Pandemiya AQSh qishloq xo'jaligiga qanday ta'sir qiladi?

  • Amerika Ovozi

COVID-19 pandemiyasi ko’plab sohalar qatorida AQSh qishloq xo’jaligiga ham soya solmoqda. Mamlakatda ishchi kuchi taqchilligi yuzaga kelishi mumkin.

AQShning Meksikadagi elchixonasi favqulodda vaziyat munosabati bilan 16-martdan viza xizmatlarini to’xtatishini ma’lum qilgan. Natijada, AQShga H-2A vizasi bilan mavsumiy va doimiy muddatga keladigan qishloq xo’jaligi ishchilari soni qisqarib ketishi mumkin.

Vashington Qishloq xo’jaligi ishchilari assotsiatsiyasi rahbari Dan Fazioga ko’ra, hukumat H-2A vizasini berishni davom ettirish masalasini muhokama qilmoqda.

“Oktabrda hosil olish uchun ishchilar AQShga may oyida yetib kelishi zarur”, - deydi Fazio.

Vashington shtatiga 2019-yilda 25 ming muhojir H-2A vizasi bilan kelgan. Joriy yilda 5 mingdan ziyod ishchi kelishga ulgurgan. Aksariyat muhojirlar may oyida gilos hosiliga yetib kelishi kerak edi.

“Qishloq xo’jaligi muhim soha. Har qanday kechikish iqtisodga jiddiy zarar keltirishi mumkin”, - deydi Fazio.

Bahor mavsumida Oregon shtati issiqxonalardan 995 million dollarlik hosil oladi. Shtatda mahsulotni yig’ib, yuk mashinalariga ortadigan ishchilar taqchilligi allaqachon sezilgan. Koronavirus pandemiyasi tufayli viza xizmatining to’xtab qolgani jiddiy muammolarga sabab bo’ladi, deydi Issiqxonalar assotsiatsiyasi rahbari Jeff Stoun.

“Joriy vaziyat barcha bizneslar uchun birday xavotir uyg’otgan”, - deydi u.