AQShdagi zo'ravon namoyishlar ortida kim turibdi?

  • Amerika Ovozi

Nyu-York shahridagi namoyishlardan biri, 2020-yil, 1-iyun

AQSh bo’ylab politsiya qo’lida halok bo’lgan Jorj Floyd o'limiga qarshi norozilik namoyishlari davom etar ekan, ba’zi rasmiylar yuz bergan zo’ravonliklar uchun ekstremist guruhlarni ayblamoqda.

Minnesota shtati gubernatori Tim Uolz shanba kuni Minneapolisdagi zo'ravon namoyishlar ortida oq tanli irqchilar turganligini aytdi.

Prezident Donald Trump esa zo’ravonlik va talon-tarojlar uchun Antifa deb nomlanuvchi so’l qanot antifashist faollarni aybladi.

Shu bois Trump Antifa harakatini terrorchi tashkilot deb e’lon qilmoqchi ekanini aytdi.

Adliya vaziri Uilyam Barr o'z navbatida Antifa va boshqa shunga o'xshash guruhlar tomonidan sodir etilgan zo'ravonliklar "ichki terrorizm" ekanligini va ularga qarshi keskin kurash olib borilishini ta’kidladi.

Norozilik namoyishlarida ishtirok etganlikda gumon qilingan ekstremistik harakatlar quyidagilardan iborat.

Oq tanli irqchilar

Oq tanli irqchilar - bu oq irqning ustunligiga ishonadigan, immigratsiyaga qarshi bo'lgan va ba'zi hollarda oq bo'lmaganlar mamlakatdan chiqarib yuborilishini targ’ib qiladigan shaxslar va guruhlardir. Bir paytlar Ku-Kluks-Klan va neonatsistlar kabi uyushgan guruhlarga ega bo’lgan harakat so'nggi yillarda zaiflashgan va yetakchisiz jamoaga aylangan. Aksariyat a'zolari onlayn rejimda faoliyat olib boradi.

Ko'plab oq irqchilar zo'ravonlikni targ'ib qilmasa ham, so'nggi yillarda ultra o'ng qanot mafkurasidan ilhomlangan harakat a’zolari turli otishmalarga qo’l urgan. Harakatning zo'ravon elementlari "akseleratorlar" deb ataladi, chunki ular irq urushini boshlashga intilishi bilan tanilgan. Federal Qidiruv Byurosi (FQB) direktori Kristofer Rayning aytishicha, ichki terrorizm bo'yicha tergovlarining aksariyati oq irqchi guruhlarga tegishli.

Bugalo bolalari (Boogaloo Boys)

Bu guruh hukumatga qarshi jangari harakatlarning nisbatan yangi timsoli bo’lib, harakat a’zolari ikkinchi Fuqarolar urushiga tayyorgarlik ko’rayotganini aytadi. Ilon universiteti professori Megan Squirega ko'ra, harakat a’zolari o'zlarini zolim federal hukumat yoki so’l qanot siyosiy kuchlarga qarshi kurashayotgan libertarianlar sifatida targ’ib qiladi.

Antifa

Antifa harakati faollari o’zlarini antifashistlar, ya’ni neonatsistlar va boshqa ekstremistik guruhlarga qarshi kurashayotgan so’l qanot vakillari deb ataydi. Tanqidchilarga ko’ra esa, bu guruh "ekstremal anarxist-kommunistik harakat"dir.

Ijtimoiy tarmoqlarda uyushgan Antifa tarafdorlari namoyishlarda qora kiyim va niqobda paydo bo’lib, ko'pincha zo'ravon to'qnashuvlarga kirishadi.

Antifa xayrixohlari 2017-yil Virjiniya shtatining Sharlotsvil shahrida zo’ravon tus olgan mitingda ham ishtirok etgan edi.

Janubiy qashshoqlik huquq markaziga ko’ra, Antifani nafrat guruhi deb nomlash noto’g’ri, chunki Antifa a'zolari odamlarni irq, din, etnik kelib chiqish, jinsiy orientatsiya yoki jinsga qarab ajratmaydi.

Antifa uyushgan guruh emasligini hisobga olsak, Trump qanday qilib uni terrorchilik tashkiloti deb tamg’alamoqchi ekanligi noma'lum. Adliya vazirligi vakili bu masalaga izoh bermadi.

Anarxistlar

Ham o’ng, ham so’l qanot vakillari orasida tarafdorlarga ega anarxistlar hukumatni noqonuniy deb biladi va tartibsizlik keltirib chiqarishga urinadi. Ular Qo'shma Shtatlarda bir asrdan ko'proq tarixga ega. 1901-yilda anarxistlar Prezident Uilyam MakKinli joniga qasd qilgan.

Bugungi kunda ko'plab yosh anarxistlar antifashistlar harakati va Antifa uyushmalari a’zolari hisoblanadi. Tanqidchilar ko'pincha Antifa izdoshlarini anarxistlar deb ataydi. Trump yaqinda ro'y bergan norozilik namoyishlari ishtirokchilarini ham "radikal so’l anarxistlar" deb ayblagan edi.

"Amerika Qo'shma Shtatlarida biz ko'rayotgan anarxistlarning aksariyati ko’proq progressiv chap qanotga moyil bo'ladi", - deydi Kaliforniya Davlat universitetining jinoyat ishlari bo'yicha professori Brayan Levin.

Ammo o’ng qanot guruhlar orasida ham anarxistlar bor. Ko'rfaz hududi milliy anarxistlari guruhi, masalan, kelajakda irqlar urushi boshlanib, uning nihoyasida faqat oqlar yashovchi “milliy avtonom zonalar” paydo bo’lishini bashorat qiladi.