Dunyo yetakchilari Myunxenda global ziddiyatlarni muhokama qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Myunxen Xavfsizlik konferensiyasi, Myunxen, Germaniya, 2020-yil, 14-fevral

Erondan Gonkonggacha, Ukrainadan Liviyagacha xalqaro ziddiyatlar avj olgan bir paytda dunyo yetakchilari Germaniyada uch kunlik Myunxen Xavfsizlik konferensiyasida qatnashmoqda. Koronavirus epidemiyasi va global iqlim o’zgarishi yig’inda muhokama qilinadigan masalalar ro’yxatida.

AQSh Myunxenga Davlat kotibi Mayk Pompeo va Mudofaa vaziri Mark Esper yetakchiligida katta delegatsiya jo’natdi. Vashington bu bilan dunyodan uzilib qolmaganini ko’rsatmoqchi, deydi tahlilchi Elizabet Bro.

“Ayni paytda AQSh so’nggi chorak asrda Yevropadagi eng katta harbiy mashg’ulotlarini boshlayapti. AQSh Yevropadan uzoqlashyapti deb aytayotgan paytimizda buni qayd etish lozim”, - deydi u.

Vashington Myunxenda Eron masalasini ham ko’tarishi kutilyapti. Shu yil boshida AQSh dron orqali Iroqda Eron generali Qosim Sulaymoniyni o’ldirgandan beri mintaqa notinch.

Konferensiya mezboni Volfgang Ishinger esa Eron yadro bitimiga oid kelishuvni qayta jonlantirishdan umidvor.

“Unga rioya qilib, ballistik tizimlar, mintaqaviy xavfsizlik va terrorga qarshi kurash doirasida muzokaralarni yanada kengaytirish kerak. Eron Hizbullohni qo’llab-quvvatlashni to’xtatadimi? Shu kabi savollarni ko’rib chiqish lozim”, - dedi u.

Sulaymoniyning Iroq hududida o’ldirilishi Bag’dodni ham norozi qildi. Iroq parlamenti besh ming kishilik AQSh qo’shinlarini mamlakatdan chiqarish haqida qaror chiqardi.

IShIDga qarshi Iroq askarlarini tayyorgarlikdan o’tkazishni NATO o’z zimmasiga olmoqchi. AQSh Mudofaa vaziri Mark Esperga ko’ra, bu taklif Vashingtonga ma’qul.

“AQSh o’rnini qaysidir darajada NATO egallasa, biz kop’roq askarlarimizni vatanga qaytarishimiz mumkin”, - dedi Esper.

Suriyadagi ixtilof Yaqin Sharqning eng og’riqli nuqtasi bo’lib qolmoqda. Anqara shu hafta o’ldirilgan turk askarlari uchun Damashqdan o’ch olinishini aytmoqda.

Liviyadagi urush ham Yevropa ko’rib chiqadigan masalalar ro’yxatida.

Afg’onistondagi tinchlik muzokaralarida siljish borligi xabar qilinmoqda. AQSh va Tolibon kelsihuvga yaqin turgan bo’lishi mumkin.

Anjumanda Xitoydan tashqi ishlar vaziri qatnashadi. Koronavirus epidemiyasi, Gonkongdagi namoyishlar va Xuavey kompaniyasiga nisbatan mavjud xalqaro qarshilik konferensiyada muhokama qilinishi mumkin.

Bu orada Rossiyaning sharqiy Ukrainada isyonchilarni qo’llashda davom etayotgani Yevropani bezovta qilmoqda. Fransiya yaqinda Moskva bilan muloqotni qayta boshlashga chaqirdi.

“Ko’plab markaziy va sharqiy yevropaliklar xavotirda”, - deydi Elizabet Bro.

Dunyoda ziddiyatlar kuchayib borar ekan, xalqaro hamjamiyat yetakchilari uch kun Myunxen markazidagi mehmonxonada kelajak haqida bahs olib boradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2020-yil, 14-fevral