Turk investorlari O'zbekistonga ishonadimi?

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Turkiyada mamlakat rahbari Rajab Toyyib Erdog'an qabul qilmoqda. 19-fevral, 2020.

Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga ikki kunlik rasmiy tashrifi boshlandi. O‘zbekiston rahbarining Anqaradagi safari uchrashuvlarga boy: turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdog‘an bilan muzokaralar, oliy darajadagi ikki tomonlama strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi, Turkiya prezidentining xalq kutubxonasi ochilishida qatnashish.

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Erdog'an Shavkat Mirziyoyevni kutib olmoqda

O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari oxirgi bor 2019-yilning 15-oktabrida Ozarboyjon poytaxti Bokuda uchrashgan edi. Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng avvalgi prezident Islom Karimovdan farqli ravishda Turkiya bilan aloqalarni mustahkamlashga kirishdi. Xususan, davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar tobora ortmoqda. Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayiboshlash hajmi qariyb 27 foizga o‘sib, 2 milliard 200 ming dollardan oshgan.

Tashrif doirasida Mirziyoyevning Turkiyaning biznes doiralari vakillari bilan uchrashishi ham rejalashtirilgan. Turkiyadagi tadbirkorlar va investorlar O‘zbekistonga qanday ko‘z bilan qaraydi? Ular uchun O‘zbekistonda qanday imkoniyatlar bor? Uchrashuv ana shunday savollarga oydinlik kiritishi kutilmoqda.

“Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasining Anqaradagi filialini 1997-yildan beri boshqarib kelayotgan Sulaymon Mardono‘g‘lining aytishicha, O‘zbekistonda Turkiya fuqarolari uchun bir oylik vizasiz rejimning joriy etilishi turk tadbirkorlariga katta qulaylik yaratdi.

“O‘zbekistonda turkiyalik investorlar uchun bir qator sohalarda ishlar bor. Masalan, qurilish, qishloq xo‘jaligi, turizm, tog‘-kon, ta’lim, xizmat ko‘rsatish. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 2019-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda turk sarmoyasi bilan 231 ta korxona tashkil etildi, hozirga kelib bunday korxonalar soni 1306 taga yetgan”, – deydi u.

Sulaymon Mardono‘g‘li O‘zbekistonni yaqindan biladi. O‘zbekistonga bag‘ishlangan uch kitob hamda turli mavzulardagi yuzdan ortiq maqolaning muallifi. Ijtimoiy tarmoqda “O‘zbekiston biznes dunyosi” deb atalgan va 7 mingdan ortiq tadbirkor a’zo bo‘lgan guruhning asoschisi. U O‘zbekistonda faoliyat olib bormoqchi bo‘lgan turk tadbirkorlariga maslahat beradi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.

“So‘nggi yillarda turkiyalik tadbirkorlarning O‘zbekistonga qiziqishi ancha ortdi, – deydi u. – Ularning istagiga ko‘ra, O‘zbekistonga 5-6 kunlik biznes safarlar uyushtiryapman”.

Ayni paytda Mardono‘g‘li Turkiya O‘zbekistonning uchinchi yirik savdo hamkori bo‘lishiga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ancha kamligini aytadi.

“Davlatlarimiz o’rtasidagi iqtisodiy aloqalar yanada rivojlanishi uchun rasmiylar ancha harakat qilayapti. Masalan, O‘zbekistonning Anqaradagi elchisi Alisher A’zamxo‘jayev Turkiyaning o‘ttizdan ortiq viloyatiga borib, tadbirkorlarni O‘zbekistonga investitsiya kiritishga chorladi. Mana, bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev prezidentimiz Rajab Toyyib Erdog‘anning taklifiga binoan Turkiyaga keldi. Aytish kerakki, savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi siyosat, madaniyat va ta’lim sohalaridagi aloqalarning rivojlanishiga ham bog‘liq”, – deydi Sulaymon Mardono‘g‘li.

Ayni paytda Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonlik iqtisodchi Farhod Soliyevga ko‘ra, eng muhimi – ikki o‘rtada o‘zaro ishonchning mustahkamlanishi. “Chunki O‘zbekistonga sarmoya kiritib, “og‘zi kuyib” qolgan turklar ham yo‘q emas, – deydi u. – Shunday ekan, qolgan tadbirkorlarning ehtiyotkor bo‘lishi tabiiy. Mirziyoyevning bugungi tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi ishonchning ortishiga xizmat qilishi kerak”.

O‘zbekiston ustidan xalqaro instansiyalarga arz qilgan turk investorlari orasida “Gunesh tekstil”, “Federal yatirim elektrik” va “Bursel tekstil” kompaniyalari ham bor. Ular va O‘zbekiston o‘rtasidagi nizo yillab davom etyapti. Xususan, Investitsion nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markaz qoshidagi Arbitraj tribunali 2019-yilning oktabrida “Gunesh tekstil”ning da’vo talabini qisman qondirib, O‘zbekiston turkiyalik investorlarga mol-mulki torib olingani uchun 40 million dollar kompensatsiya to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqardi. Ammo O‘zbekiston investitsiya bitimlari bo‘yicha o‘z tarixidagi ushbu eng yirik jarimani to‘lamoqchi emasga o‘xshayapti: joriy yilning 12-fevralida O‘zbekiston tomoni Artibtraj tribunalining qarori bekor qilinishi talabi bilan kassatsiya tartibidagi shikoyat bilan murojaat qildi.

Bunday nizolar davom etayotgan bir paytda turkiyalik investorlar O‘zbekistonga borishi mumkinmi?..

Farhod Soliyevning ta’kidlashicha, agar Toshkent chet ellik investorlarni jalb etishni istasa, birinchi navbatda mamlakatda qonun ustuvorligini va investorlar huquqlarini ta’minlash uchun jiddiy choralar ko‘rishi zarur.

“Xorijlik investor qaysidir amaldorning yoki hokimning gap-so‘ziga emas, aynan qonunlar qanchalik ishlayotganiga qaraydi. Qonun ustuvorligini ta’minlash kerakligini, mana, Anqaradagi elchimiz ham tan olib gapirdi. Albatta, bu bir yilda bo‘ladigan narsa emas, islohotlar o‘tkazish, kadrlar tayyorlash kerak bo‘ladi”, – deydi u.

Iqtisodchi Soliyev hozir yirik turk sarmoydorlari chet ellarga unchalik intilmayotganini aytar ekan, buni Turkiyada yuzaga kelgan iqtisodiy turg‘unlik davri bilan bog‘ladi.

“Turkiyadan O‘zbekistonga yirik, ikki davlatning iqtisodiy munosabatlariga ta’sir ko‘rsatish qudratiga ega investorlar borayotganini ko‘rmayapman. Borganlari hatto o‘rta darajadagi emas, mayda investorlar hisoblanadi. Ayni paytda biz uchun eng ma’quli turkiyalik investorlarni chaqirish emas, bu yerdan O‘zbekistonga texnologiya olib borish va shu yerga kelib tajriba oshirish. Masalan, to‘qimachilik, turizm, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida turklarning tajribasini o‘rgansak bo‘ladi, – deya fikr bildirdi Soliyev. – Birgina turizmni olaylik. Mana, Xiva 2020-yilda Turk dunyosi madaniy poytaxti deb e’lon qilindi. Buxoro Islom madaniyati poytaxti bo‘ldi. Bularning zamirida mamlakatga ko‘proq turist jalb qilish yotibdi. Lekin na Xiva, na Buxoro borasida nimadir ishlar qilinayotganini shu paytgacha ko‘rmadim. Turkiyaning esa bunday ishlarda tajribasi katta. Qolaversa, eng katta muammolardan biri – aviachiptalarning qimmatligi. Turkiyaliklar 400-500 yevro bilan Yevropani aylanib kela oladi. O‘zbekistonga borib kelaman desa 1000 dollar ham yetmaydi. O‘zbekiston – turistlar uchun qimmat davlat”.

Farhod Soliyev xorijiy investitsiyani dopingga o‘xshatdi. Uning aytishicha, bu “doping” qandaydir sabab bilan birdaniga to‘xtab qolishi ham mumkin. Shuning uchun u chet ellik investorlarga umid qilgandan ko‘ra, xorijga borib tajriba o‘rgangan afzalroq degan fikrda.