Liviya: AQSh Rossiyani nima uchun tanqid qilmoqda?

Rossiyaning Mig-29 qiruvchi samolyoti Liviya osmonida. 26-may, 2020.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

26-may kuni AQShning Afrika qo’mondonligi Rossiya Liviyaga qiruvchi samolyotlarini safarbar qilgani haqida yozma bayonot berdi. Moskva shu yo’l bilan 1200 yollanma askarga ega bo’lgan harbiy pudratchisi “Wagner group” qudratini oshirmoqda. Shu yo’sinda isyonchi qo’mondon Xalifa Xaftar tarafida xufyona kurashmoqda.

Xaftar Liviya milliy armiyasi deb atalgan harbiy otryadni tuzib, BMT tomonidan rasman tan olingan, Bosh vazir Fayoz Sarraj boshqarayotgan hukumatga qarshi kurashmoqda.

“Rossiya Liviyada tarozining pallasini o’z tomoniga og’dirib olishga intilmoqda”, - deydi AQShning Afrikadagi kuchlari qo’mondoni Stefen Taunsend.

Bayonotda qayd etilishicha, Rossiya o’zining Liviya urushidagi bevosita ishtirokini yashirish maqdsadida “Wagner”ning yollanma askarlaridan foydalanmoqda. AQSh qo’mondonligiga ko’ra, Moskvaning harbiy aralashuvi Liviyadagi ichki nizolarning uzoq muddatga cho’zilishiga, buzg’unchilikning kuchayishi va har ikki tomondan qurbonlar sonining ortishiga sabab bo’lmoqda.

“Rossiya Liviyada davom etayotgan nizolardagi ishtirokini uzoq vaqt yashirib keldi. Endi buni sir tutishning imkoni yo’q. Biz Rossiyaning ko’plab to’rtinchi avlod qiruvchi samolyotlari Liviya hududiga qo’nganiga guvoh bo’ldik. Liviya milliy armiyasi ham, xususiy harbiy kompaniyalar ham bu samolyotlarni zarur snaryad, qurol-aslaha bilan ta’minlash, ekspluatatsiya qilish va xarajatlarini mustaqil qoplashga qodir emas. Buni Moskvaning aralashuvisiz amalga oshirib bo’lmaydi”, - deydi general Taunsend.

Rossiya samolyotlari dastlab Suriyadagi havo bazasida to’xtagani aytilmoqda. Qiruvchilarning Rossiyaga tegishli ekanini yashirish uchun ular qayta bo’yalgani, bayroqlar surati o’chirilgani ma’lum qilingan. Biroq Rossiyaning bu nayrangiga na xalqaro hamjamiyat, na Liviya xalqi ishonadi.

AQSh Liviya xalqi irodasi bilan tuzilgan hukumatga qarshi kurashayotgan Liviya milliy armiyasini yoqlamaydi. Vashington nizolarga tashqi kuchlar aralashuvini zudlik bilan to’xtatish, xorijiy yollanma kuchlarning jalb etilishiga yakun yasash, qurolli to’qnashuvlarga barham berish va BMT ko’magida siyosiy jarayonlarga qaytishga chaqiradi.

Muammoni urushayotgan tomonlar emas, balki Liviya xalqi siyosiy yo’l bilan hal etishi lozim. Nizoga Rossiya kabi tashqi kuchlar aralashuvi to’xtamas ekan, tinch siyosiy yo’ldan borib bo’lmaydi.