Breaking News

Tenglik, hurmat va haq uchun kurashayotgan ayollar


Pokiston ayollari zo'ravonlikka qarshi namoyishda
Pokiston ayollari zo'ravonlikka qarshi namoyishda

Futbol bo'yicha jahon chempioni Ebbi Vambax, Gremmi musiqa sovrini g'olibi Juvel va BMT bosh kotibi muovini Lakshmi Purini nima bog'lab turadi?

Ular jinsiy tenglik uchun kurashib keladi. To'siqlarni yengib o'tib, muvaffaqiyat qozongan xotin-qizlar. Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining gender tengligiga doir anjumanida ular "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashdi.

BMT bosh kotibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha muovini Lakshmi Puri fikricha, davlat va xususiy sektorda ayol rahbarlar uchun imkoniyatlar kengayishi kerak.

Dunyoda har besh vazirdan biri ayol kishi. Davlat rahbarlari safida xotin-qizlar faqat 10 foizni tashkil etadi.

Puri deydiki, BMTning xotin-qizlar mavqeini mustahkamlashga qaratilgan loyihasi joriy asrning eng muhim proyektlaridan biridir.

Futbol bo'yicha jahon chempioni Ebbi Vambax (o'rtada), Gremmi musiqa sovrini g'olibi Juvel va BMT bosh kotibi muovini Lakshmi Puri - ularni nima bog'lab turadi?
Futbol bo'yicha jahon chempioni Ebbi Vambax (o'rtada), Gremmi musiqa sovrini g'olibi Juvel va BMT bosh kotibi muovini Lakshmi Puri - ularni nima bog'lab turadi?

Yondashuvni o'zgartirish kerak

Lakshmi Puri Hindiston mustaqillikka erishganidan keyin sal o'tib tug'ilgan. O'z muvaffaqiyatida ayollar huquqlariga hurmati baland bo'lgan ota-onasining xizmati katta ekanini ta'kidlaydi. Avvaliga shifokor bo'lishni orzu qilgan Puri keyinroq diplomatiya dunyosiga kirdi.

Yaponiyada ayol diplomat sifatida ilk bor xizmatga borganida dastlabki qiyinchiliklarni eslaydi.

O'shanda elchi unga faqat ma'muriy ishlarni buyurgani yodida. "Nega endi?" - deya hayron bo'lgan Puri.

"Gap sizda emas. Lekin Yaponiyada biror muharrir ayol kishi bilan ishlamaydi, qabuliga kiritmaydi. Bu yurtning odatlari shunaqa", - deya javob qilgan elchi.

Puri bu tartibga ko'nmagan. "Uch oy muhlat bering. Agar bu odamlarni murosaga ko'ndira olmasam, mayli, keyin faqat qog'ozlar bilan shug'ullanaman", - degan u.

Uch oydan so'ng Puri so'zining ustidan chiqib, barcha erkak hamkasblaridan ildamlab ketgan.

Oilaviy zo'ravonlikka qarshi turing

Amerikalik xonanda Juvelning bolaligi og'ir kechgan. Oilasida zo'ravonlikka uchrab, 15 yoshida uyidan qochib ketgan. Ko'cha-ko'yda tunashiga to'g'ri kelgan.

Juvel boshqalarning uylarini tozalagan, turistlarga otda yurishni o'rgatgan. Sog'lig'i yomonlashib, boshqa ish qila olmay qolgach, ashula ayta boshlagan.

Avvaliga barlarda qo'shiq kuylagan.

"Juda yosh paytimda jinsiy tajovuz nima ekanini, ulardan o'zimni qanday himoya qilishni o'rganishimga to'g'ri kelgan. Odamlarni ajratishni, o'zim uchun, haqqim uchun kurashishni juda erta o'rganganman", - deydi u.

Shubha, qo'rquvga berilmay yashashni, muvaffaqiyat sari olg'a qadam tashlashni o'rgangan.

U musiqa olamidagi nufuzli "Gremmi" sovrinidan to'rttasini qo'lga kiritgan. 27 milliondan oshiq diski sotilgan. Muhtoj mahallalarni toza ichimlik suvi bilan ta'minlaydigan nodavlat xayriyat tashkilotiga ham asos solgan.

Teng maosh uchun kurashing

Dunyoda xotin-qizlar erkaklar oyligining o'rtacha 60-75 foizini oladi. Amerikada futbolchi ayollar, masalan, erkaklar olgan maoshning 25 foizi to'lanadi. Holbuki, 2015-yilda ayollar futbol jamoasi erkaklar jamoasiga qaraganda ko'proq daromad keltirdi.

2015-yilgi FIFA kubogi chempioni, Olimpiya musobaqalarida ikki bor oltin medal olgan Ebbi Vambax bu borada tenglik uchun kurashayapti.

"Shimoliy Amerika va Qo'shma Shtatlarda buni isbotladik", - deydi u. "Agar ayollar futboliga ko'proq sarmoya kiritsangiz, undanda ziyoda foyda olasiz"

Amerika ayollar futbol terma jamoasining besh a'zosi AQSh Teng mehnat huquqlari komissiyasiga ariza yo'llab, erkaklar bilan birday maosh talab qilmoqda.

Tanlagan yo'lingizdan qaytmang, haqqingizni mahkam tuting, deya undaydi Vambax.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG