AQShda joylashgan "Freedom House" tashkiloti chiqargan so’nggi hisobotga ko’ra, Markaziy Yevropa, Bolqon va Yevrosiyo bo’ylab demokratiya tanazzulga yuz tutayotgani haqida xavotirlar oshgan. Mintaqadagi ko'plab rahbarlar o'zlarining hokimiyatlari ustidan mavjud demokratik nazorat mexanizmlarini yo’q qilish yo’lidan borayotgani aniqlangan.
"Markaziy va Sharqiy Yevropada demokratiya qoidalarini oshkora poymol qilayotgan yetakchilar soni ortib bormoqda. Ular demokratik institutlarga ochiqdan-ochiq hujum qilmoqda va shaxsiy erkinliklarni cheklash ustida ish olib boryapti", deyiladi guruh e’lon qilgan yillik hisobotda.
“O’tish bosqichidagi davlatlar” deb nomlangan an’anaviy hisobotda yozilishicha, koronavirus pandemiyasi demokratik institutlarga qarshi hujumlarni tezlashtirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda yuzaga kelayotgan sog’liqqa oid inqiroz vaziyatni yanada izdan chiqarishi yoki demokratiyaning ahamiyatini qayta jonlantirishi mumkin, deydi “Freedom House” prezidenti Maykl Abramovich.
Abramovichning umid qilishicha, epidemiya tajribasi "shaffof va hisobdor boshqaruvning muhimligini namoyish etadi va o'zgarishlarga bo'lgan yangi talablarga turtki beradi".
29 mamlakatda demokratiya darajasi eng quyi nuqtada, ya’ni ularga 10 ball berilgan. Butun mintaqa bo’ylab vaziyat esa 16-yildirki, ketma-ket yomonlashib bormoqda.
Hisobotda aytilishicha, demokratik islohotlarning yuzakiligi saylov tizimidagi hiyla-nayranglarda namoyon bo'ladi: amaldagi hukumatlarga, muxolifat tomonidan boykot qilingan parlamentlarga qo’shimcha ustunlik berilgan hamda mustaqil ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatini yomonotliq qilish kampaniyalari ko’paygan.
Shuningdek, sud va qonun ustuvorligi ko'plab mamlakatlarda sudlarni sodiq odamlar bilan to'ldirish va sud mustaqilligini barbod qiladigan cheklovchi qonunlarni qabul qilish orqali ta’minlanmoqda, deyiladi hisobotda.
Sud-huquq tizimi bo’yicha olti mamlakatda vaziyat yomonlashgan. Bular – Chexiya, Gruziya, Latviya, Chernogoriya, Polsha va Slovakiya.
"Gibrid rejimlar"
Demokratik taraqqiyot reytingi bo’yicha bir necha o’rin pastga qulagan mamlakatlar soni oshgan. Masalan, Polsha to’liq demokratik jamiyatdan yarim to’liq demokratik jamiyatga aylangan.
Vengriya, Serbiya va Chernogoriya esa demokratik davlatlar ro’yxatini butunlay tark etib, o'tish davri hukumatlari yoki gibrid rejimlar sifatida tasniflangan.
“Freedom House” hisoboti ilk chop etilgandan beri o’tgan 25 yil davomida eng katta pasayish Yevropa Ittifoqining a’zosi Vengiyada kuzatildi.
So'nggi o'n yil ichida bu mamlakatda demokratiya darajasi keskin pasaygan va Bosh vazir Viktor Orban hisobotda "demokratik institutlarni hurmat qilishni butunlay yig’ishtirib qo’ygan" rahbar sifatida tasvirlangan.
Ittifoqning yana bir a’zosi Polshada so'nggi besh yil ichida sud tizimi mustaqilligi bo’yicha yo’qotishlar kuchaygani qayd etiladi.
Avtoritar rejim sifatida tilga olingan Rossiyada Prezident Vladimir Putin olg’a surgan konstitutsion islohotlar, agar amalga oshsa, Putinning ikki muddatdan ortiq hokimiyatda qolishini ta’minlaydi va qonun ustuvorligi hamda konstitutsion hukumatning asosiy tamoyillarini yo’qqa chiqaradi, deyiladi hisobotda.
Ba'zi joylarda ijobiy o'zgarishlar ro'y bergan. Masalan Kosovo va Shimoliy Makedoniyada so’nggi besh yilda demokratik ko'rsatkich bir necha bor yaxshilangan.
Armaniston, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash va saylovlar bilan bog'liq ijobiy siljishlarga erishib, eng yuqori ball to'plagan.
Ukrainada ham milliy demokratik boshqaruv ko'rsatkichi biroz yaxshilangan. O'zbekistonda esa mayda korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha qo’lga kiritilgan muvaffaqiyatlar ortidan mamlakat reytingida biroz yaxshilanish kuzatilgan.