Irqchilikka qarshi namoyishlarda politsiyani qoralovchi shiorlar ko'p. Norozi omma aynan qanday o'zgarishlar xohlaydi? Ayrimlar politsiya daf bo'lsin, deydi. Lekin bu ko'pchilikning fikri emas.
"Gap politsiyani yo'q qilish haqida ketmayapti. Tartib va xavfsizlikni saqlovchi kuch kerak albatta. Huquq-tartibot zarur. Ularga muhtojmiz va zarur bo'lganida, murojaat qila olishimiz kerak. Lekin biz ularga ishonishimiz, ularni adolatli kuch sifatida ko'ra olishimiz kerak. Politsiya fuqaroni azoblaydigan yoki uni o'ldiradigan organ bo'lmasligi kerak", - deydi Beverli Hill ismli amerikalik.
Shiorlar, lozunglar, hayqiriqlar, hayajon va shovqin. Bular e'tiborni jalb etmay qolmaydi, jamiyatni o'ylantiradi. Maqsad - muammolarga yechim topish, ularni hal etish, deydi mana bu vashingtonlik, Barret Bamford.
"Politsiyaga pul bermang, degan chaqiriq nima degani o'zi? Ularni tamoman yo'q qilamiz, degan ma'noni anglatmaydi men uchun. Ularni isloh qilaylik, faoliyatini qayta ko'rib chiqaylik, politsiya kasaba uyushmalari bilan yangicha kelishuv zarur, demakdir".
Boshqalar ham namoyishlardagi talablar darhol amalga oshsin, norozi omma nima desa, hukumat shu yo'ldan borsin, deb hisoblamaydi. Siyosatni ko'rib chiqing, muammolarga qarang, deydi ular.
Buni ham ko'ring Namoyishlar ichida iqtisodiy xushxabar"Meni shiorlar xavotirga solmaydi", - deydi Ellis Uilder ismli vashingtonlik.
"Lekin shiorlar yechim ham emas. Shior odamlarni o'ziga qaratishi mumkin lekin ular real hayotda o'z aksini topishi lozim deb o'ylamayman. Biroq ularning mazmun-mohiyati bor".
Politsiya adolatli bo'lmasa, nega kerak? Qora tanlilar hayotiga befarq bo'lsak, biz ham jamiyatmizmi? Muhimi, qonun hurmat qilinsin, huquq ta'minlansin, deydi bu amerikalik.
Loqaydlik, befarqlik hech bir jamiyatni hech qachon yaxshilikka yetaklamaydi, deydi Ellis. Amerikani boshqarayotgan sistema qay ahvolda? Qayerda qanday islohot zarur? Namoyishchilar shunga e'tibor qaratmoqda, deydi u.
"Jazoni o'tash tizimi, qamoqxonalarning xususiy bizneslar qo'lida ekani - irqchilik eng chuqur ildiz otgan jabhalar. Politsiya kuchli qurollangan organ. Men bunday bo'lmasin, degan bo'lardim".
Kongress, Oq uy va shtatlarning hokimiyatlarida hozir politsiya islohoti bo'yicha jiddiy muhokamalar boshlangan. Namoyishlarning asosiy samarasi hozircha shu. Hukumat ogoh. Rahbarlar irqchilik sistematik degan xulosaga har doim ham qo'shilmasa-da, adolatsizliklarni tan oladi.
Deyvid Merrivizer, vashingtonlik:
"Inson borki, ezgulikni targ'ib qilishi kerak, hamisha. Qarang, hamma shu yerda - oq, qora va boshqalar. Hammaning og'zida bir gap: adolatsiz tinchlik yo'q. Chunki bu haqiqat".
Namoyishchilar kamaygan lekin talablar va shiorlar o'zgarmagan.