Pandemiya davrida xotin-qizlarga qarshi zo’ravonlik va qiynoq hollari global miqyosda sezilarli darajada o’sgan. Ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning ortishi va uy karantini ayollarga qarshi bosimning keskin ortishiga turtki bo’lmoqda. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 5-aprel kuni bayonot berdi.
BMT o’tgan haftada dunyoning qaynoq nuqtalarida urushni to’xtatishga, jahon hamjamiyatini asosiy e’tiborni COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashga qaratishga chaqirgan edi.
“Afsuski, zo’ravonlik faqat jang maydonlaridagina emas. Ayollar maksimal darajada xavfsiz bo’lishi kerak bo’lgan o’z uylarida tahdid ostida. Shu munosabat bilan, dunyoning har bir xonadonida tinchlik va xavfsizlik o’rnatishga chaqiraman”, - dedi Guterrish.
Pandemiya davrida ko’plab mamlakatlarda oilaviy zo’ravonlik ortgan. Shikoyat va arizalar soni o’sib ketgan.
Fransiyada oilaviy zo’ravonlik so’nggi haftada uch barobarga oshgan. Janubiy Afrikada karantin e’lon qilingan ilk haftada xotin-qizlardan zo’ravonlik ishi bo’yicha 90 ming shikoyat qabul qilingan. Avstraliyada oilaviy zo’ravonlikka qarshi onlayn himoya izlaganlar soni 75 foizga ko’paygan. Turkiyada ayollarning zo’ravonlik qurboniga aylanishi ortidan faollar namoyishga chiqqan. E’tirozlar karantin davrida yanada kuchaygan.
Dunyo bo’ylab koronavirusga chalinganlar soni 1,3 milliondan oshib ketdi. O’limlar 73 mingdan ziyod. Aksariyat mamlakatlarda karantin tartibi joriy etilgan.
Ishi va daromadidan ayrilgan, uyda uzoq qolishga ko’nikmagan asabiy erkaklarning ayollarga zulmi kuchaygan. Pandemiya tufayli ko’plab mamlakatlarda politsiya xodimlarining faoliyati ham cheklanib qolgan. Virusni yuqtirgan politsiyachilar ham talaygina.