Isroil 1-iyul kuni G'arbiy Sohilning bir qismini o’z hududiga qo'shib olish rejasini amalga oshirishni boshlashi kutilyapti. Bu esa xalqaro hamjamiyat va qo’shni davlatlarni, xususan, Iordaniyani xavotirga solmoqda.
Iordaniya qiroli Abdulloh II 21 yillik hukmronligi davrida eng jiddiy sinovga duch kelishi mumkin. U agar Isroil bu yo’ldan qaytmasa, ikki davlat o’rtasida tuzilgan tinchlik bitimi bekor qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Iordaniyalik tahlilchi Usama Al-Sharifga ko’ra, Isroilning o’zida ham rejaga qarshilik kuchayib bormoqda. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu 1967-yilda egallab olingan G'arbiy Sohilning 30 foizini, jumladan, isroilliklar yashaydigan aholi punktlarini Isroil suverenitetiga o’tkazishga va'da bergan. U buni AQSh Prezidenti Donald Tramp taklif qilgan tinchlik rejasi asosida amalga oshirayotganini da’vo qiladi.
Falastinliklar esa Isroil harakatini keskin qoralab, xalqaro hamjamiyatni Isroilga qarshi sanksiyalar qo'llashga va Falastinni davlat sifatida tan olishga chaqirmoqda.
Al-Sharifning so'zlariga ko'ra, Isroilning qo’shma hukumati a'zolari, oddiy aholi vakillari va hatto yahudiy punktlarida yashovchilar, shuningdek, sobiq generallar va xavfsizlik rasmiylari G’arbiy Sohilni qo’shib olishning siyosiy badali va uzoq muddatli xavfsizlikka salbiy ta’siri og’ir bo’lishi haqida ogohlantirmoqda.
Al-Sharif "Amerika Ovozi"ga Netanyaxu o'z taklifini qayta ko'rib chiqishga majbur bo'lishi mumkinligini aytdi.
"Endi biz Netanyaxu taklif qilayotgan versiyadan ancha qisqartirilgan rejani ko’ryapmiz. Netanyaxu Trampning tinchlik rejasidan o’zi xohlagan qismlarini olib, qolganini qoldirmoqda. Amalga oshsa ham, endi bu ish Quddus atrofini o'rab turgan Isroilning bir nechta aholi punktlari ustidan suverenitetni kengaytirish bilangina cheklanishi va hozirgi bosqichda Iordan vodiysini istisno qilishi mumkin", - deydi ekspert.
O'tgan oy Iordaniya qiroli Abdulloh Germaniyaning “Der Spiegel” jurnaliga bergan intervyusida, "agar Isroil haqiqatdan ham G'arbiy Sohilni iyul oyida qo'shib olsa, bu Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi bilan katta to'qnashuvga olib keladi", deb aytgan. U javob chorasi sifatida "barcha imkoniyatlarni" o'rganayotganini ta’kidlagan.
Vashingtondagi Brukings Instituti katta ilmiy xodimi Bryus Reidelning aytishicha, Iordaniya javob tariqasida 1994-yilda tuzilgan tinchlik shartnomasini, xavfsizlik kelishuvlarini, shuningdek, Isroil bilan 10 milliard dollarlik tabiiy gaz shartnomasini bekor qilish yoki Iordaniyaning elchisini Tel-Avivdan chaqirib olish kabi choralarga qo’l urishi mumkin.
Ayni paytda Iordaniya anneksiyani bekor qilish uchun diplomatik kanallarni ishga solmoqda.
Xalqaro bosim ham oshib bormoqda. Germaniya Isroilning qoshib olish rejasini "xalqaro huquqqa zid" deb atab, uning oldini olishni o’zi uchun "ustuvor vazifa" deb bilishini aytdi.
Birlashgan Arab Amirliklarining Vashingtondagi elchisi Yusuf al-Otaybaga ko’ra, Isroilning bu ishi yahudiy davlatning arab dunyosi va BAA bilan aloqalarni yaxshilashga bo'lgan intilishlarini yo’qqa chiqaradi.
Iordaniya va boshqa arab davlatlari fikricha, anneksiya Falastinning alohida davlat bo’lish istiqboli uchun ochilgan eshiklarni butunlay yopib, Falastinda zo'ravonlik kuchayishiga olib kelishi mumkin.