Sardoba to'g'onining buzilishi Qozog'istonga qanday ta'sir qildi?

Sardoba to'g'oni buzilgan qismining uzoqdan ko'rinishi

Sardoba suv ombori o’pirilishidan zarar ko’rgan Qozog’iston Toshkentga norozilik notasi taqdim etish niyatida emas.

Avvalroq matbuotda O’zbekistondagi suv ombori to’g’oni buzilishi tufayli bir necha aholi punktlari suv ostida qolgan Qozog’iston tomoni Toshkentga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash, Sardoba to’g’oniga doir batafsil ma’lumotlarni taqdim etishni ko’zda tutgan norozilik notasi jo’natishi haqida xabarlar paydo bo’lgan edi.

Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Aydar Smadiyarovning ma’lum qilishicha, Sardoba suv omboridagi toshqin oqibatlarini hamkorlikda bartaraf etish choralari prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosimjo’mart Tokayevning telefon orqali muloqotida kelishilgan.

Ayni paytda Nursulton bu borada Toshkentga norozilik notasi topshirish rejasida emas, Qozog’istonning suv bosgan Turkiston viloyati hokimi O’zbekistonda xizmat safari bilan bo’lgan. O’zbekiston tomoni mamlakatdagi toshqin oqibatlarini bartaraf etishi ortidan Turkiston viloyatidagi tiklash ishlarida ham qatnashishi rejalangan.

Buni ham ko'ring O'zbekiston Sardoba yuzasidan Qozog'istonga yordam beradi

Sardobadagi suv ombori o’pirilishi ortidan suv qo’shni Qozog’istonga ham o’tgan, Turkiston viloyatining Maqtaaral tumani hududi suv ostida qolgan.

Buning ortidan qo’shni davlat rasmiylari suv oqimi to’xtatilgani haqida bayonot bergan O’zbekiston tomonini noto’g’ri ma’lumot taqdim etishda aybladi. Ta’kidlanishicha, O’zbekiston tomonining noto’g’ri ma’lumotiga tayanmasdan suv bosgan hududda o’tkazilgan evakuatsiya ishlari aholi o’rtasida qurbonlarning oldi olinishiga, mol-mulklarning bir qismini saqlab qolishga xizmat qilgan.

Qozog’iston O’zbekiston tomoniga yetkazilgan zarar miqdorini qoplashga doir norozilik notasi topshirishi haqidagi ma’lumotlar shu xabarlar ortidan yuzaga kelgan edi.

So’nggi vaziyat qo’shni davlatlar vaziyatni norozilik notasisiz o’zaro muzokara orqali hal etish qaroriga kelishganidan darak beradi.

1-may kuni tongda Sirdaryodagi suv ombori o’pirilishi oqibatida viloyatdagi bir necha tumanlarni suv bosdi, uy-joylari suv ostida qolgan minglab aholi xavfsiz joyga ko’chirildi.

Ayni paytda ko’chirilgan aholining ma’lum bir qismi o’z yashash joylariga qaytmoqda; hukumat, shuningdek jamoatchilik miqyosida to’g’on o’pirilishidan aziyat chekkan aholiga ko’mak ko’rsatish ishlari davom etyapti.

Buni ham ko'ring Mirziyoyev: Sardoba toshqini O'zbekiston uchun achchiq saboq

Falokat natijasida qurbonlar soni to’rt nafarni tashkil etgani, bir odam bedarak yo’qilgani xabar qilindi.

Rasmiy ma’lumotga ko’ra, suv ombori o’pirilishi natijasida O’zbekistonda 70 mingga yaqin odam, Qozog’istonda esa 30 ming atrofidagi kishi xavfsiz joyga ko’chirilgan.

Qozog’iston hukumati suv bosishi oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini bir million dollarga yaqin baholagan.

O’zbekiston to’g’on o’pirilishidan yetkazilgan zarar miqdorini hozircha ochiqlagani yo’q, qancha uy, inshoot, suv otida qolgani, yaroqsiz holga kelgani noma’lum. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar etgan infratuzilma ob’ektlariga 8 ta bolalar bog‘chasi, 16 ta maktab, 7 ta tibbiyot muassasasi, 1 ta kollej, 7 ta qabriston, 3 ta masjid, 13 ta respublika ahamiyatidagi ko‘prik, 52 km uzunlikdagi yo‘l, 1 ta dehqon bozori kiritilgan. Shuningdek, 99 ta ko‘p qavatli turar-joy binosiga qisman zarar etgan. Avvalroq, hukumat toshqin asosan ekin maydonlariga zarar yetkazganini bildirgan edi.

Prezident Mirziyoyev suv ombori o’pirilishi ortidan voqea joyiga borib, toshqin oqibatlarini bartaraf qilishga boshchilik qildi. Jabrlangan aholi bilan bir necha bor uchrashdi. Hukumat ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Ayni paytda DXX Sardobadagi suv ombori o’pirilishi yuzasidan jinoiy ish ochgan, surishturuv o’tkazilmoqda.

Prezident Mirziyoyev aholi bilan uchrashuvda falokat sabablarini aniqlashda huquq-tartibot idoralari tekshiruvi natijasini kutish muhimligini ta’kidladi.

Sardobadagi halokat sabablariga doir hozirgacha bo’lgan asosiy izoh “O’zbekgidroenergo” tomonidan berilgan.

Unda ta’kidlanishicha, suv omboridan suv sizib chiqishi tabiiy sharoit, kuchli yomg’ir va shamol natijasida yuzaga kelgan.

Bu izoh ishga tushirilishidan uch yil o’tiboq o’pirilishni boshlagan Sardoba suv ombori halokati sabablariga doir keskin munozaralarga sabab bo’ldi.

“O’zbekgidroenergo”ning falokat sabablariga doir bayonotini keskin norozilik bilan kutib olgan jamoatchilikda mamlakatdagi inshootlar qurilishidagi korrupsiya, o’g’irlik va tanish-bilishchilikka doir vaziyat muhokama qilindi, javobgarlarni aniqlash, jazoga tortish talablari kuchaydi.

Bu borada “Amerika Ovozi”ga gapirgan mutaxassislar ham qurilish tizimi O’zbekistonda korrupsiya avjga chiqqan soha ekanligini, to’g’ondagi o’pirilish sabablari avvalo shunga bog’liqligini ta’kidlab o’tishdi.

Sardobadagi suv ombori 2017- yilda, Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan ishga tushirilgan edi. Yetti yil davomida qurib bitkazilgan bu suv omboriga qancha mablag’ sarflangani yuzasidan rasmiy ma’lumot yo’q. «Gazeta.uz» o’tkazgan surishtiruvga ko’ra, gidroinshoot «O‘zbekiston temir yo‘llari» hisobida bo’lib, Sardoba suv ombori qurilishi uchun 2017-yil 1-yanvar holatiga ko’ra, 1 trln. 306 mlrd. 940 mln. 400 ming so‘m (Markaziy bankning 2017-yil 1-yanvardagi kursi bo‘yicha 404,4 mln dollar) sarflangan.