“Uyda qoling, ko’chaga chiqmang”; bu chaqiriq koronavirus tahdidi kuchayishi ortidan O’zbekiston matbuotida, ijtimoiy tarmoqlarda muntazam takrorlanayotgan da’vatga aylangan.
O’zbekistonda, so’nggi so'nggi ma'lumotlarga ko’ra, koronavirus aniqlangan shaxslar soni 59 kishiga yetgan.
Hozirgacha muolajada bo’lgan besh bemorda tuzalish qayd qilingan, 4 kishining ahvoli og’ir, 13 kishi salomatligi o’rtacha og’irlikda qolayotgani aytiladi.
25-mart holatiga ko’ra mamlakat bo’ylab karantinga joylashtirilgan fuqarolar soni 20 mingdan oshgan; bundan tashqari yana bir necha ming kishi uy sharoitida nazoratga olingan.
Vazirlar mahkamasi karantin chora-tadbirlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qaror qabul qildi.
Hukumat karantin talabini buzgan fuqarolar, jumladan, jamoat joylarida niqobsiz yurganlar jarimaga tortilishidan ogohlantirmoqda.
Koronavirusga qarshi kurashdan mahalliy faollar, bloggerlar ham chetda emas. Faollar aholini behuda ko’chaga chiqmaslikka, uyda qolib, vaqtdan samarali foydalanishga chaqirmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda faol ko'plab blogerlar o'z sahifalari nomiga "Uyda qoling" jumlasini qo'shib qo'ygan.
O’zbekistonda koravirus qayd qilinishiga oid dastlabki holat 15-mart kuni Fransiyadan qaytgan fuqaroda aniqlangan edi. Shundan so’ng xorijdan kirgan fuqarolarning yana bir nechtasida virus topildi.
Ayni paytda koronavirus tashxisi bilan shifoxonalarda davolanayotgan 56 kishining 30 nafari kasallikni xorijda yuqtirib qaytgani ta’kidlanadi.