15-iyun kuni "Amerika Ovozi" direktori va o'rinbosari o'z xohishi bilan lavozimdan ketgan edi. 17-iyun kuni esa bu tashkilot kiruvchi AQSh Global Media Agentligining yangi rahbari Maykl Pek tizimdagi yana uch OAVning boshliqlarini ishdan oldi - "Ozodlik" radiosi prezidenti Jeymi Flay, "Erkin Osiyo" radiosi prezidenti Bey Feng va Yaqin Sharq Teleradiosi prezidenti Alberto Fernandezni.
Trampparast deya ta'riflangan Pek agentlikka Oq uyga sodiq menejerlarni olib kelib, jurnalistik tamoyillar va nufuzni buzadi, degan xavotir hukmron.
Biroq kecha Pek agentlik xodimlariga, jumladan "Amerika Ovozi" jamoasiga yo'llagan xatida mustaqillik kafolatlanganiga urg'u berib, asosiy maqsad tizimni isloh qilish, uni effektivlashtirish va har bir tashkilot o'z missiyasini sidqidilgan bajarishi uchun sharoitni yaxshilash va imkoniyatlarni kengaytirish, deya ta'kidlagan.
AQSh Global Media Agentligidan oldin bu organ AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi deb atalar va boshqaruv kengashiga ega edi. Agentlik rahbari bu kengashning raisi edi. Lekin organ o'tgan ikki yil ichida isloh qilinib, uning nomi yangilandi va kengashga barham berildi.
Maykl Pek - strukturaviy jihatdan yangilangan tizimning yangi rahbari. Shu bois, deya bildiradi uning idorasi, hozirgi o'zgarishlarni qilishga haqli, jumladan ungacha bo'lgan rahbarlarni ishdan olish vakolatiga ega. Boshqa biror sabab ko'rsatilmagan. Pekning maslahat kengashi bo'ladi. Barcha katta qarorlar bu kengash orqali qilinadi.
Maykl Pekni bu lavozimga Oq uy tanlagan, lekin Senat tasdig'idan o'tishi ancha qiyin kechdi. Demokratlar unga ishonch bildirmadi.
Senat Tashqi aloqalar qo'mitasidagi eng nufuzli demokrat Bob Menendez nazarida Pek AQSh Global Media Agentligining mustaqilligi va jurnalistik prinsiplariga xavf solmoqda.
Demokrat kongressmen Eliot Engel fikricha, Pek agentlikning azaliy va ishonchli vazifalarini chetga surmasligi kerak. Xolis axborot berish, matbuot erkinligi yo'q jamiyatlarga zarur informatsiya olib kirish singari o'ta muhim ish bu, deydi kongressmen.
Agentlik Kongress tomonidan moliyalanadi, lekin u va unga kiradigan biror tashkilot hukumat iznida emas. Qonun ularning mustaqilligini kafolatlaydi va davlatning bu OAVlar ishiga aralashishini man etadi.
Oq uy "Amerika Ovozi" Xitoydagi pandemiya holatini qanday yoritganidan norozi. Tashkilot xolis axborot berishini qayd etib, tanqidni asossiz deya baholagan.
Buni ham ko'ring Kongress moliyalashi "Amerika Ovozi" AQShni tanqid qila olmaydi degani emasMaykl Pek Senatda gapirganida va xodimlarga murojaatida "Amerika Ovozi" missiyasi va maqsadlarini himoya qilishga so'z berib, jurnalistlarni mustaqil va jasoratli professionallar deb atadi.
"Mening maqsadim - sizga o'z vazifangizni bajarishda ko'maklashish va yetakchilik qilish", - deydi Pek.
Pek yaqingacha hujjatli filmlar ishlab chiqaruvchi firmani yuritgan. Undan oldin esa turli xalqaro tele va radio loyihalarda ishlagan. O'zini bu sohada pishgan mutaxassis deb biladi.