AQSh kompaniyalari Xitoy aloqa texnologiyasidan voz kechmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh kommunikatsiya infratuzilmasida Xitoyning taqiqqa uchragan kompaniyalari mahsulotini ishlatmaslik haqidagi qonun kuchga kirishi bilan o’nlab Amerika kompaniyalari “Huawei” va ZTE texnologiyalarini almashtirish majburiyati ostida qoldi.

Jim Keyl 18 yildan beri kommunikatsiya sohasida ishlaydi. Hozir mahalliy aloqa kompaniyasi rahbari. O’z sohasini juda yaxshi biladi.

“Ko’p narsa o’zaro ishonch va aloqaga bog’liq. Chet joylarda Xitoy uyoqda tursin, Amerika shahridan kelgan bo’lsangiz ham shubha bilan qarashadi”, - deydi u.

2013-yil Huawei ularga hamkorlik taklifi bilan chiqqanda, Keyl, tabiiyki, shoshmadi. Bu kompaniyani hatto deyarli tanimasdim, deydi u.

Ammo narxi raqobatchilar taklifining uchdan biriga teng edi. Bu esa Keyl uchun yuzlab ming dollar tejash degani. Shunda ham u Xitoy kompaniyasi bilan biznes qilishga shoshmadi.

“O’sha paytda ham xavfsizlik bo’yicha xavotirlar bor edi. Shu haqda gapirishni boshlashgan paytlar. Lekin tekshirganimizda xavfsizlik uchun tahdid degan gaplar tasdig’ini topmadi. Shundan so’ng qaror berdik”, - deydi Keyl.

“Huawei” jihozlari bilan qancha mijozga xizmat ko’rsatasiz?”, - deya so’raymiz LHTC kompaniyasi vakilidan.

“Uyiga shu jihozni o’rnatgan 1000-1100 mijozimiz bor”, - deydi u.

“Internet uchun ishlatishadimi yoki televizorga?”

“Har ikkalasiga ham”, - deydi kompaniya xodimi.

Huawei jihozlari 2014-yildan kela boshladi. Keyl ularning sifati va xizmat ko’rsatishidan qoniqdi. Ammo xavfsizlikka oid xavotirlar to’xtamadi. Xitoy bilan aloqalar yomonlashishi ortidan Tramp Xitoy aloqa texnologiyalaridan voz kechish haqidagi qonunni imzoladi.

“Huawei” kompaniyasi ayblovlarni inkor etib, hech qanday noqonuniy ish qilmaganini aytadi.

Ekspertlarga ko’ra, Xitoy siyosiy rejimiga xizmat qiladigan kompaniyalardan ehtiyot bo’lgan yaxshi.

“Dalil topish juda qiyin. Ayniqsa, nozik dasturiy ta’minotlarda buni aniqlash mushkul. Kodlarda juda ko’p kamchiliklar uchrasa, qaysi biri tabiiy xato va qaysinisi qasddan yaratilgan tuynuk ekanini qayerdan bilasiz?” – deydi Xalqaro kompyuter fanlari instituti tadqiqotchisi Nikolas Viver.

Federal Kommunikatsiya komissiyasi talabi bilan Keyl qilinadigan ishlar haqida hisobot topshirdi. Unga ko’ra, “Huawei” texnologiyasini almashtirish bir yil vaqt olib, 600 ming dollarga tushadi hamda 2000 xonadonga optik tolali aloqa yetib borishini kechiktiradi. Milliy xavfsizlik uchun bu o’zgarishlarni qilishga roziman, deydi Keyl.

“Tarmog’imizni xavf ostiga qo’yish niyatida emasmiz. Pul topish uchun milliy xavfsizligimizni ham tahdid ostida qoldirishni xohlamaymiz”, - deydi u.

Xarajatlarni qoplash uchun federal hukumat bir milliard dollar ajratmoqda. Komissiya esa kerakli mablag’ ikki milliarddan oshishini aytib, qo’shimcha yordam uchun Kongressga murojaat qildi.

Aloqa kompaniyalari masala tezroq hal bo’lishini istaydi. “Huawei” Keyl kompaniyasiga xizmat ko’rsatishni allaqachon to’xtatgan. Bu uning biznesiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

Keylga ko’ra, “Huawei” texnikasi arzon bo’lishi mumkin, ammo buning siyosiy chiqimi qimmatga tushmoqda. Kelajakda u Xitoy kompaniyalari bilan ishlamoqchi emas.

“Texnologiyani o’rnatib, hamma pul, vaqt va mehnatni sarflab, so’ng uni yana olib tashlashni xohlamayman. Xavotirim shunda”, - deydi u.