Ko’pgina amerikaliklar 1968-yilda paydo bo’lgan iborani yaxshi eslaydi: “Sen uzoq yo’l bosib o’tding, jonginam”. Bu ayollar uchun chiqarila boshlagan “Virginia Slims” sigaretalari reklamasi edi. Buni eshitgan yoki o’qigan odam ko’z o’ngida kostyum-shim kiygan, qo’lida diplomat ko’targan ayol gavdalanardi. Va bu butun mamlakatda avj olgan ayollar huquqlari harakatining aksi edi. Harakatga feminist Gloriya Staynem va unga o’xshagan ayollar yetakchilik qilgan.
40 yil o’tib ko’p narsa o’zgardi: sigaretalarni radio va televideniyeda reklama qilish taqiqlandi, ayol esa davlat rahbarligiga da’vo qilmoqda. Ayollar mamlakat bo’ylab tashkilotlar va boshqa idoralarni o’zgartirishga bel bog’lagan.
“Har bir tashkilotda ayollar 20-30 foizga yetsa, bu tashkilot faoliyati qanday amalga oshirilishini tubdan o’zgartiradi, - deydi “Time” jurnali muxbiri va ayollar haqidagi kitob muallifi Jey Nyuton-Smoll.
“Kongressda, Obama ma’muriyati va sudlarda ayollar soni shu raqamga yetay deb qoldi”, - deydi u.
“Hukumat idoralarida yuqori lavozimlarning 30 foizi ayollarga tegishli. Federal sudning 35 foizi, shtatlarda esa sudyalarning 40 foizi – ayollar”, - deydi u.
Tizim qanday faoliyat yuritishini ayol o’zgartira oladimi, degan savol bilan hozir Hillari Klinton to’qnashmoqda. Sobiq birinchi xonim, davlat kotibi va senatorning noyabrdagi saylovida prezidentlik uchun bellashishi kutilmoqda.
Qancha qudrat?
Saylovchilarning 53 foizi – ayollar. Erkaklarga qaraganda saylovlarda 10 foizga faolroq. 1980-yillarda Ronald Reygan ikki muddat prezidentlikka saylanganidan beri ayollar ovozi asosiy ahamiyatga ega. Ular - asosiy kuch, ayollarni hisobga olmasa bo’lmaydi.
O’zgarishga sababchi bo’lish uchun ayollar soni qancha bo’lishi kerak? Xotin-qizlarning siyosiy sahnaga qadam qo’yishiga odatda nima turtki bo’ladi?
Bundan bir necha yil avval ikki olima Nyu-Jersi shtatida bir jarayonni payqagach, izlanish o’tkazishga qaror qildi.
Ratgers universiteti qoshidagi Amerika ayollari va siyosat markazi tahlilchisi, gender tadqiqotlari professori Syuzan Keroll va uning hamkasbi Kelli Ditmar 2004-2011-yillarda Nyu-Jersida shtat qonunchilik organiga 25 ayol – 16 demokrat va to’qqiz respublikachi saylanganini aniqladi. Shtat assambleyasiga a’zo bo’lgan besh ayol esa yuqoriroq ko’tarildi.
Izlanish natijasida 2012-yilda “Tayyorgarlik imkoniyat bilan uyg’un: Nyu-Jersi qonunchilik organlarida ayollarning kengayayotgan roli” nomli hisobot chiqarildi.
(http://www.cawp.rutgers.edu/sites/default/files/resources/preparednessmeetsopptynj.pdf)
Unda yuqorida aytilgan jarayonga tushuntirish berilgan edi: qonunchilar orasida korrupsiya, o’lim, iste’foga chiqish kabi hollar natijasida xotin-qizlar saylangan. Ayollar ma’nan, ruhan mustahkamroq, deb hisoblagan saylovchilar. Eng muhimi – o’sha ayollar eng quyi pog’onadan ko’tarilgan.
“O’shandan beri raqamlar pasaymadi, lekin katta ko’payish ham bo’lmadi. Ayollar ko’paygan sari ularning sonini keskin ko’paytirish qiyinlashadi. Chunki xoin-qizlar ko’payishi uchun barcha ayollar salmoqli muvaffaqiyatga erishishi lozim”, - deya tushuntiradi Keroll.
Boshqa so’z bilan aytganda, bir ayoldan uch nafargacha ko’payish 30 dan 90 gacha ko’payishdan osonroq.
Muvozanatning o’zgarishi
Federal qonunchilik organiga saylangan ayollarning faoliyati natijasida oilalarga to’lanadigan kasallik ta’tilini kafolatlovchi qonun, ayollarni oilaviy zo’ravonlikdan himoyalovchi qonun, ko’krak saratoni tadqiqotlariga ajratiladigan malbag’ni ko’paytirish haqidagi qonun qabul qilindi. O’tgan yili AQSh armiyasida jinsiy zo’ravonlik masalasida qabul qilingan islohotlar ortida ham xotin-qizlar turibdi.
((pic of female senators - hobby lobby issue))
Yutuqlar barobarida kamchiliklar ham kam emas. Masalan, 50 shtatdan bor-yo’g’i oltitasida gubernatorlar – ayollar.
“Yuqori lavozimlarda erkaklardan qolishmasligimizga hali ancha bor. Aksariyat lavozimlar baribir erkaklarda”, - deydi Keroll.
Hillari
Amerikalik xotin-qizlar hozir Hillari Klinton eng katta dovonni oshib o’ta oladimi, prezident bo’la oladimi, deya so’ramoqda.
“Ayolning rahbar bo’lishi jamiyatimizda hamon g’ayrioddiy hol hisoblanadi”, - deydi feminist tadqiqotchi, faol va yozuvchi Jo Friman.
“Vaziyat 40 yil avvalgiga qaraganda yaxshiroq, albatta. Ammo rahbar ayolni ko’rishga odamlar o’rganmagan. Prezident – mamlakatdagi eng yuqori lavozim. Balki butun dunyodagi eng qudratli lavozimdir”, - deydi u.