Floridada to’fon va suv toshqini kabi tabiiy ofatlar tez-tez sodir bo’lib turadi. Ular bunday kutilmagan holatlar uchun qanday tayyorgarlik ko’rishni yaxshi biladi. Ammo koronavirus pandemiyasi serquyosh shtat uchun misli ko’rilmagan ofat bo’ldi.
Yuzlab odam virus yuqtirishi ortidan Florida shtati aholisi oziq-ovqat va boshqa zarur ehtiyojlarni g’amlab qo’yish uchun do’konlarga shoshilmoqda.
“Oilam bor, hamma narsa tugaguncha kutib o’tira olmayman. Oilam oldida majburiyatlarim bor”, - deydi Mariya ismli fuqaro.
“Odamlar ko’proq go’daklar ozuqasi, ho’l salfetka va suv buyurtma berishyapti”, - deydi do’kon mahsulotlarini yetkazib beruvchi Rikardo.
“Xitoydagidek karantin e’lon qilinsa, nima bo’ladi? Uydan chiqa olmasangiz, hamma narsani g’amlab qo’yishingiz kerak”, - deydi Mayamida yashovchi Viktoriya.
Koronavirus pandemiyasi, ayniqsa, Floridaning turizm sanoatiga keskin zarba bo’ldi. Sayyohlar oqimi oshadigan bahor mavsumida Mayami rasmiylari barcha tadbir va festivallarni bekor qildi.
“Mayami Open” tennis musobaqasi ham qoldirildi.
Mayami-Deyd okrugi meri Karlos Gimenez restoran, bar va maktablarni yopishni buyurib, keksalar uchun alohida shartlar e’lon qildi.
“Keksalarga xizmat ko’rsatuvchi barcha markazlar tushdan so’ng yopiladi. Chunki keksa fuqarolarimiz “Covid-19” virusiga eng ko’p moyil qatlam. Kelasi haftadan boshlab ularga issiq ovqat tarqatiladi. Hokimiyat vakillari ularga har kuni ovqat yetkazib beradi”, - dedi Karlos Gimenez.
Maymi meri Frensis Suarez ham koronavirusga chalingani aniqlandi. U har kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilib, o’zining sog’ligi haqida xabar berib turibdi.
“Bugun to’rtinchi kun. Ozimni juda yaxshi his qilyapman. Ertalab ikki marta haroratimni o’lchadim. 36,6 daraja chiqdi. Kasallik simptomlari deyarli yo’q. Juda omadliga o’xshayman. Juda sust yoki hech qanday simptomga ega bo’lmagan 80 foizlik kategoriyaga mansubman”, - dedi Mayami meri.
Martning o’rtalarigacha Floridada koronavirusdan to’rt o’lim qayd etildi. Yuzlab odamga virus yuqqan.