Afg'onistonda 100 tolib ozodlikka chiqishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Kobulda qonli xuruj, bir necha odam o'lgan, 25-mart, 2020

Afg'oniston hukumati va Tolibon orasidagi kelishuvga binoan 31-martgacha 100 tolib qamoqdan ozod etiladi.

25-mart kuni o'tgan video anjuman natijasi bu, deydi Javid Faysal, Afg'oniston Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi.

Mahbuslar salomatligi tahdid ostida ekani uchun chiqarilmoqda, deydi u.

Tolibon Qatardagi idorasidan bu jarayonni kuzatish uchun vakillar yuboradi. Mahbuslar Bagrom qamoqxonasidan chiqishi kutilmoqda.

Kobul va Doxa orasidagi video konferensiyada AQSh va BMT rasmiylari, shuningdek, Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi ekspertlari ham qatnashgan.

Muloqotni olqishlagan diplomatlar va mutaxassislar nazarida bu so'zlashuv tinchlik tomon qadam, lekin va'dalar qog'ozda qolib ketmasligi lozim.

Tolibon afg'on xalqi tinchligiga xavf solmaslikka so'z bermoqda. Lekin bugun Kobulda qonli xuruj yuz berib, bir necha kishi o'lgan.

Bu orada Prezident Ashraf G'anini tan olmayotgan Abdulla Abdulla ham o'zini davlat rahbari deb tanishtirib, yangicha siyosat yuritish lozim, deya bong urmoqda.

Abdulla fikricha, G'ani Amerika yordami 1 milliard dollarga kamayayotganidan xavotir olmay, bunga qarshilik qilmay, o'z xalqi manfaatini chetga surmoqda.

G'ani deydiki, Afg'oniston AQSh ko'magi qisqargan taqdirda ham kunini ko'ra oladi. Abdulla deydiki, bunday fikrlash - uzoqni ko'ra bilmaslik.

Abdulla Tolibon bilan ham boshqacha gaplashmoqchi. Harakat avvalo butun mamlakat bo'ylab biror joyda hujum uyushtirmaslikni kafolatlashi shart, deydi u.