni nazorat qiluvchi komissiya bilan muloqotda. Maqsad - dunyoning eng yirik moliyaviy o'chog'idan zarur saboqlar va texnik yordam olish.
Vashingtonda 12-fevral kuni kechgan uchrashuvda AQSh hukumatining O'zbekiston bilan ishlaydigan qator organlari, jumladan Davlat departamenti, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi hamda Tijorat vazirligidan hamda Aksiyalar va birjalar komissiyasidan rasmiylar ishtirok etdi.
Hozirgi asosiy e'tibor O'zbekistonda kapital bozori shakllanishi uchun qonuniy zamin yaratishda.
Tijorat vazirligining bosh yuristi Stiven Gardner O'zbekistonga uzoq yillar oldin qilgan safarini eslar ekan, bozordan uch dollarga sotib olgan san'at asari hamon uyini bezab turgani, har kuni nonushta qilayotganida unga bir qarab qo'yishini aytadi.
"O'zbekiston, albatta, o'z kapital bozoriga ega bo'la oladi. Amerika o'z tajribasi, bilimi va yordamini ayamaydi. Biz respublika bilan bu sohada ishlashni endi boshlayapmiz", - deydi Gardner.
Gardnerning idorasi qoshida Tijoriy qonunlarni rivojlantirish dasturi degan bo'lim bor. Uni boshqaruvchi huquqshunos Maykl Kofild deydiki, O'zbekiston kapital bozorini shakllantirishning dastlabki bosqichida. Shu bois sabr-toqat, tirishqoqlik, kuchli iroda va vaqt katta ahamiyat kasb etadi, deydi u.
"Faqat bizning bo'lim va vazirlik emas, Amerika hukumatining boshqa qismlari ham bu borada O'zbekistonni quvvatlashga bel bog'lagan", - deydi Kofild.
"O'zbekistonda kapital bozori oldin ham bo'lgan, biroq u isloh qilinishi va kengayishi kerak. Ishni albatta qonunchilikni moslashtirishdan, nazorat tizimini qayta ko'rib chiqishdan boshlash zarur".
"AQSh allaqachon o'z mutaxassislarini yuborib, ular bu agentlikda va hukumatning boshqa tizimlarida faoliyat yuritib, hamkasblari bilan ishlamoqda. Biz bu yerda, hukumatimizning barcha tegishli organlari bir yoqadan bosh chiqarib, madad ko'rsatamiz", - deydi yurist.
Kofild va uning idorasi Markaziy Osiyoda mintaqaviy loyihalar olib borgan, lekin O'zbekiston ular bilan yaqindan hamkorlikni yo'lga qo'yayotgan ilk davlat. Chegara va savdo yo'nalishida qator loyihalar amalga oshirilgan, deydi Kofild, biroq aynan kapital bozori uchun qonunchilikni isloh qilish borasida AQSh ham birinchi marta mana shunday ko'mak ko'rsatmoqda.
O'zbekiston rahbariyati bu sohada tezroq katta yutuqlarga erishmoqchi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda bir necha bor ta'kidlagan.
"Boshida hamma narsa ko'proq vaqt, e'tibor va mehnat talab qiladi. Sabr-qanoat zarur", - deydi Kofild.
"Hozir bu bozor nimadan iborat bo'lishi, uni kim tebratishi, qanday nazorat qilinishi, O'zbekiston undan qanchalik manfaatdor ekani haqida puxta o'ylab, rejalab, qadamma-qadam loyihalab chiqish kerak. Poydevor qanchalik mustahkam bo'lsa, shuncha yaxshi. Tezlik va samaradorlik mana shu omillarga bog'liq".
Otabek Nazirovga ko'ra, hozirda O'zbekiston kapital bozorida aylanayotgan pul yalpi milliy daromadning 0,5 foizini ham tashkil etmaydi. Oldinda tog'dek vazifalar.
"Amerika yordami ulkan ahamiyatga ega, ayniqsa qonun ustuvorligi bobida. Kapital bozorida savdo qiladigan tomonlar, sotuvchi va xaridor orasidagi munosabatlar, nazorat mexanizmlari - hammasi oshkora, adolatli va aniq. Qimmatbaho qog'ozlar bozori, birjalar faoliyati, tadbirkorlar, xususiy sektor - kapital bozoridagi har bir ishtirokchi qonuniy himoya qilinishi, muammolar chiqqanida ular sudlarimizga tayana olishi, adolatga suyanib harakat qila bilishi kerak. Bozor iqtisodiyotining asosiy shartlaridan biri - qonun amaliyotini ta'minlash", - deydi Nazirov.
U boshqarayotgan agentlik oldidagi og'ir ishlardan biri butun tizimga kapital bozori ahamiyati va rolini tushuntirish.
"Yangi bir struktura yaratilmoqda. Odatda O'zbekistonda mablag' banklardan kelgan va moliyalashtirish asosan davlatga bog'liq bo'lgan. Biz esa endi O'zbekistonda xususiy sektor uchun muqobil moliya bozori joriy etish harakatidamiz. Hamma uchun yangi bir tajriba. Sarmoyador va sarmoyaga muhtoj tomonlar orasida boshqacha bir munosabatlar shakllanadi. Hozir biz hammaning bu boradagi bilimi va tasavvurini oshirishimiz kerak. Kapital bozori zaruratini ularga anglata olishimiz kerak".