Rossiya va Turkiya Suriya masalasida kelisha oladimi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Besh yil davomida Rossiya Suriyada raqib va hamkorlari bilan nozik muvozanatni saqlashni uddalab keldi. Lekin so’nggi paytda Turkiya va Damashq o’rtasida qurolli to’qnashuvning kuchaygani Kremlning Yaqin Sharqdagi vositachilik rolini zaiflashtirishi mumkin.

2015-yil Suriyadagi fuqarolar urushiga qo’shilgan Rossiya o’z atrofiga ittifoqchilarning murakkab tarmog’ini qurdi.

Prezident Vladimir Putin Damashqdagi Bashar Assad hukumatini qo’llab-quvvatlab, o’tmishdagi kelishmovchiliklarni unutgan holda Eron bilan ham ittifoqchilik aloqalarini o’rnatdi.

Kutilmaganda, u Turkiya bilan ham hamkorlik qila boshladi.

Damashqning ashaddiy dushmani bo’lgan Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdog’an umumiy dushman – “Islomiy davlat”ga qarshi Kreml bilan birga ishlashni lozim topdi.

Tahlilchilar esa ittifoqning yuzaki ekanini aytmoqda.

“Ularni ittifoqchi demagan bo’lardim. Balki hamkorlardir. Lekin ayni paytda ular raqib. Rossiyaning asosiy maqsadi Bashar Assadni saqlab qolish. Suriyada va Yaqin Sharqda Rossiyaning asosiy vazifasi shu”, - deydi tahlilchi Aleksey Malashenko.

Suriya shimoli-g’arbidagi Idlib viloyatida yuz bergan so’nggi to’qnashuvlar ortidan Rossiya va Turkiya o’rtasida ziddiyat kuchaydi.

Havodan Rossiya yordamini olgan Assad kuchlari muxolifat qo’lidagi so’nggi hududni qo’lga kiritishga urinar ekan, Suriya-Turkiya chegarasida millionga yaqin aholi o’z uyini tashlab qochgan.

Anqara esa hududni va undagi muxolif kuchlarni har qanday badal evaziga himoya qilishini e’lon qildi.

1-mart kuni Turkiya Idlib osmonida Suriyaning ikki qiruvchi samolyotini urib tushirdi va Suriya harbiy bazasini yakson qildi.

Bu avvalroq 30 dan ortiq Turkiya askari o’ldirilgan hujumga javoban amalga oshirildi. Askarlar 2018-yil Rossiya vositachiligida kelishilgan hududda bo’lishiga qaramay, Assad kuchlari nishoniga uchragan.

Kuzatuvchilar fikricha, Rossiya bu safar o’z so’zini o’tkaza olishda qiynalishi mumkin.

“Albatta, Rossiya Damashq ustidan ta’sir kuchiga ega. Lekin masalaga boshqa tomondan qarang. Rossiya Suriyada o’ralashib qoldi. Hozir u Damashqqa, agar aytganimni qilmasangiz, kuchlarimizni olib chiqib ketamiz, deb ayta olmaydi”, - deydi rossiyalik tahlilchi Aleksey Xlebnikov.

Rossiyaning Yaqin Sharqdagi rejalari Assadning hokimiyatda qolishi bilan bog’liq ekan, Rossiya Damashq-Anqara to’qnashuvida Assadni qo’llab-quvvatlashga majbur, deydi kuzatuvchilar.

Ayni paytda, deydi ular, Rossiya NATO a’zosi bo’lgan Turkiya bilan to’g’ridan- to’g’ri ziddiyatga kirishni istamaydi. Bu Anqara bilan qurol-aslaha, gaz va yadro energiyasi bo’yicha tuzilgan kelishuvlar kelajagini ham xavf ostiga qo’yadi.

“Rossiya va Turkiya o’rtasida harbiy to’qnashuv bo’lishi mumkinmi? Hech qachon. Shuncha gap-so’zga qaramasdan, har ikki mamlakatga ham bundan foyda yo’q”, - deydi Malashenko.

Erdog’an 5-mart kuni Moskvada Putin bilan uchrashadi.

Yaqin Sharqda vaziyat murakkablashgan bir paytda har ikki tomon uchun maqbul yechim topiladimi? Kreml uchun ayni savol jiddiy sinov bo’lishi kutilyapti.