Breaking News

Mirziyoyev: Sardoba toshqini O'zbekiston uchun achchiq saboq


O'tgan haftadagi tabiiy ofat va favqulodda vaziyatlarda 100 mingdan oshiq aholisi ziyon ko'rgan O'zbekistonda rahbariyat qo'shni Qozog'istonga ham sel oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyor ekanini bildirgan.

Qozog'iston rasmiylari bu masalada Toshkentga murojaat qilganini aytgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkentda so'zlar ekan, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori ochilib ketishida nafaqat mahalliy aholi, balki Qozog'istonning Turkiston viloyatidagi odamlar hayotiga ham zarar yetganini tan olib, yordam berilishini qayd etdi.

Mirziyoyev deydiki, Sardobada nima bo'lgani yuzasidan "xolis va keng qamrovli tergov harakatlari boshlangan".

O'zbekistonda 70 mingdan oshiq, Qozog'iston tomonda esa 30 mingdan oshiq odam evakuatsiya qilingan.

"Xalqimizni ishontirib aytaman, tergov yakunlari bo‘yicha barcha aybdorlar, kim bo‘lishi va egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, qonun oldida javob beradi", - dedi prezident bugungi majlisda.

Buxoro va Sirdaryodagi fojialarda, prezidentning aytishicha, to'rt kishi halok bo'lgan va bir kishi bedarak ketgan, jumladan, Milliy Gvardiyaning ikki xodimi.

"Bu suv toshqini biz uchun achchiq saboq bo‘ldi. Shu sababli suv ombori masalasida biz xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda to‘g‘onning barcha dambalarini chuqur ekspertizadan o‘tkazamiz. Faqat shundan keyingina yakuniy xulosaga kelamiz", - dedi Mirziyoyev.

O'zbekiston Sardoba yuzasidan Qozog'istonga yordam beradi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:40 0:00

"Biz Qozog‘iston Prezidenti, hurmatli Qosim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali bu masalani o‘zaro tushunish va ochiqlik ruhida atroflicha muhokama qilib oldik. Kuni kecha Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev boshchiligidagi delegatsiya voqea joyida bo‘lib, vaziyatni har tomonlama chuqur o‘rgandi".

Ikki xalq azal-azaldan bir daryodan suv ichib, "et bilan tirnoqdek" yaqin yashagan, deydi Mirziyoyev.

"Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qo‘shni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan judayam xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar ko‘rganidan, albatta, biz juda afsusdamiz".

Prezidentga ko'ra, ikki hukumat, har ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, mahalliy hokimliklari, mutasaddi va mutaxassislari ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG